Shahrisabz
Shahrisabz | |
|---|---|
| shahar | |
| 39°03′01″N 66°50′0″E / 39.05028°N 66.83333°E | |
| Mamlakat | Oʻzbekiston |
| viloyat | Qashqadaryo |
| Asos solingan | mil. avv VII asr |
| Avvalgi nomlari | Kesh |
| Maydon | 005 km2 (1.9 kv mi) |
| Rasmiy til(lar)i | oʻzbek |
| Aholisi (2025) |
150 100 |
| Milliy tarkib | oʻzbek 100% |
| Konfessiyaviy tarkib | islom |
| Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
| Pochta indeks(lar)i |
|
| Avtomobil kodi | 70 |
Shahrisabz – Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi shahar. Amir Temur ordeni sohibi[1]. 1926—2017-yillarda Shahrisabz tumani maʼmuriy markazi[2]. Kitob—Shahrisabz vohasida. Katta Oʻzbekiston trakti yoqasida joylashgan. Shahrisabz janubdan Tanxozdaryo, shimoldan Oqsuv daryosi oqib oʻtadi. Oʻrtacha balandligi 658 m. Aholisi 150,1 ming kishi (2025)[3][4]. Shahrisabz Oʻzbekistondagi qadimiy shaharlardan biri. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, shaharga mil. avv. 1 ming yillikning oʻrtalarida asos solingan. Shahrisabz milodning boshlarida va ilk oʻrta asrlarda turli nomlar bilan (masalan Kesh) atalgan. 13-asrdan Shahrisabz nomi ham urf boʻlgan[5].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilk eslatilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, shahar miloddan avvalgi 8 asrda tashkil etilgan. Shahar qadimgi davrlarda Kesh deb nomlangan[6].
1351-yilda zarb etilgan kumush tangalarda „Shahrisabz“ nomi uchraydi. Sharafuddin Ali Yazdiy (15-asr) shahar toʻgʻrisida: „Shahrisabz, uni turkiylar Kesh deb ataydilar“ deb yozgan. Shahrisabz yaqinidagi Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida (hozirgi Yakkabogʻ tumani hududida) Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan. Shahrisabz oʻsha davrda „Qubbatul ilm val adab“ nomi bilan yuritilgan. Xusrav Dehlaviy, Bedil, Mirzo Gʻolib kabi allomalarning ota-bobolari Shahrisabzda tugʻilgan[5].
Oʻrta asrlardagi tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Amir Temur davrida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Amir Temur va Temuriylar davrida Shahrisabz ulkan saltanatning yirik shahriga, barlos beklarining yozgi qarorgohiga aylantirilgan. Oqsaroy va Dor ussiyodat majmuasi qurilgan. Shahar atrofi qalʼa devori bilan oʻrab olingan. Ispaniya elchisi Klavixo oʻz kundaligida shahrida koʻplab mahobatli binolar va masjidlar borligini va qurilayotganligini taʼkidlaydi. Keyinroq ham koʻplab meʼmoriy obidalar (Dorut Tilovat majmuasi, Koʻk gumbaz masjidi va boshqalar) qurildi. Hofizi Abru shaharda koʻhna devor (bandi qadim) boʻlganligi, biroq u 15-asr boshlarida buzilib ketganligini ham yozadi. Oʻsha paytda Shahrisabz shahrining 4 darvozasi: Ark (shimoliy), Kunchiqar (sharqiy), Kushxona (gʻarbiy), Termiz (janubiy) darvozalari boʻlgan[5].
Buxoro xonligi davrida
[tahrir | manbasini tahrirlash]1556-yilda Shahrisabzni Abdullaxon II egallagan. Keyinchalik Shahrisabz Buxoro xonligining Qarshi viloyati tarkibida boʻlib kelgan. 16-asr oʻrtalarida ham Shahrisabz mustahkam mudofaa devorlari bilan oʻralgan edi.
Mahmud ibn Vali (17-asr) oʻzining „Bahr ul-asror“ („Sirlar dengizi“ – „Geografiya“) asarida shahrini quyidagicha taʼriflagan: „Kesh – Movarounnahr shaharlaridan biri, yam-yashil bogʻlari va koʻzga quvonch baxsh etuvchi gulzorlari tufayli u hozir Shahrisabz nomi bilan shuhrat topgan. U jahondagi eng chiroyli shaharlardan biri hisoblanadi; iqlimi juda yaxshi va diltortar…“.
Ashtarxoniylar davrida Shahrisabz siyosiy mavqeini ancha yoʻqotgan. Shahrisabzda hokimiyat uchun kurashda avval mangʻitlar, soʻngra qoʻngʻirotlar urugʻi gʻolib chiqib markaziy hokimiyat – Buxoro xonligini tan olmaslikka urinishgan. 18-asr 1-choragida Dashti Qipchoq qozoqlari Zarafshon va Qashqadaryo vohalariga talonchilik hujumlari uyushtirganda Shahrisabzda bir necha muddat shahar hayoti izdan chiqqan. 1750—1752-yillardan Shahrisabz Buxoro amirligi tasarrufiga oʻtdi. 18-asr oʻrtalarida shahar qaytadan qad rostlagan[5].
Buxoro amirligi davrida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahrisabz hokimi Bobobek, Kitob begi Joʻrabek, amir Muzaffarning katta oʻgʻli Abdulmalik (katta toʻra) boshchiligida katta qoʻshin bilan 1868-yilda ruslar bosib olgan Samarqand shahrini qaytarib olish uchun otlanishgan, ammo chekinishga majbur boʻlganlar. 1870-yil avgustda Turkiston gubernatori K. P. Kaufmanning buyrugʻi bilan general Abramov qoʻmondonligidagi maxsus qoʻshin Shahrisabz va Kitobni bosib olgan. Biroq rus qoʻshini qoʻmondonligi Shahrisabz va Kitobni Buxoro amiri tayinlagan beklarga topshirib, Samarqandga qaytishgan. Shahrisabz 1920-yilgacha Buxoro xonligi tarkibida boʻlgan.
Shahrisabz aholisining asosiy qismi savdo-sotiq va hunarmandchilik bilan shugʻullangan. 18—19-asrlarda Shahrisabzda 6 darvoza, 7 karvonsaroy va 6 ta madrasa, bir nechta bozor, shahar tashqarisida Namozgoh masjidi bor edi[5]
Sovet davrida
[tahrir | manbasini tahrirlash]20-asr oʻrtalarida Shahrisabzda „Hujum“, badiiy buyumlar, tikuvchilik, keyinroq pillakashlik fabrikalari ishlay boshladi. 1930—1940-yillarda Shahrisabzdagi tarixiy yodgorliklarning ahvoli achinarli holda boʻlgan, ulardan omborxona, turar joy va boshqalar maqsadlarda foydalanilgan. Shahrisabz va uning tarixiy madaniy merosi ataylab keng doirada targʻib qilinmagan[5].
Mustaqillikdan soʻng
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mustaqillik yillarida Shahrisabz qiyofasi tubdan oʻzgardi. Shahar markazi qayta qurildi. 1996-yilda shahar maydoni 2 460 gektarga kengaygan[5].
Shahrisabzdagi eng katta maydon – Amir Temur maydoni. Shahar markazidan eng katta Ipak yoʻli koʻchasi oʻtadi[5].
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2002-yil 29-martda shahrining 2700 yillik yubileyini nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi[7]. Ushbu yubiley butun mamlakatimizda va Shahrisabzda keng nishonlandi. Bu tantanalarda YUNESKO vakillari ham qatnashdi. Shahrisabz Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan (2002-yil dekabr). Shaharda koʻplab anjumanlar va konferensiyalar oʻtkaziladi.
Shahrisabz ahlining Temuriylar davri ulkan madaniy va maʼnaviy merosi, noyob tarixiy yodgorliklarini asrabavaylash, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari qilib tarbiyalash va ularni ozod mamlakatimiz buyuk istiqbolini yaratishga qodir kishilar qilib voyaga yetkazish ishiga qoʻshgan alohida xizmatlari eʼtiborga olinib hamda sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati Shahrisabz „Amir Temur ordeni“ bilan mukofotlandi (1996-yil oktyabr)[5].
Iqtisodiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]11 ta yirik sanoat korxonasi (shu jumladan, „Hujum“ badiiy buyumlar fabrikasi, „Sado“ trikotaj fabrikasi, „Konserva“ va „Sharob“ aksiyadorlik jamiyatlari, toʻqimachilik, pillachilik fabrikalari va boshqalar), 8 qoʻshma korxona (shu jumladan, Oʻzbekiston—Buyuk Britaniya „Mevalar kamalagi“; Oʻzbekiston—AQSH „Shahinterneshnl“; Oʻzbekiston—Rossiya „Kompasqoqsuv“; Oʻzbekiston—Turkiya „Shahri Kesh“; Oʻzbekiston—Turkiya— Yaponiya „Oqsaroy toʻqimachi LTD“ va boshqalar), kichik, oʻrta biznes subyektlari faoliyat koʻrsatadi. Savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud[5].
Madaniyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]2005-yil holatiga koʻra, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutining umumtexnika fakulteti, kasb-hunar kolleji va akademik litseylar ishlab turibdi. 10 ta jamoat kutubxonasi, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bogʻi, teatr, tarix va moddiy madaniyat muzeyi, 3 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 2 ta bolalar sport maktabi bor. 3 ta tennis korti, 3 ta suzish havzasi, stadion, 18 ta sport zali mavjud. Markaziy kasalxona (1050 oʻrin), yangi jarrohlik markazi aholiga xizmat koʻrsatadi. Transport yoʻli vokzali, avtovokzal, aeroport ishlab turibdi. „Kesh“ va „Shahrisabz“ mehmonxonalari bor. Shahrisabzda Amir Temurning ulugʻvor haykali (haykaltaroshlar: Ilhom va Kamol Jabborovlar, meʼmor Botir Usmonov) oʻrnatilgan (1996)[5].
Mashhur kishilari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahrisabz zaminida bir qancha olim va ulamolar, shoirlar voyaga yetgan, jumladan, Abu Muhammad Keshiy (964-yil v.e.), Abu Jaʼfar Keshiy (951-yil v.e.), Abul Fazoil Keshiy (12-asr), Shamsuddin Kulol (Amir Temurning piri) va boshqalar[5].
- Muhammad ibn Umar al-Kashshiy – oʻn ikki shia imomi olimidan biri (10-asr);
- Kenagas oyim – Buxoro amirligi malikasi. Amir Nasrullohning (1827—1860) xotini va qotili;
- Ismoilxon Faqiriy – oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan shoir, Naqshbandiya tariqati silsilasini davom ettiruvchi murshid darajasiga erishgan;
- Xoliqul Maxamadiyev – qishloq xoʻjaligi xodimi, Sotsialistik Mehnat Qahramoni, 10-chaqiriq Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti deputati;
- Shuhrat Muhammadiyev – futbol boʻyicha uch karra Oʻzbekiston chempioni, uch karra Oʻzbekiston Kubogi gʻolibi, besh karra Oʻzbekiston Superkubogi gʻolibi;
Meʼmoriy yodgorliklari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahrisabzda 20 ga yaqin tarixiy meʼmoriy yodgorlik saqlanib qolgan. Temuriylar davrida qurilgan Oqsaroy qasrining peshtoq devori, Dor ussiyodat va Dorut Tilovat majmualari, Koʻk Gumbaz masjidi, Gumbazi Sayidon, Shamsuddin Kulol maqbarasi, Jahongir maqbarasi, Hazrati Imom masjidi, shuningdek, Chorsu bozori (16-asr), Chubin madrasasi (16-asr), Abdushukur Ogʻaliq (19-asr), Eshonpir (19-asr), Kunduzak masjidlari kabi meʼmoriy obidalar saqlanib qolgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Shahrisabz – ming yillar merosi, T., 2002; Shahrisabz shahrining jahon tarixida tutgan oʻrni, T., 2002; Qadimiy Kesh— Shahrisabz tarixidan lavhalar, T., 1998; Yaqubov B., Shahrisabz va Kitob tarixidan, Qarshi, 1996; Nosir Muhammad, Nasaf va Kesh allomalari, T., 2001.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „„Xalq so‘zi" gazetasi 1996-yil 29-avgust soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 28-avgustdagi "Shahrisabz shahrini «Amir Temur» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni“ (http://press.natlib.uz/).+2024-yil 21-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 19-oktyabr.
- ↑ „Xiva va Shahrisabz viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar ro‘yxatiga kiritildi“. Gazeta.uz. Afisha Media (2017-yil 16-may). Qaraldi: 21-iyun 2025-yil.
- ↑ „Hududlar bo`yicha shahar va qishloq aholisi soni“ (oʻzbekcha). qashstat.uz. Qarshi: Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasi. Qaraldi: 21-iyun 2025-yil.
- ↑ „Demografiya“. qashstat.uz. Qarshi: Qashqadaryo viloyati statistika boshqarmasi. Qaraldi: 21-iyun 2025-yil.
- ↑ 5,00 5,01 5,02 5,03 5,04 5,05 5,06 5,07 5,08 5,09 5,10 5,11 Rajabov, Qahramon. „Shahrisabz“ OʻzME. Sh-harfi (Wayback Machine saytida 2019-10-11 sanasida arxivlangan) Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Kamaliddinov SH. S. Istoricheskaya geografiya Yuzhnogo Sogda i Tokharistana po araboyazychnym istochnikam IX-nachala XIII vekov. Glava 1. Istoricheskaya geografiya Yuzhnogo Sogda Toshkent, 1996
- ↑ Vazirlar Mahkamasining Raisi I. Karimov. „“Shahrisabz shahrining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining VMQ-102-sonli Qarori“. lex.uz. Toshkent: Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (2002-yil 29-mart). Qaraldi: 21-iyun 2025-yil.
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |