Shohimardon majmuasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Shohimardon majmuasi - Xorazm viloyatidagi meʼmoriy yodgorlik (19-asr); Shohimardon qabristonida. Majmua turli davrlarda qurilgan maqbara, qorixona, oshxona, mujovur (mulla) va ziyoratchilar uchun yotoqxona hamda uning atrofida bunyod etilgan xon avlodlari va aslzodalarning maqbaralaridan tashkil topgan. Xorazmda Shohimardon nomi bilan mashhur boʻlgan xalifa Ali sharafiga qurilgan asosiy maqbara peshtoqgumbazli, bir xonadan iborat, peshtogʻi 2 qator gʻishtin sharafa bilan yakunlangan, yuzasi mayda koshinkori yashil "pechak" va "toʻrtburchak" shakllar bilan qoplangan. Yoʻl yoqasi boʻylab joylashgan 3 ta qorixona soʻnggi davr meʼmorligiga xos uslubda barpo etilgan. Bir xil kattalikda qurilgan peshtoqli 2 maqbara (biri 7 gumbaz, ikkinchisi 2 gumbaz bilan yopilgan) yon devorlariga anʼanaviy yassi ravoqlar ishlangan. "Qoʻsh mozor" nomi bilan keng tarqalgan yer osti maqbarasi 3 qismli boʻlib, bosh tarzidagi peshtoq orqali markaziy xona — miyonsaroyga kiriladi, miyonsaroyning 2 yonida kulohiy gumbaz bilan yopilgan goʻrxonalar joylashgan, shakldor ravoqlarga oʻrnatilgan ichki gumbazi ganch oʻymakorligi bilan bezatilgan. Ayrim binolar buzilgan.