Xorazm viloyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xorazm viloyati
Mamlakat Oʻzbekiston
Maʼmuriy markazi Urganch
Hokim Joʻrabek Rahimov
Aholi (2022) 1,924,167
Maydoni 6 300 km²
Xorazm viloyati xaritada
Xorazm viloyati, Xarita
Soat mintaqasi UTC+5
Qisqacha Jaloliddin Manguberdi ordeni.jpg
Kod ISO 3166-2 UZ-XO
Avtomobil raqami kodi 90
Rasmiy sayti xorazm.uz
Koordinatalari: 41°20′0″N 61°0′0″E / 41.33333°N 61.00000°E / 41.33333; 61.00000 G O

Xorazm viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1925-yil fevraldan 1938-yil yanvargacha Xorazm okrugi, 1938-yil 15-yanvarda viloyat maqomiga oʻtkazilgan. Umumiy maydoni — 6 300 kvadrat kilometr.

Ma’muriy-hududiy tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Respublikaning shimoli-gʻarbida, Amudaryo quyi oqimining chap sohilida. Shimoliy va shimoli-sharqdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, janubiy va janubi-gʻarbdan Turkmaniston, janubi-sharqdan Buxoro viloyati bilan chegaradosh. Tarkibida 11 qishloq tumani (Bogʻot, Gurlan, Urganch, Xiva, Xonqa, Shovot, Yangiariq, Yangibozor, Qoʻshkoʻpir, Hazorasp va Tuproqqal’a), 3 shahar (Urganch, Xiva, Pitnak), 7 shaharcha (Gurlan, Xonqa, Chalish, Shovot, Yangibozor, Qoʻshkoʻpir, Hazorasp), 100 qishloq fuqarolari yigʻini bor. Viloyat 11 ta tumanga ajratilgan, maʼmuriy markazi - Urganch shahri. Viloyatning boshqa katta shaharlari — Xiva va Pitnak[1].

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Viloyat aholisi 1 930 747 kishi, taxminan 60 foizi qishloq joylarda yashaydi. Hududlar kesimidagi aholi soni[2]:

Aholisining etnik tarkibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimda Xorazmda yashovchi oʻzbek qabilalari bir necha etnik guruhlar boʻlib, ular Abulgʻoziy Bahodirxon (1643-1664) tomonidan 4 guruh (toʻp)ga boʻlingan. Har bir guruhga 2 qabila (birinchi guruhga uygʻur va nayman, ikkinchisiga qoʻngʻirot va qiyot, uchinchisiga nukuz va mangʻit, toʻrtinchisiga qangʻli va qipchoqlar) birlashtirilgan. Shuningdek, bir necha qabila qoldiqlari (jaloyir, kenagas, doʻrmon, yuz, ming, shix, qatagʻon) va ayrim etnik guruhlar (alieli, xoʻjaeli va sayidlar) mavjud boʻlgan. Amudaryodan suv oladigan kanallar va sugʻoriladigan yerlarning katta qismi shu qabila va urugʻlarga taqsimlab berilgan va ular asta-sekin oʻtroqlashib, dehqonchilik bilan shugʻullanganlar. Qolgan guruhlar Xorazmda juda kam boʻlib (bular qoʻngʻirotlar va boshqalar) viloyatning Gurlan va Shovot tumanlari, mangʻitlar Gurlan tumani va Shovot tumani (AnbarManaq)da, qiyotlar Shovot tumanida, qipchoqlar Urganch, Shovot va Qoʻshkoʻpir tumanlari, doʻrmonlar Urganch va Shovot (Anbar Manaq) tumanlarida, xidireli Urganch va Xivada, toma Xonqa va Bogʻot tumanlarida joylashgan.

Iqtisodiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Viloyatda 32 ta xorijiy investitsiyali qoʻshma korxona faoliyat yuritadi. Ular budjeti 1997-yilda 301,7 million AQSh dollarini tashkil etdi. Viloyat iqtisodiyoti paxtani qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatiga asoslangan. Koʻp sonli paxta tozalash zavodlari, neft qazib oladigan va ipak yigiradigan fabrikalar, toʻqimachilik va vinochilik korxonalari va hokazolar. Shuningdek, qurilish materiallarini ishlab chiqarish taraqqiy etgan. Xiva gilam fabrikasida tayyorlangan gilamlar butun dunyoga mashhur.

Mashinasozlik va toʻqimachilik tarmoqlari rivojlanib bormoqda. Mahalliy qishloq xoʻjaligining asosiy yoʻnalishi — albatta, paxtadir. Boshoqlilar, ayniqsa, guruch yetishtirish soʻnggi bir necha yilda keskin oshdi. Shuningdek, koʻplab bogʻ va uzumzorlar, qovun va qovoq plantatsiyalari bor, kartoshka dalalari butun viloyatni qamrab olgan. Shakar tozalash zavodi qurilishi rejalashtirilmoqda. Viloyat iqtisodiy jihatdan oʻsishga tayyor.

Mazkur sohalarga eʼtibor qaratilsa, quyidagilarga erishish ehtimol qilinmoqda:

Paxta, ipak xom ashyosi va boshqa mahalliy zaxiralardan foydalanadigan mavjud korxonalarni taʼmirlash, texnik zamonaviylashtirish va kengaytirish. Paxta tolasini qayta ishlash jarayonini yaxshilash va oshirish, ip, gazlama, paxta yigiruv ipi va gilamlar tayyorlash va eksport qilish zarur.

Mavjud oziq-ovqat sanoati tarmoqlarini yangilash va yangilarini, ayniqsa, mevalar, uzum, sabzavot, qovun va qovoq bilan bogʻliq korxonalarni tashkil etish. Goʻsht-sut mahsulotlariga asoslangan korxonalar kengaytirilishi kerak.

Oʻrab-joylash uskunalarini ishlab chiqarish. Idish materialarining yetishmasligi — eksportga moʻljallangan tomat pastasi, oʻsimlik yogʻi, turli turdagi jem va marmeladlar ishlab chiqarish yoʻlida jiddiy toʻsiq boʻlmoqda.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun viloyatga xorijiy investitsiyalar koʻrinishida qariyb 52,1 million AQSh dollari zarur. Xorazm viloyati temiryoʻllari umumiy uzunligi 130 km dan ortiq. Viloyat Rossiyaning Yevropa qismi va Kavkaz bilan temiryoʻl orqali bogʻlangan. Yoʻllarning umumiy uzunligi — 2 300 km, shoh koʻchalar 2 000 km masofaga yastangan. Viloyat aviareyslari Xorazmni butun Markaziy Osiyo, shuningdek, Rossiya mintaqalarining katta qismi va MDH bilan birlashtiradi. Xiva — xalqaro sayyohlikning katta markazi. 1997-yilda Xiva oʻzining 2500-yilligini nishonladi. Xiva atrofida sayyohlikni yanada rivojlantirish uchun koʻp ishlar qilindi.

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqlimi keskin kontinental, oʻrtamiyona sovuq qish va quruq issiq yoz boʻladi. Viloyat choʻl zonasida, Xorazm vohasining gʻarbiy qismida, oʻrtacha 100 m balandlikda joylashgan. Relyefi pasttekislikdan iborat. Amudaryo qadimgi deltasining bir qismi boʻlib, daryo yotqiziqlaridan tashkil topgan. Qoraqum choʻliga tutashgan gʻarbiy va janubi-gʻarbiy qismi qum bilan qoplangan. Foydali qazilmalardan ohaktosh, qum, gil va boshqa qurilish materiallari bor. Qishi moʻtadil sovuq, qor kam yogʻadi, yanvarning oʻrtacha temperaturasi −5°, eng past temperatura −32°. Yozi issiq, quruq, iyulning oʻrtacha temperaturasi 30°, eng yuqori temperatura 47°. Vegetatsiya davri 200-210 kun. Yiliga 78-79 mm yogʻin tushadi, asosan, mart-aprel oylarida yogʻadi. Shimoliy va shimoli-sharqiy shamollar esadi. Yagona daryosi — Amudaryo viloyat hududida keng vodiy boʻylab oqadi, qirgʻoqlari past, shu sababli toshqin boʻlib turadi. Toshqinga qarshi dambalar qurilgan. Amudaryo suvidan yirik kanallar yerdamida ekinlarni sugʻorishda foydalaniladi. Viloyat janubida mayda shoʻr koʻl, botqoqlik va shoʻrxok koʻp. Tuproqlari Amudaryoning allyuvial yotqiziqlaridan tashkil topgan. Daryo vodiysida oʻtloqi va oʻtloqi-botqoq tuproqlar, gʻarbida qumliklar uchraydi. Sugʻoriladigan yerlarda, asosan, boʻz tuproq boʻlib, kuchli shoʻrlangan. Viloyat hududining asosiy qismi haydaladigan yerlar. Amudaryo qirgʻoqlaridagi toʻqayzorlarda terak, tol, jiyda, yulgʻun, kandir, qumliklarda saksovul va boshqa oʻsimliklar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan, asosan, kemiruvchilar, sudraluvchilar, toʻqayzorlarda toʻqay mushugi, chiyaboʻri; qushlardan toʻrgʻay, oʻrdaklar, kulrang gʻoz, oqqush, birqozon, baliqchi, dehqonchumchuq, qizilishton, zargʻaldoq va boshqalar bor. Suv havzalarida ondatra va nutriya iqlimlashtirilgan.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (96,3 %), shuningdek, turkman, rus, qozoq, tatar, koreys, qoraqalpoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 231,6 kishi. Shaharliklar 321,7 ming kishi, qishloq aholisi 1091 ming kishi (2004).

Hududiy boʻlinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorazm districts.png
Tuman nomi Tuman markazi
1 Bogʻot tumani Bogʻot
2 Gurlan tumani Gurlan
3 Xonqa tumani Xonqa
4 Hazorasp tumani Hazorasp
5 Xiva tumani Xiva
6 Qoʻshkoʻpir tumani Qoʻshkoʻpir
7 Shovot tumani Shovot
8 Urganch tumani Qorovul (qishloq)
9 Yangiariq tumani Yangiariq
10 Yangibozor tumani Yangibozor (Yangibozor tumani)
11 Tupproqqalʼa tumani Pitnak

Xoʻjaligi va sanoati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorazm viloyati iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi bilan birga sanoat ham salmoqli oʻrinni egallaydi. Paxta tolasi, kalava ip, gilam, oziq-ovqat mahsulotlari, mashina uskunalari eksport qilinadi. Viloyatda paxta tozalash sanoati rivojlangan (barcha tuman markazlari va Urganch shahrida paxta tozalash zavodlari bor). Gurlan, Bogʻot, Xonqa, Urganch, Xiva va Hazoraspda toʻqimachilik, pillachilik, tikuvchilik; Xivada gilam fabrikasi, „Xiva gilami“ aksiyadorlik jamiyati ishlab turibdi. Faoliyat koʻrsatayotgan jami korxona va tashkilotlar 13748 ta. Mikrofirmalar soni 11340 dan ziyod (2004).

Viloyatda 36 qoʻshma korxona va ularning filiallari ishlab turibdi. Oʻzbekiston — Turkiya „Bagat Tekstil“, „Xorazm-Nurtop“, „SemurgʻSanTe“, „Xorazm Tekstil“, „Memgilam“; Oʻzbekiston — AQSh „Amerozindustriyes“, „Xiva malikasi“, „Nurlayt“, „Rahnamo Hyp“; Oʻzbekiston - Germaniya „Unixo“, „OʻzOlmonXotelz“, „Xiva Karpet“; Oʻzbekiston-Britaniya „Xiva“; Oʻzbekiston-Rossiya „NamunaAgrofud“; Oʻzbekiston - Italiya „Meva“; Oʻzbekiston-Ukraina „KiyevXorazm“; Oʻzbekiston — Xitoy „Aziya Tekstil LTD“; Oʻzbekiston-Turkmaniston „GʻayratXumoyun“ va boshqa shular jumlasidandir.

Qishloq xoʻjaligi asosini paxtachilik va gʻallachilik tashkil etadi. Polizchilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik, pillachilik ham rivojlangan. Shirkat, ijapa va xususiy fermer, dehqon xoʻjaliklari, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyat koʻrsatadi. Viloyatda jami ekin maydoni 232,1 ming ga, shundan 129,4 ming ga qishloq xojaligi shirkatlari (69 ming ga yer xususiy fermerlar, 33,7 ming gektar yer dehqon xoʻjaliklari)ga tegishli. Umumiy yer fondining 38,4 % haydaladi, 18,2 % yaylov, oʻtloq, 1,3% bogʻ va tokzor; oʻrmon va changalzorlar 9,6 % ni, tutzorlar 0,9 %ni tashkil etadi.

1991—2003-yillarda kanal va ariqlar rekonstruksiya qilinib, suv yoʻllarining umumiy uzunligi koʻpaydi. Xorazm viloyatidagi shoʻr suvlar viloyat tashqarisiga zaxkashlar orqali chiqarib tashlanadi. Viloyatda irrigatsiya va melioratsiya ishlariga alohida eʼtibor berib kelinmoqda.

Jami ekin maydonining 102,3 ming gektariga paxta, 86 ming gektariga don, 3 ming gektariga kartoshka, 9 ming gektariga sabzavot ekiladi (2003). Don (asosan, bugʻdoy, sholi) yetishtiriladigan maydonlar kengaydi. Xorazm viloyati mamlakatda sholi yetishtirish boʻyicha 1oʻrinda turadi.

Viloyat xususiy va jamoa xoʻjaliklarida 492,3 ming qoramol (shu jumladan, 202,1 ming sigir), 247,1 ming qoʻy va echki, 1437,6 ming parranda boqiladi. 6500 dan ziyod fermer xoʻjaligi chorvachilikka ixtisoslashgan. Urganch, Xiva parrandachilik fabrikalari faoliyat koʻrsatadi. Xorazm viloyatida Paxtachilik ilmiy tadqiqot stansiyasining paxtachilik-bedachilik zonal kompleks tajriba styasi (Urganch shahrida), Qoraqum ilmiy tadqiqot stansiyasi, paxta navlarini tajriba qilish uchastkasi (Xiva tumanida), mevali daraxtzorlar koʻchatzori, oʻrmon koʻchatzori (Urganch tumanida) va boshqa bor.

1996—2004-yillarda Islom Bobojonov, Masharip Quvoqov, Bekturdi Jumaniyozov, Vera Pak, Anor Mahmudova „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoniga sazovor boʻldilar.

Transporti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorazm viloyati orqali Toshkent - Moskva, Dushanbe - Moskva temiryoʻl oʻtgan, Urganch — Toshkent yoʻnalishida poyezdlar qatnaydi. Transport yoʻli uzunligi 128 km (2004). Amudaryo ustiga qurilgan Hazorasp temiryoʻl koʻprigi ishga tushirilib (Hazorasp yaqinida, 2004), Hazorasp — Miskin — Toshkent temiryoʻl masofasi qisqardi. Koʻprik har sutkada 14 poyezd, 20 ming avtomobil oʻtkazish imkoniyatiga ega. Koʻprik strategik ahamiyatga ega. Viloyatdagi qattiq qoplamali avtomobil yoʻllarining uz. 2750 km (2004). Xiva - Urganch yoʻnalishida trolleybus qatnovi (1997-yildan) yoʻlga qoʻyilgan. Urganch, Xiva shaharlaridan Toshkent, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Nukus va boshqa shaharlarga avtobuslar katnaydi. Urganch shahri xalqaro va mahalliy yoʻnalishlar aeroportlaridan xorijiy davlatlar (shu jumladan, Parij, Tokio, Munhen, Tel-Aviv, Moskva, Simferopol va boshqalar) shuningdek, Toshkent, Nukus va boshqa shaharlar bilan muntazam aviatsiya aloqasi oʻrnatilgan. Viloyat orqali Oʻrta Osiyo — Markaz, Buxoro — Ural, Turkmaniston — Rossiya xalqaro gaz magistral quvurlari oʻtkazilgan.

Maorif, madaniyat, sogʻliqni saqlash va sport[tahrir | manbasini tahrirlash]

2003/04-oʻquv yilida 537 umumiy taʼlim maktabi (shu jumladan, 47 ixtisoslashgan maktab, gimnaziya, internat maktabi) boʻlib, 335,4 mingga yaqin oʻquvchi taʼlim oldi. 1997-yilda Xorazm tasviriy va amaliy sanʼati litseyi ochildi. Viloyatdagi 57 kasb-hunar kolleji va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida 34 mingdan ziyod talaba oʻqiydi (2004).

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan Xorazm Ma'mun akademiyasi qayta tiklandi, pedagog kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan viloyat pedagogika instituti (1935 — 1992) Al-Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universitetiga aylantirildi. Urganch davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialida 7460 talaba taʼlim oladi (2004). Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi arxeologiya mintaqaviy boʻlimi, paxtachilik, Qoraqum ilmiy tadqiqot stansiyalari faoliyat koʻrsatadi. Xorazm viloyatida Xiva davlat „Ichan qalʼa“ tarixiy-meʼmorlik muzey-qoʻriqxonasi va uning filiallari, 424 jamoat kutubxonasi (5 mln. asar), 302 klub muassasasi, madaniyat uylari va saroylari, 10 ga yaqin madaniyat va istirohat bogʻi, Xorazmiy, Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Avesto yodgorlik bogʻ-majmualari, „Orazibon“, „Avazxon“, „Doston“ folklor-etnografik xalq dastalari, "Muborak, „Yulduz“, „Navbahor“, „Xiva naqshlari“ ashula va raqs dastalari, milliy dorbozlar guruhi, koʻplab badiiy havaskorlik jamoalari bor. Ogahiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatri, viloyat qoʻgʻirchoq teatri (Xiva shahrida) ishlab turibdi.

Xorazm musiqiy hayoti Xorazm vohasida qadimgidan yashab kelayotgan xalqlarning turmush tarzida muhim oʻrin egallagan. Qadimgi Xorazm hududidagi Qoʻyqirilgan qalʼa, Tuproqqalʼa, Qirqqiz qalʼa kabi istehkomlardan topilgan va asl nomlari saqlanmagan torli (dutorsimon, changkanora, arfaga oʻxshash), damli (nay, mizmar), zarbli (daf va nogʻoraga oʻxshash) cholgʻu sozlarni ushlagan ayol va erkaklar tasvirlari tushirilgan tangalar va ganch haykalchalar bu voha musiqa sanʼatining ildizlari juda qadimgi ekanligidan dalolat beradi. VIII asr boshidagi arablar istilosi oqibatida Qadimgi Xorazm madaniyati va sanʼati xarobalikka yuz tutib, islom madaniyatining yangi anʼanalari taraqqiy eta boshladi. Xorazmiy, Beruniy, Abu Abdullo ibn Yusuf Xorazmiy (X asr) va boshqa olimlarning qomusiy asarlarini musiqaga bagʻishlangan qismlarida musiqani hisob ilmining tarkibiy boʻlagi va uni inson ruhiyatiga taʼsiri taʼriflanadi. „Mafotix ululum“ asarida oʻsha davrdagi mavjud cholgʻular: ud, changkanora, qanun, tanbur, mizmar, argʻanun, nay, surnaylarning nomlari keltirilgan. Oʻsha davrda Gurganjda cholgʻu asboblar yasovchi ustalar mahallasi boʻlgan.

Muhammad Xorazmshoh davrida (1200-1221) mashhur sozanda ustod Mahmud, Yusufbek Dutoriy kabi sozandalar edda tanilgan. 14-asrda yashagan „Muhabbatnoma“ dostonining muallifi Xorazmiy, Abdurahim Hofiz Xorazmiy, ayniqsa, Alisher Navoiyning „Sabʼai sayyor“ dostonida va boshqa klassik shoirlarning gʻazallarida oʻsha davr maqomlari, sozandalari va cholgʻulari yuksak did bilan taʼriflanadi. Shuningdek, sanʼatkorlar homiysi Sulton Vayis (Uvays), baxshilar piri Oshiq Oydinlar ham shu davrda yashaganlar. Muhammad Rahimxon (1806-1825) davriga kelib Niyozjonxoʻja va uning shogirdlari Mahdumjon qozi, Muhammadjon Sandiqchi, Abdusattor maxram, uning shogirdi Xudoybergan kosib va boshqa tanbur maqomlarini rivojlanishiga katta hissa qoʻshdilar. Komil Xorazmiy Xorazm maqomlarini oʻzi ixtiro qilgan „Tanbur chizigʻi“ asosida qogʻozga tushirishni boshlab bergan yetuk musiqashunoslardan hisoblanadi. 1883-yilda dastlab Xorazm maqomlari tarkibidagi „Rost“ maqomi, keyin, bu ishni davom qildirib oʻgʻli Muhammad Rasul Mirzo Xorazm maqomlaridan Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq va Rostlarni qogʻozga tushirgan. Bu davrda Otash baxshi, Nurjon baxshi va ayniqsa, Eshvoy baxshi hamda uning shogirdi Muhammadniyoz Gurji kabi baxshilar nom qozonganlar.

Nomlari nomaʼlum boʻlgan ustoz sozandalar va baxshilar tomonidan Xorazm dutor yoʻllari jamlanib 11 ta dutor maqomi shakllangan. Mashhur sozanda va nafis taʼb egasi Muhammad Rahimxon Soniy (Feruz) xonlik davri (1864-1910) ga kelib Xorazmda musiqa sanʼati yanada rivoj topdi. Feruz saroyida 40 dan ortiq shoir, 20 ga yaqin maqomchi sozandalarni toʻplab mushoira va maqom kechalarini oʻtkazib turardi. Saroy maqomchilari orasida Paxlavon Niyoz Mirzaboshi Komil, Muhammad Yoqub Devon Xarrot, Yoqub fozachi, Qalandar Doʻnmas va boshqa maqomlarning cholgʻu va aytim qismlarini boyitganlar. Feruzning oʻzi ham maqom cholgʻu qismlariga 14 ga yaqin kuy bastalagan. Bu davrda 40 dan ortiq baxshi, 32 sozanda qoʻshlari (sozandalarning jamlangan dastasi) faoliyat koʻrsatgan. Ular sayil va bayramlarda xonning koʻrigidan oʻtar va el-yurtning tomoshasini oʻtkazishga fatvo olar edilar. Baxshilar ichida mashhurlari: Rizo baxshi, Ernazar baxshi, Suyav baxshi; sozanda qoʻshlaridan elga tanilgan namoyandalardan Shomurod surnaychi va boshqa boʻlgan.

1910-yil Xiva xonligi taxtiga Asfandiyorxon oʻtirganidan keyin saroy shoir va sozandalari tarqab ketdi.

Xorazmda shoʻrolar hokimiyati oʻrnatilgach, maqom va musiqa rivoji biroz toʻxtadi. 1923-yilda Xiva shahrida musiqa maktabi tashkil qilinib, skripka, klarnet, tanbur kabi cholgʻu asboblarda ijro etish boʻyicha sinflar ochiddi. 1925-yilda Moskva shahrida Mulla Bekjon Rahmon oʻgʻli va Muhammad Yusuf Devonzodalarning „Xorazm musiqiy tarixchasi“ kitobi chop ettirdi. Bu davrda sozandalardan Safo Ollaberganov (Mugʻanniy), Qurbon sozchi Ismoilov, Madrahim Yoqubov (Sheroziy), Qurbonnazar Abdullayev (Bola baxshi), Matyusuf Xarratov (Chokar), Otajon Abdullayev, Hojixon Boltayev; ayol xalfalardan Onajon Sobirova (Anash maxram), Onabibi qoriya Otajonova (Ojiza) va boshqa mashhur boʻlishgan. Ularning izdoshlari va shogirdlari ichida xonandalardan Komiljon Otaniyozov, Vahobjon Fayozov, Kommuna Ismoilova, Sultonposhsha Rahimova, Matyoqub Rahimov, Quvondiq Iskandarov, Jumanazar Bekchonov, Olmaxon Hayitova, Roʻzmat Jumaniyozov, Ortiq Otajonov, Otajon Xudoyshukurov, Bobomurod Hamdamov; sozandalardan dutorchi N. Boltayev, qoʻshnaychi Q. Bobojonov, torchi H. Bobojonov, gʻijjakchi O. Hasanov; bastakorlar R. Ollaberganov, Sh. Ramazonov, Sh. Solayev, A. Otajonov, M. Yusupov, S. Hayitboyev, U. Musayev, R. Abdullayev, Q. Polvonov, M. Otajonov, R. Bekchonov, Sh. Fayzullayev, Q. Rahimov; musiqashunos O. Matyoqubov va boshqa maʼlum. 1958-1960-yillar orasida M. Yusupov tomonidan toʻplab notaga olingan „Oʻzbek xalq musiqasi“ (6,7 va 9 jildlar) chop etildi. 1980-1987-yillarda Xorazm maqomlarining yangi toʻldirilgan variantlari nashrdan chiqsi.

Xorazm viloyatida 16 ta bolalar musiqa maktabi (shulardan 3 tasi sanʼat maktabi), musiqa bilim yurti, filarmoniya, viloyat teleradiokompaniyasi qoshidagi maqomchilar ansambli faoliyat koʻrsatadi.

Xorazm viloyatidan Devonai Hisobiy, Niyozjonxoʻja, Niyoziy, Xudoybergan muhrkan, Komil Xorazmiy, Matyoqub Xarratov, M. Xudoyberganov, Safo Mugʻanniy, X. Devonov kabi yirik sanʼatkorlar; Bola baxshi, Q. Iskandarov, R. Jumaniyozov, F. Davletov singari Oʻzbekiston xalq dostonchi va hofizlari; Matyusuf Xarratov, M. Yusupov, R. Ollaberganov, Sh. Ramazonov, L. Abdullayeva, I. Niyozmatov, R. Abdullayev, O. Matyokubov, S. Davletov, U. Musayev, O. Ollaberganov, Q. Rahimov kabi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arboblari va kompozitorlar; Sheroziy (Yokubov), K. Otaniyozov, H. Boltayev, K. Rahimov, M. Rahimov, B. Rahimova, S. Devonov, S. Rahimova, G. Yoqubova, M. Ixtiyorova, O. Hayitova, G. Matyoqubova, M. Bobojonov, O. Otajonov, G. Rahimova singari Oʻzbekiston xalq artistlari; Norbek baxshi, Qalandar baxshi kabi Oʻzbekiston xalq baxshilari yetishib chiqqanlar.

Xorazm viloyatida xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilik, ayniqsa, Xiva, Hazorasp va Xonqa shaharlarida qadimdan taraqqiy etgan. Yogʻoch oʻymakorligi, zargarlik, kandakorlik, gilamchilik, kulolchilik va boshqa rivojlangan. Xiva gilamchilik fabrikasi, „Xiva sopoli“ aksiyadorlik jamiyati va boshqa ishlab turibdi. Oʻzbekiston xalq rassomi A. Boltayev, xalq naqqoshlari va yogʻoch oʻymakor ustalari O. Polvonov, R. Masharipov, S. Bogʻbekov, mashhur kulol, koshinkor usta R. Matchonov va boshqalarning nomlari mashhur.

Sogʻliqni saqlash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Viloyatda 6269 oʻrinli 36 kasalxona va 211 tibbiy muassasalarda 3882 vrach (har 10 ming kishiga 27,1 vrach), 13337 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. Davlat dasturiga asosan, viloyatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining viloyat boʻlimi va barcha tuman markaziy kasalxonalari qoshida uning boʻlinmalari tashkil etilgan hamda zaruriy tibbiy va texnik jihozlar bilan taʼminlangan. Xorazm viloyatida 4010 oʻrinli 20 sanatoriy faoliyat koʻrsatadi.

2004-yilgacha oʻz kasbi boʻyicha xususiy ish faoliyati yuritish uchun 50 ga yaqin mutaxassisga litsenziya berildi.

Sport[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorazm viloyati sportchilari sportning koʻplab turlari boʻyicha turli darajadagi musobaqalarda ishtirok etmoqda (kurash, futbol, gandbol, voleybol, tennis, boks va boshqalar). „Umid nihollari — 2003“ sport musobaqalari oʻtkazilishi munosabati bilan shahar va tumanlarda 17 ta yirik sport inshootlari, „Olimpiya zaxiralari“ kolleji, 10- 15 ming kishilik stadion foydalanishga topshirildi.

Viloyatda 14 sport majmuasi, shuningdek, 16 stadion, 8 suzish havzasi, 136 tennis korti, otchopar, sport zallari, otish tiri, basketbol, gandbol, futbol maydonlari bor. 389 ming kishi jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanadi. Turli miqyosdagi respublika va xalqaro sport musobaqalarida viloyatning 9 sportchisi oltin, 8 tasi kumush medallarga sazovor boʻlishdi. Xorazmda „Umid nihollari-2003“ tadbiri katta bayram sifatida nishonlandi. „Umid nihollari“, „Prezident kubogi uchun“, Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlab oʻtkazilgan respublika va xalqaro sport bellashuvlarida 6 sportchi respublika va jahon chempioni unvonlarini oldilar.

Xorazm viloyatida 10 dan ortiq xalqaro toifadagi sport ustasi, 100 dan ortiq sport ustasi, 300 dan ziyod sport ustaligiga nomzod, shuningdek, koʻplab 1-toifadagi sportchi tayyorlandi. Viloyatning 30 dan ortiq sportchisi Oʻzbekistonning turli milliy terma jamoalari aʼzolaridir.

Adabiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorazm adabiyoti zamonlar silsilasida yemirilib, yoʻqotilib, qayta shakllandi. Arablar Xorazmga bostirib kelganda oʻzlariga qaraganda juda ham yuqori madaniyatga duch keldilar. VIII asrga kelib qadimgi xorazmiy tilining batamom yoʻqotilishi bilan VIII asrdan toki XII-XIII asrlargacha fors hamda arab va XII asrlardan boshlab turk oʻzbek tillarida ijod qilindi. Abu Mansur Saolibiyning „Yatimat addaxr fi maxosin axlal asr“ („Asr ahlining fozillari haqida zamonasining durdonasi“) tazkirasida X-XI asrlarda Xorazmda yashab, arab tilida ijod etgan yetuk arabnavislar haqida keng maʼlumot beriladi. Qariyb 5 asr davomida (VIII-XII asrlar) arab tilida ijod qilgan koʻpgina Xorazm shoirlari oʻz faoliyati bilan Xuroson va Movarounnahrda shuhrat qozonganlar. XI asr boshida Xorazmda ilk bor tashkil etilgan Xorazm Maʼmun akademiyasida jahon tarixi, fani va adabiyotiga munosib ulush qoʻshgan Beruniy raisligida Ibn Sino, Abu Nasr Iroq kabi zamonasining yirik fan va madaniyat namoyandalari ijod qildilar. Asli balxlik boʻlib, Xorazmda turgʻun yashab Xorazmshoh Otsiz hukmronligi davrida yuqori martabaga ega boʻlgan Rashididdin Vatvot („Saʼd al-mulk“ faxriy unvonini olgan) fors va arab tillarida ijod qilib sheʼriyatda murassaʼ, tarseʼ, tajnis va boshqa usullarni qoʻllashda fors tilida yozadigan peshqadam shoirlardan biri hisoblanadi. Ahmad Yassaviyning shogirdi Sulaymon Boqirgʻoniy XII asrdayoq turkiyda ijod qilgan. Bu davrlarda arab, fors tillari va turkiyda baravariga ijod qilingani oʻsha davr adabiy muhitining naqadar koʻp qirraligini koʻrsatadi. Xorazmdagi adabiy jarayon Chingizxon istilosi va undan keyingi davrda ancha murakkab kechgan boʻlsa-da, toʻxtab qolmadi. Kubroviylik tariqatining asoschisi, „Shayxi valitarosh“ („Avliyolar yetishtiruvchi shayx“) nomi bilan butun Sharqqa mashhur boʻlgan shoir Najmiddin Kubro, „Muhabbatnomamuallifi Xorazmiy (XIV asr), Nasriddin Burhoniddin Rabgʻuziy (XIII asr oxiri — XIV asr boshlari), Pahlavon Mahmud, Haydar Xorazmiy, Qutb Xorazmiy, Sayfi Saroyi (XIV asr) kabi buyuk siymolar ijod etgan. Rabgʻuziyning „Qissasi Rabgʻuziy“ asari oʻzbek nasrining mukammal namunasi boʻlishi bilan eʼtiborlidir. Xorazm adabiy muhiti, ilm-fani jahon maʼrifati taraqqiyotiga taʼsiri eʼtirofga loyiq. Az-Zamaxshariy arab dunyosini kezib ilm tarqatgan boʻlsa, 1414-yilda Sherozga kelgan Abdurahim Hofiz Xorazmiy turkiyda bitgan gʻazallari bilan shuhrat topgan.

Alisher NavoiyMajolis un-nafoisasarida Xoja Abulvafoyi Xorazmiy va Mavlono Jaloliddin Rumiy masnaviysiga sharh bitgan Husayn Xorazmiylarni katta hurmat bilan taʼriflaydi. Xorazm adabiy jarayonining rivojlanishi natijasida yetuk adabiyot namoyandalari yetishib chiqa boshladi. Bular Ravnaq (1725-1805), Roqim (1742-1825), Nasimiyning gʻazallarini oʻzbek tiliga agʻdargan mashhur shoir Andalib (1710-70), Vosifiyning „Badoye ul-vaqoyeʼ“ asarini forsiydan tarjima qilgan, oʻzbek va fors tillarida baravar ijod etgan Dilovarxoʻja (XVIII asr), Navoiyning „Xamsa“sidagi dostonlarning nasriy variantlarini yaratgan Umar Boqiy (XVIII asr), oʻz zamonasining ulugʻ shoirlari Munis, Ogahiy, Komil Xorazmiy (1825-1899), Bayoniy va boshqalardir.

Feruz davrida Xorazm adabiy muhiti yanada rivojlandi. Uning buyrugʻi bilan shoir Tabibiy „Majmuai 30 shuaro payravi Feruz“ tazkirasini tuzadi va Feruzning 101 gʻazaliga 30 shoir yozgan payravni kiritadi. Tazkiranavis Laffasiy tuzgan „Tazkirai shuaro“da (1945) Munis davridan Laffasiy davrigacha ijod qilgan (Munis va Laffasiy bilan birga) Xorazmdagi 51 shoirning hayoti va ijodi haqidagi maʼlumotlar bitilgan.

Xorazmda qadimdan dostonchilik rivojlangan. Xalq anʼanaviy dostonlari baxshilar orqali ogʻizdanogʻizga oʻtib sayqallangan. „Avazxon“, „Bozirgon“, „Sayyodxon va Hamro“, „Qorakoʻz Oyim“, „Gulruh pari“, „Shobaxrom“, „Zavriyo“, „Oshiq Gʻarib va Shohsanam“, „Yusuf Ahmad“ kabi dostonlar Xorazm xalq ogʻzaki ijodining nodir boyligidir. Xorazm xalq dostonlari hajmi boshqa oʻzbek xalq dostonlariga qaraganda kichikligi, shu bilan birga musiqaviyligi bilan ajralib turadi. Xorazmda doston kuylovchilarni baxshi deb atab kelganlar. Xorazm vohasida XIX asrning 1-yarmida Eshvoy baxshi mashhur boʻlgan. Xorazm vohasida muallif nomi bilan atalgan „Eshvoy nagʻmasi“ kuyi tarqalgan. XIX asrda Xorazmda yashab ijod qilgan baxshilardan Otash, Gʻaribniyoz baxshilar, Bobo baxshi, Jumanazar baxshi Bobo baxshi oʻgʻli, Bekjon baxshi, Abdrim baxshi va boshqa shuhrat qozongan. XX asr boshlarida Xoʻjayoz baxshi atoqli baxshi hisoblangan. U „Oshiq Gʻarib va Shohsanam“, „Sayyodxon va Hamro“, „Bozirgon“, „Alpomish“ va „Goʻroʻgʻliturkumidagi dostonlarni yod bilgan va uni xush ovoz bilan dutor joʻrligida ijro etgan. Undan keyingi davrda Bola baxshi, Matnazar Jabbor oʻgʻli, Qalandar baxshi, Bola baxshining farzandlari Norbek baxshi, Matyoqub va Yetmishboy baxshilar Xorazm dostonchilik maktabini taraqqiy qilishga hissa qoʻshdilar.

Xorazmdagi xalq ogʻzaki ijodining yana bir turi xalfachilikdir. Xalfalar (folklorda) repertuarida xalq dostonlari, rang-barang xalq qoʻshiqlari, mumtoz shoirlarning ashulabop gʻazallari asosiy oʻrin olgan. XIX-XX asrning 2-yarmida Xorazmda Xonimjon xalfa, Onajon xalfa, Onabibi kori (Ojiza), Shukurjon xalfa, Sharifa xalfa, Joni xalfa, Bibijon xalfa, Durxonim xalfa, Kish xalfa, Guljon kori, Oysha kulol xalfa, Yoqut xalfa Vafoyeva, Sharifa noʻgʻay Otasheva, Ugʻil Noʻgʻay Quryozova, Yoqut xalfa Seytniyazova va boshqalarning nomlari xalq orasida tanilgan edi. Xalfachilik sanʼati anʼanalari Xorazm yosh ijrochilari tomonidan keyingi davrlarda ham davom ettirilmoqda.

XX asrda Xorazm adabiyotshunosligida Mugʻanniy, Suhanvar, Umar Qurboniy, Qalandar Qurboniy, M. Abdullayev, Egam Rahim, Ahmad Bobojon, Ayyomiy, Rahim Bekniyoz, Doʻstjon Matjon va boshqalarning nazm va nasriy asarlarida maʼrifatchilik gʻoyalari oʻz aksini topgan.

Omon Matjon, Bahrom Roʻzimuhammadning falsafiy sheʼriyati, Erkin Samandarning „Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq“, „Tangri qudugʻi“, Komil Avazning „Qoʻnalgʻa“ romanlari, Matnazar Abdulhakimning Najmiddin Kubro, Bedil, Pahlavon Mahmud ruboiyoti va gʻazallarining oʻzbek tiliga tarjimalari muhim ahamiyatga ega. Professorlardan O. Madrahimov, S. Roʻzimboyev, Z. Doʻsimov, J. Yusupov, arab va fors tillari bilimdoni A. Ahmedov va boshqa adabiyotshunoslikka doir asarlar yozdilar. Ayniqsa, bu borada H. Abdullayevning Abu Bakr Xorazmiydan hozirgacha yashab ijod qilgan adabiyot ahlining hayoti va ijodini aks etttirguvchi tazkirasi, N. Krbulovning 2 jildli „Xorazm adabiy muhiti“ asari, S. Roʻzimboyevning „Goʻroʻgʻlikitobi muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Xorazm viloyatida Oʻzbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilari, rassomlar va boshqalar) viloyat tashkilotlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Matbuot, radioeshittirishi va televideniyesi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorazm viloyatida 2 viloyat gazeta („Xorazm haqiqati“ va „Xorezmskaya pravda“, 2 ta gazeta adadi 5500), 10 tuman gazeta, 3 jurnal („Ilm sarchashmalari“, „Diydor“, „Xiva-Sharq gavhari“, adadi 2000) nashr etiladi. Viloyatda, shuningdek, bir qancha tarmoq gazetalari chop qilinadi. Jami 27 nomdagi gazeta va jurnallar chiqariladi.

Xorazm (Xiva)da Muhammad Rahimxon Feruz tashabbusi bilan 1874-yilda Turkistonda ilk bor toshbosma ochilgan. Toshbosmada ilk matbaachilik faoliyatini birinchi oʻzbek matbaachisi Otajon Abdalov boshlagan. Ushbu toshbosma faoliyati keyinroq, 1920-yildan „Inqilob quyoshi“ gazetasi, 1939-yildan „Xorazm haqiqati“, 1941-yildan „Xorezmskaya pravdagazetalarining tashkil qilinishiga zamin yaratgan.

Xorazm viloyatida 1874—1924-yillarda faoliyat koʻrsatgan matbaachilik anʼanalari 1991-yilda qayta tiklandi. „Xorazm“ nashriyoti ishga tushirilib, darsliklar, kitoblar nashr etish yoʻlga qoʻyildi. „Xorazm tarixi“ (1995), „Hazorasp tarixi“, „Xonqa tarixi“ (1995-1998), „Avestoning yaratilishi“ (2001), „Maʼmun akademiyasi“ (toʻplam, 2003) kabi kitoblar chop etildi.

Xorazm viloyatida birinchi radioeshittirishlar 1936-yildan boshlangan. Viloyat radiosi oyiga 31 soatlik hajmda eshittirishlar beradi. Telekoʻrsatuvlar 1961-yildan olib boriladi. Mahalliy koʻrsatuvlar, 1979-yildan rangli tasvirda (oʻzbek va rus tillarida), haftasiga 15 soat hajmda namoyish qilinadi.

Meʼmoriy yodgorliklari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorazm viloyatidagi tarixiy va meʼmoriy yodgorliklar jahonga mashhur. Viloyatda 149 meʼmoriy va shaharsozlik, 16 arxeologik, 21 monumental sanʼat va haykaltaroshlik yodgorligi bor. Meʼmoriy yodgorliklarning asosiy qismi Xiva shahrida joylashgan. Uning Ichan qalʼa qismi esa UNESCOning Jahon merosi qoʻmitasi hisobiga kiritilgan. Xivadagi yodgorliklardan Juma masjid (X-XVIII asrlar), Pahlavon Mahmud meʼmoriy majmuasi (XIV asr, XIX-XX asr boshlari), Said Alouddin (XIV-XVIII asrlar), Uch Avliyo (1549, 1821) maqbaralari, Toshhovli (XIX asr), Koʻhna Ark (XVII-XIX asrlar) saroylari, Muhammad Aminxon madrasa va minorasi va boshqa mehmonlar va sayohatchilar diqqatini oʻziga tortadi. Shuningdek, Xiva, Hazorasp, Xonqa, Shovot, Yangiariq, Qoʻshkoʻpir, Bogʻot va boshqa tumanlarida ham tarixiy obidalar mavjud. Shulardan Xiva tumanidagi Chodra hovli (XVIII-XIXasrlar), Shohimardon meʼmoriy majmuasi (XIX asr), Qubla tozabogʻ saroyi (1893-1913), Hazoraspdagi Muzrobshoh (XVI-XVIII asrlar), Shayx Qosim eshon maqbaralari (XVIII-XIX asrlar), qadimgi Hazorasp qalʼasi (mil. av. VI-V asrlar), Xonqa tumanidagi Said ota masjidi (1766), Shovot tumanidagi Vayangan bobo maqbarasi (XVI-XIX asrlar); Yangiariq tumanidagi Shayx Muxtor Valiy meʼmoriy majmuasi (Ostonabobo, XIV asr) ; Qoʻshkoʻpir tumanidagi Imorat bobo meʼmoriy majmuasi (XVI-XIX asrlar) va boshqalarni aytish mumkin.

Mustaqillik yillarida viloyatda yakka tartibda uy-joy qurish tez rivojlandi. Urganch, Xiva shaharlarlariga yoʻldosh Navroʻz, Qosmaobod shaharchalari bunyod etildi. Viloyatda tarixiy va meʼmoriy yodgorliklarni asrash, taʼmirlash ishlariga Oʻzbekiston hukumati tomonidan katta eʼtibor berilmoqda. Xiva shahrining 2500 yillik yubileyi (1997), Jaloliddin Manguberdining 800 yiligi (1999), Avesto kitobi yaratilishining 2700 yilligi (2001) bayramlari arafasida viloyatda keng miqyosda meʼmoriy yodgorliklarni taʼmirlash, ular atroflarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xorazm viloyati 2003-yil 22-avgustda Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan mukofotlangan[3].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Tolstov S. P., Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab, T., 1964;
  2. Vinogradov A. V., Neoliticheskiye pamyatniki Xorezma, M., 1968;
  3. Srednyaya Aziya v drevnosti i srednevekovye, M., 1977;
  4. Trudi Xorezmskoy arxeologoetnograficheskoy ekspeditsii, t. 1-10, M., 1952-77;
  5. Xorazm tarixi, 1995, Urganch; Qilichev T., Xorazm xalq teatri, T.;
  6. Sadokov R. L., Muzikalnaya kultura drevnego Xorezma, M., 1970;
  7. Sadokov R. L., Tisyacha oskolkov zolotogo saza, M., 1971.
  8. Xorazm.uz

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "{{subst:PAGENAME}}" OʻzME. X-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. https://www.xorazmstat.uz/uz/matbuot-markazi/qo-mita-yangiliklar/7452-viloyat-shahar-va-tumanlarining-doimiy-aholisi-soni
  3. Komil Nurjonov, Botir Matyoqubov, Komil Avazov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil