Kontent qismiga oʻtish

Mukofot

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Mukofot – biron bir faoliyat sohasidagi alohida yutuqlar uchun ragʻbatlantirish shakli. Oʻzbekiston Respublikasida pul va natura koʻrinishidagi, yakka shaxslarga yoki jamoaga beriladigan mukofotlar mavjud. Mukofotlar oʻzining darajasiga koʻra: davlat mukofotlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlarining mukofotlari, korxona, muassasalarning oʻz xodimlariga beradigan mukofotlari, xalqaro mukofotlarga; shakliga koʻra esa – ordenlar, medallar, faxriy unvonlar, qimmatbaho sovrinlar, pul mukofotlari va boshqalarga boʻlinadi.

Davlat mukofotlari fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy, fan-texnika, sanʼat va adabiyot hamda boshqa sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritganligi, taraqqiyotga katta hissa qoʻshganligini rasman eʼtirof etilishini bildiradi. Davlat mukofotlarining turlari, taqdirlanish shartlari, tartiblari qonunlar va boshqa rasmiy hujjatlarda belgilab qoʻyiladi. Oʻzbekistonda fan va texnika sohasida Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, badiiy ijod sohasida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, tasviriy va amaliy sanʼat, xalq hunarmandchiligi soxasida Kamoliddin Behzod nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, adabiyot va sanʼat sohasida Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, iqtidorli qizlar uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etilgan. „Davlat mukofotlari toʻgʻrisida“ Oʻzbekiston Respublikasining qonuni (1995 yil 22-dekabr)ga koʻra, „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni, Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, medallari, faxriy unvonlari va Faxriy yorligʻi davlat mukofotlari hisoblanadi (qarang: Oʻzbekiston Respublikasining orden va medallari, Faxriy unvonlar).

Ayrim shaxslarni jamiyat hayotidagi salmoqli hissasini taqdirlash maqsadida Jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlarining mukofoti ham taʼsis etiladi (mas, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, rassomlar uyushmasi yoki b. jamoat birlashmalarining mukofotlari).

Korxona, muassasalarning oʻz xodimlariga beradigan mukofotlari – mehnat intizomini mustahkamlashning asosiy huquqiy usullaridan hisoblanadi. Korxonada xodimlarni mukofotlash ichki mehnat tartibi qoidalari, mukofotlashga oid ichki nizomlar, boshqa lokal meʼyoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi. U moddiy va maʼnaviy tusda boʻladi. Moddiy yoʻsindagi mukofotlar jumlasiga qimmatbaho buyum bilan yoki pul koʻrinishida beriladigan mukofotlar kiradi. Pul mukofoti korxonada ish haqi toʻlash tizimida nazarda tutilgan (ish natijasiga koʻra muntazam berib boriladigan) va ish haqi tizimida nazarda tutilmagan (bir martalik) mukofotlarga boʻlinadi. Ish haqi toʻlash tizimida nazarda tutilgan (shu jumladan, korxona yillik ish natijalariga koʻra toʻlanadigan „oʻn uchinchi“ va hatto „oʻn toʻrtinchi“ oylik deb ataluvchi) mukofotlarni berish mezonlari, shartlari, tartiblari korxonaning bevosita oʻzida ish beruvchi tomonidan xodimlar vakillik organi bilan kelishib tasdiqlanadigan ichki meʼyoriy hujjatlar bilan belgilanadi. Korxonalarda tashakkur eʼlon qilish, hurmat kitobiga nomini yozish, korxona faxriy unvonlarini berish va hokazo shakllardagi maʼnaviy ragʻbatlantirishlardan foydalanilishi mumkin. Xodimlarni mukofotlashda qar bir xodimning korxona yutugʻiga qoʻshgan qissasini alohida va munosib baholash ish samaradorligini oshirishga taʼsir qiladi.

Xalqaro mukofotlar – xalqaro tashkilotlar, jamgʻarmalar, xorijiy xususiy shaxslar tomonidan muayyan sohada olamshumul ahamiyat kasb etuvchi yutuqlarga erishgan kishilarni taqdirlash (pul yoki maxsus unvonlar, xalqaro grantlar va boshqa berish) uchun taʼsis etiladi (mas, Nobel mukofoti, YUNESKO xalqaro mukofoti va hokazo)[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil