Aksiyadorlar jamiyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Aksiyadorlar jamiyati – daromad topish maqsadida hissadorlik tamoyiliga binoan uyushgan sherikchilik jamiyati. Aksiyadorlar jamiyati boshqa sherikchilik korxonasidan farqliroq, muomalaga nominal qiymati koʻrsatilgan aksiyalar chiqarish va uni sotish yoʻli bilan tarqatish bunday jamiyatning moliyaviy negizini tashkil etadi. Aksiya egalari dividend shaklida daromad oladilar. Aksiyadorlar jamiyatining ochiq va yopiq jamiyat shaklidagi koʻrinishlari bor:

  • Yopiq aksiyadorlar jamiyati – aksiya egalari maʼlum guruh, masalan, taʼsischilarning oʻzi bilan cheklanadi. Aksiyalar faqat ularning oʻrtasida tarqatiladi.
  • Ochiq aksiyadorlar jamiyati – jamiyat aksiyalari erkin sotiladi va sotib olinadi, aksiyadorlar soni cheklanmagan, xohlagan va aksiya olishga puli bor yuridik yoki jismoniy shaxs, shu jumladan, ajnabiy shaxslar uning aʼzosi boʻla oladi.

Aksiyadorlar jamiyati pulni bir yerga toʻplab biznesga qoʻyish uchun tuziladi. Uning tashkilotchilari taʼsischilar deb yuritiladi. Taʼsischi firmalar, banklar, davlat va ayrim fuqarolar boʻlishi mumkin. Aksiyadorlar jamiyatining afzalligi shundaki, u mayda pulni toʻplab yirik pulga aylantirish, yaʼni kapital boʻla oladigan pulga aylantirishdan, mayda puldorlarning pulini ham biznesga qoʻyishdan iborat. Aksiyadorlar jamiyatini boshqarishning oliy organi – aksiyadorlar majlisi, soʻngra – direktorlar kengashi va quyi boʻgʻini – boʻlinmalar boshqarmasidan iborat. Aksiyadorlar majlisi aksiyadorlar jamiyati yillik hisobotini, nizomdagi oʻzgarishlarni, daromadning taqsimlanishini, foyda-zarar hisob-kitobini, taftish natijalari, rahbarlarni saylash masalasini koʻrib chiqadi va tegishli qarorlar qabul qiladi. Dastlab aksiyadorlar jamiyati 17-asrda paydo boʻlgan, hozir keng tarqalib, ommaviy tus olgan. Oʻzbekistonda aksiyadorlar jamiyati bozor islohotlari davomida mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida paydo boʻldi, davlat korxonalarini aksiyadorlar jamiyati aylantirish mulkiy oʻzgarishlarning yoʻnalishlaridan biriga aylanadi. Islohotlarning birinchi bosqichida yopiq turdagi aksiyadorlar jamiyati tashkil topdi. Uning 2-bosqichida ochiq turdagi aksiyadorlar jamiyati shakllana boshladi. Oʻzbekistonda 1995-yilda 2255 ta, 1996-yilda 5500 ta aksiyadorlar jamiyati ishladi. Oʻzbekistonda aksiyadorlar jamiyati nodavlat sektoriga kiradi. Aksiyadorlar jamiyati mustaqil, lekin ular davlat belgilagan qonun-qoidalar asosida ish koʻradi. Ularning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining „Aksiyador jamiyatlar va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida“ (1996.25.4) qonuniga binoan olib boriladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil