Massagetlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Massagetlar (yun. Massagetai) — Kaspiy dengizining sharqiy sohili, Orol dengizi atroflari, Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimida miloddan avvalgi 8— 4-asrlarda yashagan koʻchmanchi va boshqa qabilalar guruhining yunon adabiyetlarida uchraydigan umumlashma nomi. M. toʻgʻrisida fanda turli xil qarashlar mavjud. Ayrim olimlar fikricha, "M." nomi "masyo" — "baliq" soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, "baliqxoʻrlar" maʼnosini anglatgan. Boshqa bir fikrga koʻra, "M." atamasi "maye", "saka" va "ta" soʻzlaridan tarkib topib, "saklarning katta uyushmasi"ni bildirgan. Uchinchi bir taxminga koʻra, "M." soʻzi "mazagetlar" — "ulugʻ getlar" degani boʻlib, M.ning oʻzi esa qad. xitoy manbalaridagi "da(katta) yuyechjilar" bilan aynan bir xalqdir. Bu fikrga S. P. Tolstoye ham qoʻshilgan, u Sirdaryoning quyi oqimi boʻyidagi arxeologik yodgorliklarni M.ga mansub deb hisoblagan. S. P. Tolstovning fikricha, M. konfederatsiyasi tarkibiga xorasmiylar, apasiaklar, sakaravaklar, sak-amyurgiylar, derbiklar, toharlar (dahlar), osiylar (yatiylar, asianlar, usunlar, yaksartlar), otasiylar (augasiylar, augallar) kirgan. Gerodotning yozishiga koʻra, M. — koʻchmanchilar. Ular piyoda va otda jang qiladilar, otlarining koʻkraklariga sovut kiydirganlar. Koʻproq kamon, nayza va sagariy (oy-bolta) kabi jang qurollari ishlatganlar. M.ning barcha jihoz va qurol-aslahalari mis va oltindan yasalgan. Roʻzgʻor buyumlarini esa boʻyoq bilan boʻyaganlar. M. malikasi Toʻmaris bilan boʻlgan jangda Axomaniylar davlatinij asoschisi Kir halok boʻlgan. Strabonitg maʼlumotiga koʻra, M. Quyoshga topinganlar va unga atab otlarni qurbonlik qilganlar. Strabon koʻchmanchilar bilan bir qatorda Orol boʻyidagi botq-okliklar va orolchalarda yashab, terimchilik va baliq ovlash bilan mashgʻul boʻlgan qavmlarni, shuningdek, xorazmiylar va otasiylarni M.ga mansub deb bilgan.

M. konfederatsiyasi qad. Xorazm davlatining asosiy harbiy kuchini tashkil qilgan. Bu, ayniqsa, Oʻrta Osiyoga Iskandar Makduniy bostirib kelgan davrda yaqqol namoyon boʻlgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Tolstoye S. P., Po sledam drevnexorezmiyskoy sivilizatsii, M. — L., 1948.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil