Komil Xorazmiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Oʻzbek adabiyoti

Milodiy VII asrgacha
VIII-XIII asrlar (Qadimgi)

XIV-XV asrlar (Temuriylar davri)
XVI-XIX asrlar (Mumtoz)

XIX-XX asrlar (Milliy uygʻonish)
1905-30 yillar (Jadid davri)
1930-80 yillar (Sovet davri)
1990 yillaridan keyin (Mustaqillik)

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Komil Xorazmiy (taxallusi; asl ismi Paqlavon Muhammadniyoz Abdulla Oxund oʻgʻli) (1825 — Xiva — 1899) — oʻzbek shoiri, xattot, musiqashunos, tarjimon va davlat arbobi. Jahon madaniyatining Xorazmdagi ilk targʻibotchilaridan biri. Xiva madrasasida oʻqigan. Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Sharq adabiyoti namoyandalari ijodini, mumtoz musiqani, xattotlik sirlarini qunt bilan oʻrgangan. 25—30 yoshlarida shoir sifatida tanilgan. Ogahiy uning nomini oʻzining "Gulshani davlat" kitobiga kiritgan. Xiva xoni Sayd Muhammadxon saroyida kotiblik qilgan. Muhammad Rahim II uni mirzaboshilik vazifasiga koʻtargan. Rossiya bilan Xiva xonligi oʻrtasida imzolangan sulh shartnomasi (Gandimiyon shartnomasi) K.X. qoʻli bilan yozilgan (1873). Soʻngra saroyda devonbegi (1873—80), mirzaboshi lavozimlarida ishlagan (1880 yildan). Xorazmda birinchi boʻlib bosmaxona tashqil etgan (1880—81).

Komil 1825 yilda Xivada tavallud topgan. U Muhammad Rahimxon soniy (Feruz) zamonasida mirzaboshi, devonbegi lavozimlarida ishlagan.

K.X. Sharq mumtoz musiqasi, xususan, maqomchilik anʼanalarini rivojlantirishga homiylik qilgan, oʻzbek kuylarini yozib olish uchun "Tanbur chizigʻi" deb ataluvchi nota tizimini joriy etgan. Bu oʻziga xos notada "Rost" maqomining bosh qismini yozgan. Oʻgʻli Mirzo Muhammadrasul otasi boshlagan ishni davom ettirib, Xorazm "Shashmaqom"ining qolgan ashula va cholgʻu yoʻllarini toʻla notaga olgan. "Rost" maqomiga bogʻlangan "Murabbai Komil" va "Peshravi Feroʻz" kuylarining notasi bizgacha yetib kelgan. K.X. Moskva va Peterburg sh.lariga 2 marta safar qilgan (1873, 1883). 1891, 1896— 97 yillarda esa Toshkentga kelib, bu yerdagi madaniy yangiliklar haqidagi "Dar bayoni taʼrif va tavsif Toshkand" ("Toshkent taʼrifi va tavsifi bayonida") qasidasini bitgan. Bu qasida oʻzbek adabiyotida ijtimoiy taraqqiyotni aks ettirgan dastlabki yirik sheʼriy asarlardan boʻlib, unda yangi, zamonaviy madaniyat ulugʻlanadi.

K.X. Sharq mumtoz shoirlari anʼanalari ruhida lirik sheʼrlar yozgan, devon tuzgan. Bu devonda 8000 misradan ortiq sheʼr boʻlib, ular gʻazal, murabba, muhammas, musaddas, masnaviy, ruboiy, qasida, muammo kabi janrlarda yozilgan. Ularda chin insoniy fazilatlar ulugʻlangan, jaholat qoralangan, ishqmuhabbat tarannum etilgan. K.X.ning deyarli barcha janrdagi asarlarida ijtimoiy tanqidga keng oʻrin berilgan, ayrim misralari aforizm darajasiga koʻtarilgan ("Falak zulmi bir yonu, bir yon alar..." va boshqalar). Shayx Sulaymon Buxoriy oʻzining mashhur "Lugʻoti chigʻatoyi va turki usmoniy" ("Chigʻatoycha va usmoniy turkcha lugʻat") asarida K.X.ning ijodidan oʻrinli foydalangan va Xorazm shevasidagi koʻpchilik soʻzlarning maʼnosini uning sheʼrlari orqali izohlab bergan. K.X. 1865 yilda Barxurdor bin Mahmud turkman Farohiynmng (adabiy taxallusi Mumtoz) "Mahbub ul-qulub" (bu asar ayrim manbalarda "Mahfiloro" — "Majlisga ziynat beruvchi" deb ham yuritiladi) hamda 1869—70 yillarda Faxriddin Ali Sayfiyning "Latoyif at-tavoyif" ("Turli toifalarning latifalari") asarlarini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Alisher Navoiy "Hamsa"sining birinchi Xorazm toshbosma nashriga soʻzboshi yozgan. K.X. devoni qoʻlyozmalari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi (inv. №1849, 1025). M.Yunusov, F.Karimov, A.Hayitmetov, va boshqa olimlar K.X. ijodini tadqiq etganlar.[1]

Komil — lirik shoir. Uning lirikasida insoniy muhabbat va fazilatlar ulugʻlanadi. Hajviy sheʼrlarida fuzalo va juhalo qiyoslanadi. «Komil», «Ikki shoʻx» va «Qasidai Navroʻz» kabi maʼrifatparvarlik asarlari muallifi.

Komil — bastakor va musiqashunos sifatida «Murabbai Komil», «Peshravi Feruz» va «Tanbur chizigʻi (notasi)» kabi asarlarni yaratgan.

Tarjimonlik sohasida esa Barxurdor Turkman Mumtozning «Mahfiloro», Safiyning «Latoyif ut-tavoyif», Mirxondning «Ravzat us-safo» singari yirik asarlarini tarjima qilgan.

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Devon. T., 1975.
  • Komil Xorazmiy, Tanlangan asarlar. Toshkent, Oʻzadabiynashr, 1961.
  • Komil. Devon. Toshkent, 1975.
  • Asrlar nidosi. Toshkent, 1982, 393—408 betlar.

Ilmiy adabiyot[tahrir]