Xalfa (folklor)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Xalfa (folklorda) — Xorazm vohasida mahalliy ogʻzaki ijod namunalarini ijro etuvchi ayol. Xalfalar faoliyat koʻrsatish sharoitiga koʻra ikki yoʻnalishga boʻlinadi: toʻy va bazmlarda qoʻshiqlar ijro etuvchi „sozi xalfa“ hamda „kitobiy xalfa“ — taʼziya va marosimlarda kitob oʻquvchi ayol, otin (otinoyi). Ularning ikkalasi ham „ichkari“da ayollarga xizmat kilgan.

„Sozi Xalfa“lar sanʼatida joʻrnavozli va yakka ijrochilik mavjud. Ansambl uch kishidan tarkib topadi: Xalfa (garmon chaladi va qoʻshiq aytadi), doirachi (qoʻshiqlarga joʻr boʻladi, baʼzan raqs tushadi) va oʻyinchi (raqs tushadi va lapar aytadi). Xalfalar repertuaridan asosan „Toʻy muborak“, „Yoryor“, „Oshiq“ turkumidagi („Tohir va Zuhra“, „Oshiq Alband“, „Asli va Karam“, „Hurliqo va Hamro“, „Oshiq Gʻarib va Shohsanam“ kabi) dostonlardan parchalar, Mahtumquli va boshqa shoirlarning sheʼrlari asosidagi nasihat va raqsbop qoʻshiqlar oʻrin olgan. Ijodkor xalfalar zamonning muxim masalalariga bagʻishlangan asarlar yaratib, ularga oʻzlari kuy bastalaganlar. Masalan, Xonim Suvchi Sayidahmad qizi (1858—1926) ning „Bevafo zolim“, Bibijonim Qosim Devon qizining „Ayrildim“, Anash choʻloq (Onajon Sobirova, 1885—1952) ning „Onajondek dilbar jahona galdi“, Ojiza (Onabibi Otajonova, 1889—1961)ning 30 dan ortiq qoʻshiqlari Nazira Sobirova, Roziya Matniyoz qizi, Saodat Xudoyberganova va hozirgi xalfalar tomonidan kuylanmoqda.

„Kitobiy Xalfa“lar esa, asosan, taʼziya, „Ulli pir“, „Mushkul kushod“ kabi marosimlarda „Gʻavsuli Aʼzam“, „Paygʻambarlar hikoyati“, „Bobo Ravshan“, ‘‘Bibi Seshanbaʼ’ va boshqa diniy mavzudagi kitoblarni yakka holda oʻqib ayollar dardini yengillatishadi va maʼrifat tarqatishadi.

Adabiyot[tahrir]

  • Yunusov R., Olti xalfa, Xiva, 1994.