Oʻrdak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻrdak, xonaki oʻrdak — oʻrdaksimonlar oilasiga mansub parranda. Mil.dan ming yil oldin xonakilashtirilgan. Yovvoyi oʻrdak — kryakvadan kelib chiqqan. Oʻ. deyarli barcha mamlakatlarda, ayniqsa, Xitoy (562 mln. bosh), Indoneziya (28 mln. bosh), Vyetnam (50 mln. bosh)da koʻp urchitiladi. Jahonda jami 830 mln. bosh Oʻ. boqiladi (1999). Oʻ.ning tana tuzilishi qayiqsimon, koʻkragi keng , boʻyni va boshi uzun, oyoq barmoqlari suzuvchi parda bilan qoʻshilgan. Tumshugʻi sargʻishqizil yoki toʻq sariq, bir oz qayrilgan. Patlarining rangi oqish, sargʻimtir, kulrang , qora va boshqalar Erkagining dumida bir nechta yuqoriga qayrilgan patlari bor. 24—28 haftaligida jinsiy yetiladi. Toʻdada 5—6 makiyonga bitta erkak Oʻ. qoldiriladi. Bir mavsumda (5—6 oy) 90—130 ta tuxum qiladi (sunʼiy tullatib yiliga 250 tadan tuxum olish mumkin). Tuxumi vazni 85—90 g . Tuxumidan tuxum poroshogi, melanj tayyorlashda va konditer sanoatida foydalaniladi. Tuxumdan joʻja ochib chiqish (inkubatsiya) muddati 27—28 kun. Voyaga yetgan erkak Oʻ. vazni 3—4, makiyoni 2,5—3 kg . Beradigan mahsulotiga qarab Oʻ. goʻsht, goʻshttuxum yoki tuxumgoʻsht, serpusht (sertuxum) zotlarga ajratiladi. Oʻ., asosan goʻsht uchun yetishtiriladi. Goʻshti mayin, mazali, parhez mahsulot. Xoʻjaliklarda zotli Oʻ.ning asosiy qismini p ye k i n Oʻ.lari tashkil etadi. Kichik fermer xoʻjaliklari va xususiy xoʻjaliklarda oq moskva, ukraina oq va kulrang Oʻ.i hamda xakikempbell va boshqalar zotlari boqiladi. Oʻ. goʻshti, asosan, ixtisoslashtirilgan xoʻjaliklarda intensiv texnologiya asosida yetishtiriladi. Sanoat usulida yetishtirishda Oʻ.lar goʻsht uchun maxsus kataklarda boqiladi.

Oʻ. joʻjalari goʻsht uchun (7—8 oy) har bir bosh parrandaga 8,8—9,1 kg toʻla qimmatli quruq aralash yem bilan boqiladi. Oʻ.lar suv havzalarida oʻsadigan oʻtlar, mayda jonivorlar bilan ham oziqlanadi.

Ayrim mamlakatlarda (Fransiya, Italiya, Daniya va boshqalar) sanoat parrandachiligida Janubiy Amerikada tarqalgan yovvoyi muskus Oʻ.laridan kelib chiqqan, ogʻirligi 2—5 kg gacha, goʻshti mayin, ilvasin goʻshti taʼmini beradigan, yogʻi kam muskus Oʻ. (Sashpa tokspaga) koʻproq yetishtiriladi.