Investitsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Investitsiya — (nemischa „Investition“, lotincha „Investio“) soʻzidan olingan boʻlib, asosan, ishlab chiqarishga uzoq muddatli qoʻyilmalar sarfi, yaʼni xarajatlar yigʻindisi deb talqin etilgan. Investitsiya — foyda (daromad) olish yoki ijtimoiy samaraga erishish maqsadida, davlat, xuquqiy va jismoniy shaxslar (investorlar) tomonidan cheklangan imkoniyatlardan samarali foydalanib, cheklanmagan ehtiyojni qondirish uchun iqtisodiyotning turli sohalariga maʼlum muddatga sarflangan barcha turdagi boyliklardir. Koʻpchilik iqtisodiyotni tushunmaydiganlar Investitsiyani qarz deb tushunadi. Davlat qarzi hisoblab chiqilganda Investiitsiyalar hisobga olinmaydi.

Investitsiya turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Investitsiya (lot. investio — oʻrash) — iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, tadbirkorlik loyihalariga uzoq, muddatli kapital kiritish (qoʻyish). Pulning vaqt (zamon)ga bogʻliq qiymati nazariyasiga koʻra, I. kelajakda naf olish maqsadida mablagʻlar qoʻyishdir. I. kapitalni muayyan muddatga bogʻlashni yoki band qilishni bildiradi. Bundan asosiy maqsad kapital qiymatini saqlab qolish yoki boʻlmasa kapital qiymatini vaqtda oʻstirib borishdir. Iqtisodiy mazmuni jihatdan I. turli faoliyatlarga safarbar etilgan moddiy, nomoddiy boyliklar va ularga boʻlgan huquqlarni aks ettiradi. I. sifatida pul, qimmatli qogʻozlar (aksiya, obligatsiya, sertifikat, veksel), yer, bino, inshoot kabi boyliklar, intellektual mulk boʻlgan ilmiy kashfiyotlar, ixtirolar va b. ishlatiladi. I. loyihalariga mablagʻ qoʻyuvchilar — investorlar davlat, kompaniya, korxona, chet ellik fuqarolar, aholi va b. boʻlishi mumkin.

Uning quyidagi turlari mavjud: davlat I.si — davlat byudjeti va moliya manbalari hisobidan kiritiladi; chet el I.si — xorijiy davlatlar, banklar, kompaniyalar, tadbirkorlar tomonidan kiritiladi; xususiy I. — xususiy, korporativ xoʻjalik va tashkilotlar, fuqarolar mablagʻlari, shu jumladan, shaxsiy va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan qoʻyiladi. I. qoʻyilish shakliga qarab moliyaviy (portfel) va real (ishlab chiqarish) I.ga boʻlinadi. Moliyaviy (portfel) I. — aksiya, obligatsiya va b. qimmatli qogʻozlarni sotib olishga qoʻyiladigan I.; real I. — moddiy i. ch. (sanoat, q.x., qurilish va b.) sohasiga, moddiy-ashyoviy faoliyat turlariga uzoq, muddatli mablagʻlar qoʻyish shakllarida amalga oshiriladi. Jahon tajribasida I.ni moliyalashtirish turli usul va shakllarda, shu jumladan, korxonalarni aksiyadorlashtirish va aksiyalarni joylashtirish, byudjet mablagʻlari, bank kreditlari, lizing, bevosita chet el I.lari, ipoteka, byudjetdan tashqari maxsus fondlar, amortizatsiya va xoʻjalik yuritish subʼyektlarining boshqa mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.

Keyingi davrda xalqaro iqtisodiy munosabatlarda investitsion hamkorlik rivoj topdi. Bunday hamkorlikning real, moliyaviy, intellektual (litsenziyalar, nou-xauni berish, hamkorlikda bajariladigan ilmiy ishlanmalar va b.ga mablagʻ sarflash) koʻrinishlari bor.

Investitsion hamkorlik umumjahon va milliy muammolarni hal qilishga xizmat qiladi. Jahondagi bevosita I. faol oʻsib bormoqda: 1980-y.lar oʻrtalarida jahon boʻyicha umumiy yillik I. hajmi 450 mlrd. dollarni tashkil qilgan boʻlsa, 1990-y.lar oʻrtalariga kelib I. hajmi 2 trln. dollardan oshdi.

Oʻzbekiston Respublikasida bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida respublika iqtisodiyotida tuzilmaviy oʻzgarishlarni amalga oshirishda I.dan samarali foydalanilmoqda. OʻzRda 1996-yildan boshlab respublika hukumati har yili davlat byudjeti va byudjetdan tashqari fondlar mablagʻlari hisobidan kapital qoʻyilmalar limitlari, chet el investitsiyalari va hukumat kafolati b-n olingan kreditlar hisobiga aniq qurilishlar dasturi, shuningdek, bevosita chet el I. va kreditlari hisobiga qurilishlar dasturidan iborat boʻlgan Davlat I. dasturini qabul qiladi. Respublika iqtisodiyotiga I. kiritishda davlat byudjeti mablagʻlari, chet el investitsiyalari, korxonalarning oʻz mablagʻlari va aholi jamgʻarmalari qatnashmoqda. Respublikada aholining qimmatli qogʻozlarga jamoaviy I.ni amalga oshiradigan xususiylashtirish I. fondlari (XIF) va kompaniyalari tarmogʻi rivoj topdi. 2000-yilda moliyalashtirishning jami manbalari hisobidan mamlakat iqtisodiyotiga salkam 700 mlrd. soʻm, shu jumladan, 810 mln. AQSH dollari investitsiyalandi. Uning 30,3% ni respublika byudjeti, 39,1% ni korxonalar va aholi mablagʻlari, 7,5% ni banklar kreditlari va b. qarz mablagʻlar, 21,7% ini chet el investitsiyalari va kreditlari, 1,4% ni byudjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari tashkil qiladi. Respublikada I. faoliyatining huquqiy bazasini yaratishda "Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida" (1995-yil 5 may), "Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida" (1998-yil 12 dek.), "Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida" (1998-yil 30 apr.), "Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida" (1998-yil 30 apr.), "Lizing toʻgʻrisida" (1999-yil 14 apr.), "Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida" (2001-yil 30 avg.) qonunlarining qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega boʻldi. Investitsiya faoliyatida investorlar har bir mamlakatdagi investitsiya muhiti b-n bogʻliq boʻlgan koʻpdan-koʻp xatarlarga duch keladilar. Shu sababli I.ni, ayniqsa, chet el I.larini sugʻurta qilish muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda xorijiy I.larni sugʻurtalash sohasida 1994-yilda tashkil etilgan "Oʻzbekinvest" eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi faoliyat olib boradi[1].

Real investitsiya - asosiy fondlar va aylanma mablagʻlarga investorlar tomonidan qoʻyiladigan barcha turdagi boyliklar.

Moliya investitsiyalar - qimmatli qogʻozlar (aksiya, obligatsiya) sotib olishga va bank depozitlariga uzoq muddatga jalb qilingan qo'yilmatlar.

Intellektual investitsiyalar - mutaxassislarni tayyorlash, tajriba, ilmiy tekshirish, litzensiya va nou-xou berish, avtorlik huquqi va boshqalar.

Investitsiyalar kim tomonidan kiritilishiga qarab 2 turga boʻlinadi:

  1. Ichki investitsiyalar.
  2. Tashqi investitsiyalar.

Ichki investitsiyalar — mamlakat hududida ichki investorlar tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar hisoblanadi.

Tashqi investitsiyalar — foyda olish maqsadida chet el investorlari tomonidan boshqa davlat iqtisodiyotiga qo'yiladigan investitsiyalardir.

Mashhur investorlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dunyo investorlik bozorida Uorren Baffetni eshitmagan iqtisodchi bo'lmasa kerak. 2013-yil Martda Forbes jurnali o'zining Forbes 400 rukni ostidagi ro'yxatda Baffet 2-o'rindan joy oldi. Baffet barcha intervyu va maqolalarida bir narsani qattiq ta'kidlab kelgan: "Investitsiyada eng ishonchli strategiya bu - uzoq muddatli va chuqur tadqiqotga asoslangan strategiya".

Yana bir mashhur investorlardan biri Edvard Torp, 1970-80-yillarda to'siqli jamg'arma (hedge fund) sohasida muvaffaqqiyat qozongan, Baffetning mulohazalari bilan o'xshash fikrlarni bildirgan.Ko'pchilik sarmoyachilar investitsiya tamoyillaridan biri pul nazoratida qo'l keladigan Kelli mezonidan foydalanishadi. Onlayn orqali Kelli mezoni uchun qulay bo'lgan foydali hisoblagichlarni topish mumkin.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil