Qoramol
Qoramol — quvushshoxlilar oilasiga mansub juft tuyoqli, kavsh qaytaruvchi hayvonlar. Qoramolga haqiqiy buqalar turkumiga mansub yirik xonaki kenja turlar — sigir, buyvol, qoʻtos hamda gayal, bizon, zubr va boshqa kiradi. Mil.dan bir necha ming yil avval Yevropa, Osiyo, Amerikada tarqalgan. Xonaki Qoramol yovvoyi buqa (tur) dan kelib chiqqan. Yevvoyi buqalarning oxirgi ajdodlari 17-asr boshlarida qirilib ketgan. Qoramol 8 ming yil ilgari Xindistonda, soʻng Gʻarbiy Osiyo, Oʻrta dengiz, Oʻrta Yevropada xonakilashtirilgan. Kraniologik belgilariga qarab, Qoramol toʻrt asosiy kenja turga boʻlinadi: dasht va tekis zona yevropa Qoramoli — uzu n shoxli; togʻ va oʻrmon zonasi Qoramoli — kalta shoxli; Markaziy Osiyo Qoramoli; Jan.Osiyo va Shimoliy Afrika Qoramoli — zebu. Qoramollar yoshi va jinsi boʻyicha buzoq, tana, novvos, gʻunajin, sigir, buqa va boshqa guruhlarga boʻlinadi. Mahsuldorlik turlariga qarab sut, sut-goʻsht va goʻshtsut yoʻnalishidagi zotlarga ajratiladi. Oshqozoni toʻrt kamerali, yelini toʻrt soʻrgʻichli. sigirlar 20 (35), buqalar 15—20 yil yashaydi. Sut yoʻnalishidagi sigirlardan xoʻjaliklarda 12—13 yil, zotli buqalardan 5—10 yil foydalaniladi. Qoramol 5 yoshgacha (ayrim sekin oʻsadiganlari 6—7 yoshgacha) oʻsadi. Urgʻochi buzoq 7—9, erkagi 14—18 oyligida jinsiy yetiladi. Sigirlarning boʻgozlik davri 285 kun. Sigir, odatda, bittadan buzoqlaydi, egizaklari kam uchraydi. Urgʻochi buzoq zotiga qarab 18—45, baʼ-zan 50 kg gacha, erkak buzoq urgʻochi buzoqdan 1–3 kg ortiq tugʻiladi. sigirlari 200—600, buqalari 300–900 kg. Qoramol mahsuldorligi uning zoti va boqilishiga bogʻliq. Sersut sigirlardan bir kunda 8–40 kg, bir yilda oʻrtacha 3500–4000 kg (17000 kg gacha), yogʻliligi 3,6—4% boʻlgan sut sogʻib olinadi. Sigirlarning sersutligiga qarab 1 kg sut uchun 0,8—1.3 ozuqa birligi sarflanadi. Sogʻim davri 280—320 kun. Goʻsht uchun boqiladigan q. zotlaridan sogʻim davrida 1000 kg gacha sut sogʻib olinadi. Tez yetiladigan zotlardan toʻrtinchi, kech yetiladiganlaridan beshinchi-oltinchi, baʼzan yettinchi sogʻim davrida eng koʻp sut sogʻib olinadi. sigir suti odam uchun qimmatli oziq-ovqat mahsuloti, oziq-ovqat sanoati uchun muhim xom ashyo (tvorog, pishloq va boshqalar). Goʻsht uchun boqiladigan zotlarda goʻsht mahsuldorligi yuqori (goʻsht chiqimi 48—70%), 1,5—2 yoshli buzoqlarning tirik vazni 400–450 kg. Mol goʻshti yuqori kaloriyali, parhez oziq-ovqat mahsuloti. Terisidan turli navli charm, chiqindilari qayta ishlanib, goʻsht-suyak va qon uni, endokrin preparatlari, stearin, yelim, sovun va boshqa tayyorlanadi. Buqa va hoʻkizlardan ish hayvoni sifatida foydalaniladi. Dehqonchilik uchun muhim boʻlgan organik oʻgʻit (goʻng) olinadi. Bir shartli bosh mol bir yilda 10 t goʻng beradi.
Q boqish sharoitiga yaxshi moslashadi, koʻp hajmdagi ozuqani, dagʻal oʻsimliklarni ham tez hazm qiladi. U yaylov oʻtlari, silos, ildizmeva, aralash yem, shuningdek, protein, mineral va vitaminli ozuqalar bilan boqiladi. Vazni, mahsuldorligi, fiziologik holati, oziqlanishi, protein, mineral moddalar va vitaminlarni hazm qilishiga qarab oziqlanish normasi belgilanadi. Bogʻlab (ogʻilxonalarda) va yaylovlarda boqiladi.
Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan sutning 98—99% va goʻshtning 63—65% Qoramollar hisobiga toʻgʻri keladi. Barcha toifadagi xoʻjaliklarda urchitilayotgan Qoramollar soni 5873,9 ming boshni, shu jumladan, sigirlar 2556,7 ming boshni tashkil qildi (2004).
Oʻzbekistonda boqiladigan asosiy zotlar: qizilchoʻl, bushuyev, qora-ola va shvits q. zotlari, shuningdek, qisman jaydari va zebusimon sigir zotlari ham uchraydi.
Yana q.
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |