Qovun

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qovun— qovoqdoshlar oilasi bodring turkumiga mansub bir yillik oʻt oʻsimliklar turi; poliz ekini. Ayrim hollarda mustaqil turkumga ajratiladi. Yovvoyi holda Jan.-Gʻarbiy Osiyo va Afrikada uchraydi. Madaniy navlarining vatani — Kichik va Oʻrta Osiyo (2 ming y. dan beri ekiladi). Q. Jan. Yevropada, Osiyoning koʻpgina r-nlarida, Shim. Amerika (AQSH) va boshqalarda yetishtiriladi. Markaziy Osiyoda q. ekiladigan maydoni jihatidan poliz ekinlari orasida 1-oʻrinda turadi. Q.ning madaniy kenja turlari: Oʻrta Osiyo Q.i, Kichik Osiyo Q.i, Yevropa Q.i; yarim madaniy kenja turlari: ilonsimon Q., xitoy Q.i; yovvoyi hamda itqovunlar bor. Ildizi oʻqildiz. uz. 1 m gacha boradi. Palagi ingichka, yotib oʻsadi. Juda koʻplab yon shoxlar chiqaradi. Barglari uzun bandli, palakda ketma-ket joylashgan. Gultoji sariq, odatda, besh tojbargli, otaliklari beshta, changdonlari ikki uyali, bir uyli, ayrim jinsli. q. mevasining shakli turlicha (yumaloq, ovalsimon, choʻzinchoq va b.). Poʻsti qalin (1,5—2 sm), oʻrtacha (1 — 1,5 sm), yupqa (0,5— 1,4 sm), qattiq; eti juda yumshoq, yumshoq, kuvrak, sersuv, sershira, qumoq, baʼzilariniki tolali, rangi oq, qizil, sargʻish, yashilroq. Urugʻi oq, och sariq va sariq. 1000 dona urugʻi vazni 30—45 g . Naviga qarab Q. vaznida eti 63—84, poʻsti 10—30. urugʻi va urugʻtutarlari 3,1—7,7% ni tashkil etadi. Mevasi garkibida 8—20% quruq modda, 18% qand (saxaroza), 0,1—0,7% kletchatka, 0,2—35,2 mg% S, RR vitaminlari, folat kislota, kaliy, natriy, kaltsiy, magniy, temir, fosfor, oltingugurt va boshqa mikroelementlar bor.

Q. issiqsevar, yorugʻsevar oʻsimlik, qurgʻoqchilikka va tuproq shoʻrlanishiga chidamli. Jahonda eng yaxshi Q.lar Oʻzbekistonda yetishtiriladi. Xalq seleksiyasida uning 150 dan ortiq navi yaratilgan. Oʻzbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik institutida ilmiy seleksiya asosida chiqarilgan va yaxshilangan 50 dan ortiq nav r-nlashtirilgan. Oʻzbekistonda ekiladigan qovun navlari toʻrt botanik turga mansub: handalak, amiri, kassaba va zard. Handalak turiga deyarli barcha ertapishar Q. navlari — Koʻkcha, Handalak, sariq handalak, Zamcha va boshqa kiradi. Amiri turiga barcha yozda pishadigan Q. navlari — Davlatboy, Toshloqi, Dahbedi, kassaba turiga Boʻrikalla, Gurvak, zard turiga qishki Q. navlari (Umrboqiy, Koʻybosh, Gulobi) va boshqa kiradi. Urugʻi tuproq harorati 14— 15° ga yetganda una boshlaydi (13° dan past haroratda urugʻ chiriydi). Ekilgandan keyin 5—7 kunda maysa unib chiqadi. Q.ning ertapishar, oʻrtapi-shar, kechpishar navlari bor. Ertapishar navlari 55—65, oʻrtapisharlari 67—70, kechpishar navlari 80— 90 kunda yetiladi. Q. yangiligida yey-iladi, qoqi solinadi. Shinni, murabbolar qilinadi. Tibbiyotda bod, belangi, sil, kamqonlik, ziqnafas, jigar va buyrak kasalliklarini davolashda tavsiya etiladi. Sepkil, dogʻ va boshdagi qazgʻoqni yoʻqotishda foyda qiladi. Xalq tabobatida podagra (niqriz) ga davo, peshob haydovchi, qabziyatdan xoli qiluvchi, asabni tinchlantiruvchi omil sifatida qoʻllaniladi. Q. Oʻzbekistonda 3 muddatda: ertapishar navlari 10—30 aprelda, oʻrtapishar navlari 20 aprel — 15 mayda, kechpishar navlari 10— 30 mayda, pushta kengligi 2,8 – 3 m, tuplar oraligʻi 70x90 sm qilib, dorilab 2—3 kun ivitilgan urugʻlar 3—4 tadan 3—6 sm chuqurlikka (ayrim xoʻjaliklarda xanjuvar qilinib) ekiladi. Chopiq paytida yagana qilib bittadan oʻsimlik qoldiriladi. Oʻsuv davrida qator oralari 2—3 marta yumshatiladi (chopiq qilinadi). Tuproq sharoitiga qarab 5—6 marta sugʻoriladi. Hosildorligi 250—300 s/ga. Oʻzbekistonda Q.ning 36 dan ortiq navi r-nlashtirilib, davlat reyestriga kiritilgan (2004). Eng koʻp ekiladigan navlari: Oqurugʻ, Asati, Boʻrikalla, Koʻktinna, Koʻkcha, Choʻgari, Qizilurugʻ, mahalliy sariq handalak, Obi novvot, Shakarpalak va boshqa

Erta hosil olish uchun issiqxonalarda yoki ochiq dalada plyonka ostida koʻchatidan ekib yetishtiriladi.

Zararkunandalari: poliz biti, oʻrgimchakkana, qovun pashshasi, koʻk qurt tunlami va boshqa

Kasalliklari: oqpalak, qovun bakteriozi, makrosporioz va boshqa

Adabiyot[tahrir]

  • Oʻzbekiston qovunlari, T., 1962; Yermoxin V.N., Karimov A.K., Oʻzbekiston qovunlari, T., 1969; Ostonaqulov T.E., Sabzavot ekinlari biologiyasi va oʻstirish texnologiyasi, T., 1997; Boʻriyev X.Ch.. Ashurmatov O.A., Poliz ekinlari biologiyasi va yetishtirish texnologiyasi. T.. 2001; Hakimov R.A., Hakimov A.S.. Toshmuhamedov A., Sabzavot va poliz ekinlari urugʻchiligi, T., 2003.

Abdulaziz Abbosov.

Manbalar[tahrir]