Hazorasp tumani
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Xorazm viloyati |
Maʼmuriy markazi | Hazorasp |
Rasmiy tili | O'zbek tili |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Telefon kodi | +998 |
Pochta indeksi | 220700 |
Avtomobil raqami kodi | 90 |
Rasmiy sayti | hazorasphokimiyat.uz[1] |
Xaritada | |
![]() | |
41°19′0″N 61°4′0″E / 41.31667°N 61.06667°E |
Hazorasp tumani – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Janubdan Turkmaniston, sharqdan Tuproqqalʼa tumani, shimoldan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, gʻarbdan Bogʻot tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,45 ming km2. Tumanda 1 shahar(Hazorasp), 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Beshta, Boʻston, Karvak, Ovshar, Pichoqchi, Sanoat, Muxomon, Yangibozor). Markazi – Hazorasp shahri.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tadqiqotchilarning fikriga koʻra Hazorap atamasi ikki qismga Hazor va Asp ga boʻlgan holda oʻrganadi. Yahyo Gʻulomovning fikricha, mazkur qal’ani katta dev qurgan. Dev aldash yoʻli bilan shu yerga suv ichgani keladigan mingta otni qoʻlga kiritadi va ularning qanotini kesib oʻziga oʻrgatadi. Shundan keyin bu yerni mingta ot deya atay boshlaydilar[2]. Tilshunos Y.Jumanazarovning aytishicha, Hazorasp atamasi qabila nomidan olingan. Bu yerda qadimda Hazora-os yoki Os qabilasi degan qabila yashagan. „Doʻsimov Z., Egamov X. Joy nomlarining qisqacha izohli lugʻati“ kitobida Hazorasp atamasi ikkita qismdan tashkil topgan deyilgan. Hazor-xalq nomi va -us koʻplik qoʻshimcha shaklidan iborat ekanligi aytilgan[3]. Oʻzbek tilining toponimlarining oʻquv izohli lugʻati kitobida Hazorasp atamasi Eroniy tillarda hazor(ming koʻp), osiyo(tegirmon), yop(anhor, ariq) koʻp tegirmonni yuritadigan katta ariq soʻzlarining birlashmasi deyiladi[4]. A.Nabiyev Hazorasp soʻzining maʼnosini quydagicha tushuntiradi. Hazor fors-tojik tilida ming, asp ot degan maʼnoni anglatadi. Hazorasp Xorazmning janubiy qismida joylashgan boʻlib bu yerda mingta otliq saqlangan. Dushmanlar hujumi paytida bu yerdan madad kuchlari kelgan deyiladi[5]. Hazorasp muqaddas lov qal’asi, Xorazm otashparastlar oʻlkasi, oʻt-olov, quyoshga sajda qiluvchilar mamlakatidir deyiladiK.Nurjonovning kitobida[6]. Aholi Hazorasp atamasini Hazoros yoki Hazoris deya talqin qiladi[7].
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hazorasp tumani Xorazm vohasining janubi-sharqida Amudaryo bo‘yida joylashgan. Yer yuzasi pasttekislik, sharqdan gʻarbga bir oz qiya. O‘rtacha balandligi 110-150 m. Tumanning shimoli-g‘arbiy va sharqiy chekka qismi Amudaryo terrasalaridan iborat. Janubiy chegarasi Qoraqum choʻliga tutash. Bu yerlarda choʻl relyefiga xos qum tepalari, qoldiq koʻllar (Hajjalikoʻl, Shoʻrkoʻl, Kepak, Uzunkoʻl, Qurvanak va boshqalar) bor. Iqlimi keskin kontinental, yanvarning oʻrtacha temperaturasi – 4,1°, eng past temperatura —32°. iyulniki 27°, eng yuqori temperatura 44°. Yillik yogʻin miqdori 120-150 mm. Vegetatsiya davri taxminan 200—210 kun. Tumanning shimolidan Amudaryo oqib oʻtadi. Tuman ekinzorlari Amudaryodan suv oladigan Toshsoqa, Polvon,R-8,R.Sobirov,Hazorasp kanallari va bu kanallardan chiqarilgan Atovyop,Pichoqchiyop,Juvonduryop,Yangiyop, Hassayop, Kartibi-char, Karvakyop,Ovsharyop, Muxomonyop va boshqa ariqlardan sugʻoriladi. Tuproqlari allyuvial oʻtloqi, botqoq va shoʻrxoklardan iborat. Sizot suvlari 2-5 m chuqurlikda, qish va bahorda yer yuzasiga koʻtariladi va natijada tuproq yuza qatlamida tuz toʻplanadi. Qish va bahorda tuproq yuvilib oqava suvlar tumanning janubidan oʻtgan Kattakoʻl kollektoriga borib tushadi. Yovvoyi oʻsimliklardan saksovul, roʻvak, turangʻil, tol, terak, jiyda, bugʻdoyiq, ajriq, shuvoq, semizoʻt, shoʻra, oqbosh, yulgʻun, yantoq, qamish, qoʻgʻa, yekan va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, quyon, tulki, boʻrsiq, nutriya, yumronqoziq, ondatra, kaltakesaklar, ilonlar; qushlardan tustovuq, birqozon, oʻrdak, gʻoz va boshqa uchraydi.Hazorasp tumanida ekoturizm va plyaj turizmi,agroturizm hamda etnoturizm va ziyorat turizmini rivojlantirish uchun juda katta salohiyat, keng imkoniyatlar hamda infratuzilmaga egadir.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tatar, qozoq, koreys, rus, turkman,qoraqalpoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholisi 210 ming kishi.Oʻrtacha aholi zichligi 1 km2ga 480 kishi. Shahar aholisi 80 ming kishi, qishloq aholisi 130 ming kishi (2025)[8].Hazorasp tumani aholi zichligi bo'yicha Xorazm viloyatida Urganch va Xiva shaharlaridan keyin 3-o'rinda,ya'ni tumanlar orasida esa,1-o'rinda turadi.
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi, sanoat, xizmat ko'rsatish va servis yetakchi oʻrinlarda. Paxtachilik, gʻallachilik (shu jumladan, sholichilik) rivojlangan. Chorvachilik, pillachilik, bogʻdorchilik, polizchilik ham muhim oʻrin tutadi. Hazorasp tumanida dehqon, fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatadi. Tumanda jami ekin maydoni 20 ming gektarga yaqin, shundan, 7 ming ga yerga paxta, 4 ming ga yerga don, 3 ming ga sholi, 500 ga yerga kartoshka, 1,500 ga yerga sabzavot, shuningdek, ozuqa ekinlari ham ekiladi (2025). Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 100 mingdan ziyod qoramol (shu jumladan, 50 mingdan ziyod sigir), 100 mingga yaqin qoʻy va echki, 500 ming parranda boqiladi. Paxta tozalash, gʻisht zavodlari, MTP, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, taʼmirlash ustaxonalari, mahalliy sanoat korxonalari, toʻqimachilik, palos, gilam va chinni ishlab chiqarish fabrikalari,junni va terini hamda meva-sabzavotlarni,uzum va sutni qayta ishlash korxonalari, mashinasozlik,qurilish materiallari,elektrotexnika,yengil sanoat va oziq-ovqat sanoatining bir nechta korxonalari bor. Butun Xorazm vohasi va undan tashqarida Hazorasp shahridagi „Qozoqbozor“ mashhurdir. Tumandagi faoliyat koʻrsatayotgan jami 3500 dan ziyod korxona va tashkilotdan 100 tasi yirik, 1400 tasi oʻrta, 2000 tasi kicik korxonalardir. Qoʻshma korxonalardan Oʻzbekiston – Turkiya „Hazorasp textile“, Oʻzbekiston – Avstriya „Xorazm shakar“ korxonalari faoliyat koʻrsatadi. Tuman hududida Amudaryo ustiga xalqaro ahamiyatdagi koʻprik qurilgan. Koʻprikdan sutkasiga 14 poyezd, 1000 ta avtomobil oʻtishi moʻljallangan.Hazorasp muhim transport tugunidir.Hazorasp temir yo'l vokzalidan nafaqat hazoraspliklar,balki qo'shni Tuproqqal'a va Bog‘ot tumanlari aholisi ham respublikamizning barcha yirik shaharlari ,qo‘shni respublikalar hamda Rossiya federatsiyasi shaharlariga poyezdlarda o‘z manzillariga yetib boradilar.Tumanda 53 umumiy taʼlim maktablari, Ixtisoslashgan maktab,bolalar musiqa va sport maktablari, Hazorasp tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, iqtiso-diyot, pedagogika kasb-hunar kollejlari, 10 ga yaqin xususiy maktablar, 50 dan ziyod o'quv markazlari,xususan tumanda birinchi bo'lib ochilgan va 2015 yilda o‘z faoliyatini boshlagan "HAZORASP UNIVERSAL ZIYO" nodavlat ta'lim muassasasi hamda 2023 yilda ochilgan HAZORASP UNIVERSITETI, IT Park,Yoshlar markazi,ko'ptarmoqli tuman markaziy kutubxonasi va uning 47 ta tarmogʻi, 35 klub muassasasi, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bogʻi, 2 stadion, sport zallari va boshqa sport inshootlari faoliyat koʻrsatadi. 660 oʻrinli 4 kasalxona (shu jumladan, tuman markaziy kasalxonasi), poliklinika, dorixonalar, 1 uchastka kasalxonasi, 5 qishloq ambulatoriyasi, 12 qishloq vrachlik, 16 feld-sher-akusherlik punktlari, 14 tish davolash poliklinika punkti va boshqa tibbiy muassasalarda 421 vrach (har 10 ming kishiga 22.6 vrach), shuningdek, 1850 oʻrta tibbiy xodim aholiga xizmat koʻrsatadi. Hazorasp tumani hududidan Urganch – Toshkent temir yoʻl va avtomagistraturali oʻtadi. Tuman markazidan Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Denov va boshqa shaharlarga, Urganch shahri va Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlariga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl, Beruniy shaharlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Tarixiy va meʼmoriy yodgorliklardan Hazorasp qalʼasi (miloddan avvalgi 7—6- a.lar), Xumbuztepa, Juma masjidi (18-asr), Shayx Husay-in bobo maqbarasi (19-asr) va boshqa saqlangan. 1935-yil 21-maydan „Hazorasp-noma“ gazeta chop etiladi.
![]() | Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
- ↑ „https://hazorasphokimiyat.uz/“.
- ↑ OʻZBEKISTON JOY NOMLARINING IZOHLI LUGʻATI. Toshkent. 2022
- ↑ Doʻsimov Z., Egamov X. Joy nomlarining qisqacha izohli lugʻati, –T., 1977.
- ↑ Oʻzbek tilining toponimlarining oʻquv izohli lugʻati. Toʻra Nafasov, Vazira Nafasova. Toshkent. 2007.
- ↑ Tarixiy oʻlkashunoslik. A.Nabiyev. Toshkent.1995.
- ↑ K. Nurjonov, „Avesto va Xorazm“, Urganch-2001 yil, 20-bet
- ↑ Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.
- ↑ Nurmuhammad Said. „Xorazm viloyati aholisi soni bo‘yicha statistik ma'lumotlar berildi“. Kun.uz. Xorazm viloyati statistika boshqarmasi. Qaraldi: 2020-yil 12-fevral.