Dehqon xoʻjaligi
Dehqon xoʻjaligi – oilaviy mayda tovar xoʻjaligi. Oʻzbekistonda umuman dehqon xoʻjaligining shakllari juda koʻhna tarixga ega boʻlsada, xoʻjalik yuritishning bozor iqtisodiyoti sharoitlarida uning hozirgi tashkiliy tuzilmasi 90-yillarning oxirida paydo boʻldi.
Dehqon xoʻjaligi oilaviy mayda tovar xoʻjaligi boʻlib, oila boshligʻiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqida berilgan tomorqa yer uchastkasida oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiradi va sotadi. Dehqon xoʻjaligi faoliyati tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi va xoʻjalik aʼzolarining istagiga koʻra yuridik shaxs tashkil etgan holda va yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshirilishi mumkin. Dehqon xoʻjaligi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan eʼtiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari) aʼzolarining, boshqa qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi, korxona, muassasa va tashkilotlari xodimlarining oilalariga, shuningdek, qishloq joylarida yashovchi oʻqituvchilar, shifokorlar va boshqa mutaxassislarning oilalariga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun tomorqa yer uchastkasi, imorat va hovli egallagan maydonni ham qoʻshganda, sugʻoriladigan yerlarda 0,35 gektargacha va sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha, dasht va choʻl mintaqasida esa sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda 1 gektargacha oʻlchamda beriladi.
Oʻzbekistonda dehqon xoʻjaligi tashkil qilish, ularning faoliyati va tugatilishining huquqiy asoslari, huquq va majburiyatlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan boʻladigan munosabatlari masalalari Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan „Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida“ qonuniga muvofiq tartibga solinadi.
Oʻzbekistonda 1,8 mln. dehqon xoʻjaligi bor (ularning 8,3 mingtasi yuridik shaxs maqomiga ega). Ularga ajratilgan yer maydoni 287,3 ming ga boʻlib, har bir dehqon xoʻjaligiga oʻrtacha 0,16 ga yer maydoni toʻgʻri keladi. Respublika qishloq xoʻjaligi yalpi mahsuloti hajmining 66% dehqon xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri keladi (2001).
Qurbon Choriyev.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
![]() | Oʻzbekiston haqidagi ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |