Gʻoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xonaki gʻoz

Gʻoz, xonaki gʻoz — oʻrdaksimonlar oilasiga mansub parranda turi. Yevrosiyoning tundra va oʻrmon tundra zonasida yashovchi kulrang turi gʻozlarning urugʻboshi hisoblanadi. Gʻoz parhez goʻshti uchun deyarli barcha mamlakatlarda boqiladi. Gʻozning tana tuzilishi qayiqsimon, boʻyni uzun, oyoq barmoqlari suzuvchi parda bilan oʻralgan. Tumshugʻining shakli har xil(toʻgʻri, qayrilgan, choʻqqaygan kabi). Ayrim gʻozlarining tumshugʻi ustida doʻmbogʻi bor. Patlarining rangi oq, kulrang , qoʻngʻir, dogʻli boʻladi. Tumshugʻi sargʻish-qizil. Kamdan-kam qora. Pat qoplami tigʻiz, sovuqdan yaxshi himoya qiladi. Gʻozlar boshqa xonaki parrandalarga nisbatan kechroq (34—44 haftaligida) jinsiy yetiladi. Xoʻjalikda 3—4 yil foydalaniladi (ayrim hollarda 5 yil). Toʻdada 3— 4 makiyonga 1 nar gʻoz. qoldiriladi. Makiyoni 265—350 kunligida iqlim sharoitlariga koʻra (qishda, bahorda) tuxumga kiradi. Bir mavsumda 30—50 (ba'zan 100 tagacha) dan koʻp tuxum qiladi. Joʻjasi 29—30 kunda tuxumdan chiqadi. Gʻozning xitoy, kuban zotlari birinchi yili foydalanishda eng mahsuldor hisoblanadi. Voyaga yetgan nar gʻozlarning tirik vazni 5 — 8 (15), makiyonlariniki 4—7 (12) kg gacha. Yaxshi boqilgan gʻozlar 9 oyligida (3.5 — 4,5 kg) goʻshti uchun soʻyiladi. Asosan, goʻshti uchun boqiladi (goʻshti tarkibida 16% oqsil, 35% ga yaqin yogʻ bor). Goʻsht ishlab chiqarish uchun yirik kulrang, kuban, xolmogor, italiya, reyn zotli gʻozlar boqiladi. Pati va momigʻi sanoat uchun qayishqoqligi, suv oʻtkazmasligi, issiqlik oʻtkazuvchanligi, chidamliligi tufayli qimmatli xomashyo hisoblanadi. Gʻozlar maxsus fermalarda boqiladi. Yosh joʻjalari goʻsht uchun 9 haftaligida soʻyiladi. Naslchilik toʻdalarida katta yoshli gʻozlar bir yilda 130 kg toʻla qimmatli aralash yem bilan boqiladi. Bir sutkada bir bosh gʻoz uchun ozuqa ratsioni (grammda): don — 150—200, kunjara va shrot — 15—20, yashil va shirali ozuqalar — 400—500. oʻt uni — 20—30, achitqi yem — 7—10, mineral ozuqalar.

Ayrim mamlakatlarda (Vengriya, Polsha, Fransiya kabi) sanoat parrandachiligida land, tuluza, italiya. reyn, venger zotli gʻozlar koʻp boqiladi.