Ushbu maqola xushsifat maqolalar sarasiga kiradi.
Bu maqolani tinglang

Anor Mahmudova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Anor Mahmudova
(Anora Mahmudova)
Anor Mahmudova.jpg
Tavalludi
Anor Madaminovna Mahmudova

2-may 1942-yil (1942-05-02) (80 yosh)
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi pedagog
Turmush oʻrtogʻi Azamat Habibullayev
Otasi Madamin Mahmudov
Taʼlimi Xorazm pedagogika instituti
Millati oʻzbek
Faoliyat yillari 1964-yildan hozirgacha
Mukofotlari Oʻzbekiston qahramoni SU Medal Veteran of Labour ribbon.svgSU Medal For Labour Valour ribbon.svg Mehnat shuhrati ordeni
Shohrat rib.png Shohrat rib.png Shohrat rib.png Shohrat rib.png Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil.png
Unvoni Oʻzbekiston qahramoni
Ushbu maqolani tinglang (7 daqiqa)
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 26-iyul, 2022-yil(2022-07-26) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Anor (Anora) Madaminovna Mahmudova (1942-yil, 2-may, Gurlan tumani, Xorazm viloyati, OʻzSSR, SSSR) — Oʻzbekiston qahramoni. Ilgʻor oʻzbek pedagogi. Xalq taʼlimi tizimining taniqli namoyandasi.

Oʻzbekiston qahramoni oliy unvoni (2004), Mehnat shuhrati ordeni (1999), Mehnat faxriysi (1989), Mehnatdagi jasorati uchun (1981) medallari, Xalq maorifi aʼlochisi koʻkrak nishoni (1978), Mustaqillik bayrami arafasida beriladigan (2006—2017) va Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil (2017) esdalik nishonlari sohibasi.

Anor Mahmudova xalq taʼlimida qariyb 60 yilga yaqin mehnat qilib kelyapti. Turli yillarda matematika oʻqituvchisi (1964—1972), hunar bilim yurti direktori (1972—1984), xalq taʼlimi boʻlimi mudiri (1984—1986) lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1986-yildan hozirgacha, uzoq yillar Gurlan shahridagi Ibn Sino nomli 5-maktab direktori vazifasida ishlab kelmoqda.

Bolalik va yoshlik yillari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Anor Mahmudova 1942-yil 2-mayda Xorazm viloyatining Gurlan shaharchasida tugʻilgan[1][2]. Otasi Madamin Mahmudov Ikkinchi Jahon urushi davrida boshlangʻich sinflarga dars bergan. Shu sababli kichkina Anor bolalik chogʻlaridan pedagog boʻlishni orzu qilgan[3].

Gurlan tumanidagi 1-sonli maktabni Oltin medal bilan[2] yakunlagan Anor 1959—1964-yillarda Xorazm pedagogika institutining (hozirda Urganch davlat universiteti) fizika-matematika fakultetida taʼlim olgan. Institutda oʻqish davrida u eng namunali talaba va oʻz davrining oʻziga xos „jamoatchilik faoli“ boʻladi, oʻqituvchilar va talabalar orasida obroʻ-eʼtibor qozonadi[3], Lenin stipendiyasiga sazovor boʻlib[1], Polsha va Germaniyaga sayohat qiladi[3]. Institutni imtiyozli diplom bilan tamomlaydi[2].

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Anor Mahmudova oʻzining professional faoliyatini oliy taʼlimni tugatgan 1964-yildan boshlab Gurlan tumanida, oʻzi avval tahsil olgan 1-maktabda matematika va fizika oʻqituvchisi boʻlib ishlashdan boshladi. Hamkasblari, uni oʻziga avval dars bergan oʻqituvchilari profesional faoliyati davridagi ilk ustozlari ham boʻlishdi[2]. U bolalar bilan ishlashning qiziqarli shakllari va usullarini oʻylab topib mashgʻulotlar oʻtkazdi. Oʻquvchilar va oʻqituvchilarning hurmatiga sazovor boʻlgan Anor Mahmudovaning faoliyati tuman miqyosida qiziqish uygʻotdi. Ikki yillik pedagogik stajga ega Anor Maxmudova 1966-yilda maktab direktoriga o‘quv-uslubiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimiga tayinlandi[2], keyin esa o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. Vaqt o‘tishi bilan uning o‘qituvchilik kasbiga bo‘lgan mehri uni yangi marralarga olib keldi[3]. 1978-yilda Xalq maorifi aʼlochisi koʻkrak nishoni, 1981-yilda Mehnat jasorati uchun medali bilan taqdirlandi[1].

1982-yili Gurlan tumanida 35-sonli tex­nika bilim yurti tashkil qilinib, Anor Mahmudovaga direktorlik vazifasi topshirildi[2][3]. Uning davrida texnika bilim yurti faoliyati Xorazm vohasiga ovoza boʻldi. Baʼzi bir manbalarga koʻra texnikum xalq tilida „Anora Mahmudovaning aspiranturasi“ degan nom bilan tilga olinadi[4].

Gurlan shaharchasi shahar maqomini olganidan soʻng, Gurlan tumani hokimining saʼy-harakatlari bilan[4], Anor Mahmudova 1984-yilda Gurlan shahri Xalq taʼlimi boʻlimining birinchi mudiri lavozimiga taʼyinlandi[2]. Keyinchalik, maktabdagi ishiga qaytmoqchi bo‘lganligi sababli 1986-yilda uning „Menga kasb emas, maktab kerak“ degan iltimosiga binoan Gurlan tumani markazida yangi tashkil etilgan 6-sonli (hozirda, 5-sonli[2]) maktabga direktor lavozimiga tayinlandi[3][4].

Anor Mahmudova 1986-yildan hozirgacha Gurlan shahridagi Ibn Sino nomli 5-sonli maktab direktori vazifasida ishlab kelmoqda. Oʻzbekiston SSSR tarkibidan chiqib, mustaqillikka erishganidan soʻng, Anor Mahmudova saʼy-harakatlari bilan, 5-sonli maktab o‘quvchilarining chet tili bo‘yicha bilimlarini oshirish maqsadida 1996—2004-yillarda O‘zbekistondagi Tinchlik korpusi bilan hamkorlikda maktabda 4 nafar amerikalik ko‘ngillilar o‘zbek o‘quvchilariga ingliz tilidan sa­boq berishadi[2].

Anor Mahmudovaning 2001-yilda yozgan „Milliy istiqlol g‘oyasini ongimizga singdirib, qalbimizga payvand qilamiz“ nomli risolasi viloyat ijodkor o‘qituvchi­lari tanlovida 1-o‘rinni oldi[2].

2002-yildan boshlab 5-sonli maktabning 8—9-sinflarida informatika fani o‘qitilayotgan bo‘lsa-da, Anor Mahmudova boshlang‘ich sinflarning iqtidorli o‘quvchila­riga ayni fandan to‘garak mashg‘ulotlari o‘ta boshladi, natijada matematika-infor­matika fani o‘qituvchisi rahbarligida o‘quvchilar to‘rt yil davomida „Kompyuter savodxonligi“ bo‘yicha respublikada 1-o‘rin sohiblari bo‘lishdi[2].

U ushbu davr mobaynida Mehnat faxriysi medali (1989), O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi (1992), Mehnat shuhrati ordeni (1999), davlatning eng oliy unvoni — Oʻzbekiston qahramoni, oliy nishon — Oltin yulduz medali, Oʻzbekiston Mustaqilligiga 15 yil (2006), Oʻzbekiston Mustaqilligiga 20 yil (2011), Oʻzbekiston Mustaqilligiga 25 yil (2016) va Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil (2017) esdalik nishonlari sohibasi boʻldi[1][5].

Oʻzbekiston qahramoni Anor Mahmudova o‘quvchilari bilan 2004—2008-yillarda yaratgan „Oddiy kasrlarni o‘rganamiz“ nomli elektron darslik yuqori baholandi va 2008-yil 8-oktabridan Xalq ta’limi vazirligining Axborot ta’lim portaliga joylashtirildi[2].

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Anor Mahmudova oilali. Turmush oʻrtogʻi oʻzining sinfdoshi — Azamat Habibullaev. To‘rt nafar farzandi, 16 nafar nevaralari bor. Hozirda farzandlaridan biri fan nomzodi va yana biri fan doktori ilmiy darajasini olishgan. Nevaralari ham ilm yoʻlini tanlashgan[4].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]