Olmaxon Hayitova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Olmaxon Hayitova (1940.6.3, Xonqa - 2014.1.1) — xonanda, Oʻzbekiston xalq artisti (1993). Ashula aytishni dastlab Oʻ.Saidov, keyinchalik K.Otaniyozovdan oʻrgangan. Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan (1974). Ayollar orasida tor chalib kuylashni rasm qilganlardan biri. Yangiyoʻl teatri (1958-59), "Xorazm" (hozirgi "Lazgi") ansambli (1959-yildan)da yakkaxon xonanda. "Oʻzbeknavo" birlashmasining Xorazm viloyati boʻlimi rahbari (1995 — 2003), Toshkent madaniyat institutida professor (2003-yildan). H. barcha pardalarda jarangdor. kuchli va keng diapazonli ovoz sohibasi. Repertuaridan ommabop qoʻshiqlar, mumtoz ashulalar ("Feruz — 1", "Toshkent Irogʻi" va boshqalar), Xorazm xalq doston qoʻshiqlari ("Oshiq Gʻarib va Shohsanam"dan "Ozod qil", "Bilo-bilmadim", "Xatingni" va boshqalar), bastakor va kompozitorlar asarlari (Hojiabdulazizning "Guluzorim", "Samarqand Ushshogʻi", K. Otaniyozovning "Naylayin", S. Hayitboyevning "Oʻzbekiston gullari" va boshqalar), shuningdek, turkman, ozarbayjon xalq qoʻshiqlari oʻrin olgan. Ijrolari Oʻzbekiston radiosi fonotekasiga (jami 250 dan ortiq), bir necha gramplastinka ("Oʻzbekiston gullari", 1976 va boshqalar) va audiokassetaga yozilgan. H. ijodiga bagʻishlangan "Olmaxon Hayitova kuylaydi" telefilmi ishlangan (1982). Bir qator mamlakatlarda gastrolda boʻlgan. Olmahon Hayitova 73 yoshida qandli diabet kasalligidan vafot etdi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil