Qushlar
Qushlar — umurtqali qushlardir. Trias davrida yashagan sudralib yuruvchilarning psevdozuxlar turkumidan kelib chiqqanligi taxmin qilinadi. . Ayrim morfologik belgilar (orqa oyoqlardagi muguz tangachalar, muguz tumshuq va boshqalar) hamda fiziologik xususiyatlari (tuxum qoʻyishi)ga koʻra qushlar sudralib yuruvchilarga oʻxshaydi, lekin tanasi pat bilan qoplanganligi tufayli ulardan farq qiladi. Patlar qushlar tanasida issiqlikni saqlaydi; uchishda havo qarshiligini kamaytirib, havoda koʻtarish yuzasini hosil qiladi (qanot, dum). Uchish va har xil harakatlanish (yugurish, suzish, shoʻngʻish)ga moslanish qushlar tayanch-harakat sistemasining oʻziga xos tuzilishiga sabab boʻlgan. Qanotlarning paydo boʻlishi bilan oldingi oyoqlar, yelka kamari suyaklari va muskullari shakllangan (koʻkrak toj suyagi rivojlangan, uchish muskullari tana vaznining 25% ini tashkil etgan); yerda 2 oyoqda yurganida murakkab yaxlit tuzilgan dumgʻaza va orqa oyoqlari muskullari qayta muvozanat saqlash vazifasini bajaradi. Qushlarning qovurgʻalari oʻzaro harakatchan qoʻshilgan 2 qismdan iborat boʻlib, nafas olishda koʻkrak qafasi hajmining oʻzgarishiga, yaʼni elastikligi kam oʻpka toʻqimasi orqali havoni havo xaltalariga va naysimon suyaklar boʻshligʻiga oʻtishiga yordam beradi. Qushlarda nafas olish jarayoni oʻziga xos kechadi. Qushlarning bronxlari havo xaltachalari bilan (9–10 tacha) tutashgan. Nafas olish havo oʻpkadan xaltachalarga oʻtayotganida va ulardan yana oʻpka orqali qaytib chiqayotganida sodir boʻladi. Havo xaltachalari termoregulyatsiyada ishtirok etadi; suvda suzuvchi qushlarda esa shoʻngʻishda tana tigʻizligini oʻzgartirishga imkon beradi. Ovqat xiliga moslanish qiziloʻngachning ixtisoslashuvi (ayrim qushlarda jigʻildonning rivojlanishi), muskulli oshqozonning paydo boʻlishi va ichakning uzayishiga olib kelgan. Qushlarning toʻgʻri ichagi rivojlanmagan. Ayirish organlari 2 ta yirik buyraklar tana vaznining 1–2% ini tashkil etadi; qovugʻi boʻlmaydi. Ichagi, siydik chiqarish va jinsiy bezlari sistemasi yoʻli kloakaga ochiladi. Qattiq poʻchoq bilan qoplangan yirik tuxum qoʻyishi tufayli qushlarning chanoqkamari suyaklari yiriklashgan. Qushlar narida 2 tadan urugʻdon va urugʻ yoʻli, modasida faqat chap tuxumdon va tuxum yoʻli rivojlangan (yapaloqqushlar va yirtqich qushlarda oʻng qismi ham bor). Urugʻdon va tuxumdonlar oʻlchami jinsiy sikl davriga bogʻliq. Masalan, uya qurish oldidan urugʻdonlar 300–1000 marta kattalashadi. Qon aylanish sistemasining tuzilishi va fiziologik xususiyatlari, yuragining nisbatan yirik boʻlishi va jadal ishlashi, yuqori qon bosimi moddalar almashinuvining tezlashuvi bilan bogʻliq. Masalan, kolibri yuragi tana massasining 2,85% ini tashkil etadi; 1 daqiqada 1000 martagacha qisqaradi. Koʻrish oʻtkirligi va rang ajrata olish, yaxshi eshitish xususiyati qushlarning yaqin va uzoqdagi narsalarni tezroq tanib olishida, tur individlari va turlar oʻrtasidagi munosabatlarda katta ahamiyatga ega. Qushlarning tovushlarni taniy olish va tovush chiqarish xususiyatlari rivojlangan. Bosh miya bazal yadrolarining rivojlanganligi, koʻrish boʻlaklari va miyachaning yirikligi qushlar nerv faoliyatining sudralib yuruvchilarga nisbatan yuqori boʻlishiga olib kelgan. Qushlar muhit sharoitiga oʻz ehtiyojiga qarab faol moslanish (uya qurish, oziq gʻamlash va boshqalar) xususiyatlarga ega.
Qushlar quruqlik umurtqalilari orasida eng xilma-xil hayvonlar. Ular 2 kenja sinf: kaltakesak dumlilar (1 ta qirilib ketgan turkum kiradi) va yelpigʻich dumlilarga ajratiladi. Yelpigʻich dumlilarga 34 turkum (jumladan 28 ta hozirgi turkum) va 9000 ga yaqin tur kiradi. Qushlar Arktikadan boshlab Antarktika sohalarigacha boʻlgan barcha tabiiy mintaqalarda, koʻpchilik (80% ga yaqin) turlari tropik mintaqalarda tarqalgan. Oʻzbekiston faunasida qushlarning 19 turkumga oid 440 dan koʻproq turi maʼlum.
Yashash joyiga binoan qushlarni bir necha yirik ekologik guruhlar, masalan, oʻrmon qushlari, choʻl va dasht qushlari, suv havzalari (suvda suzuvchi) qushlar, botqoq va sohil qushlariga; ular hayotining yil fasllari boʻyicha oʻzgarishiga binoan uchib ketuvchi, koʻchib yuruvchi va oʻtroq qushlariga boʻlinadi. Qushlarning koʻpayishi siklik tarzda jinsiy bezlarning fasliy rivojlanishiga muvofiq ichki (gormonal) va tashqi (kun uzunligi va boshqalar) omillar taʼsiriga bogʻliq. Qushlarning uya qurish joyi va uya qurish usuli xilma-xil. Qushlar 1 tadan 20–25 tagacha tuxum qoʻyib, ularni 12 kundan 80 kungacha bosib yotadi. Tuxumdan chiqqan joʻjalarning holatiga binoan Qushlar jish joʻja ochuvchi qushlar va joʻja ochuvchi qushlarga ajratiladi. Jish joʻja ochuvchi qushlarning tuxumdan chiqqan bolasining koʻzi yumiq, patlari siyrak; joʻja ochuvchi qushlarning tuxumdan chiqqan joʻjasi onasi orqasidan ergashadigan va mustaqil oziqlana oladigan boʻladi.
Ahamiyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qushlarning tabiat va inson hayotidagi ahamiyati xilma-xil boʻlib, oʻsimliklarni changlantirish, ular urugʻlarini tarqatish, zararkunanda hasharotlar va kemiruvchilarni qirish (ular sonini boshqarish)dan iborat. Ayrim qushlar bogʻlar va donli ekinlarga ziyon yetkazadi, yuqumli kasalliklar tarqatadi. Qushlar ovlanadi; bir qancha turlari xonakilashtirilgan. Qushlarning tabiatdagi estetik ahamiyati ayniqsa katta: ularning sayrashi bogʻ va xiyobonlarni jonlantiradi; insonda zavqlanish hissini uygʻotadi.
Muhofaza qilish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qushlarning turlari soni tobora kamayib bormoqda. XVII asr boshlaridan buyon 100 ga yaqin qushlar turi qirilib ketgan, bir qancha turlari yoʻq boʻlib ketish arafasida turibdi. Qushlarni muhofaza qilishga qadimdan harakat qilib kelinadi. Qadimgi Hindistonda miloddan 200 yil avval qushlar muhofazasi toʻgʻrisida qonun mavjud boʻlgan. Hozirgi hamma mamlakatlarda qushlar muhofazasi boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Noyob va qirilib ketish xavfi ostidagi turlarni saqlab qolish maqsadida xalqaro mamlakatlar va regional Qizil kitoblar yaratilgan. Xalqaro konvensiya, bitim, memorandumlar tuzilgan. Maxsus fondlar tashkil etilgan. 1885-yil birinchi boʻlib qushlarni muhofaza qilish Odyubonov jamiyati tuzilgan. 1872-yil Yellouston milliy bogʻi (AQSH), 1910-yil Shveysariyada tabiatni muhofaza qilish jamiyati ish boshlagan. 1913-yil tabiatni muhofaza qilish boʻyicha birinchi xalqaro anjuman oʻtkazilgan.
XX asrning 2-yarmidan boshlab qushlarning yashash joylarini saqlab qolishga eʼtibor kuchaytirildi. Muhofaza qilish hududlari (milliy bogʻlar, qoʻriqxonalar) tashkil etila boshlandi. 1971-yil suv va botqoqlik hududlari muhofazasi boʻyicha xalqaro konvensiya ishlab chiqildi. Qushlar muhofazasi boʻyicha xalqaro hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda.
Oʻzbekistonda
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasi 1995-yilda „Biologik xilma-xillik toʻgʻrisida“gi, 1997-yilda „Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisida“gi, 1998-yilda „Koʻchib yuruvchi hayvonlar turlarini muhofaza qilish toʻgʻrisida“gi, 2001-yilda „Xalqaro ahamiyatga ega, ayniqsa, suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari boʻlgan suv botqoqlik joylar toʻgʻrisida“gi konvensiyalarga qoʻshildi. „Ingichka tumshuqli balchiqchi, Sibir turnasi (oq turna), Afrika — Yevrosiyoning suvda suzuvchi koʻchmanchi qushlarini muhofaza qilish tadbirlari yuzasidagi hamfikrlik meleorandumlari“ kabi xalqaro bitimlar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Fauna mira. Ptitsm. M., 1991; Jizn jivotnnx, t. 5, M., 1970; Obshaya ornitologiya, M., 1982; Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobi. T., 2003; Soxraneniye biologiches-kogo raznoobraziya natsionalnaya strategiya i plan deystviy RUz, T, 1998;Laxanov J.L., Oʻzbekistonning umurtqali hayvonlari aniq-lagichi, T, 1988; Vinokurov A.A., Redkiye ptitsm mira, M., 1987.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |