Kontent qismiga oʻtish

Omon Matjon

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Vikipediyada ismi Omon va familiyasi Kekilov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
Omon Matjon
Tavalludi 14-fevral 1943-yil
Vafoti 29-oktyabr 2020-yil(2020-10-29)
(77 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi Oʻzbekiston va SSSR
Kasbi shoir, tarjimon
Mukofotlari

Mehnat shuhrati ordeniMatjon

Omon

Omon Matjon (taxallusi; asl ism-sharifi: Omon Matchonov; 1943-yil 14-fevral, Xorazm viloyati, OʻzSSS — 2020-yil 29-oktyabr, Toshkent, Oʻzbekiston) — oʻzbekistonlik shoir, Oʻzbekiston xalq shoiri.

Bolalik yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Omon Matjon go'daklik davridayoq onasidan ayriladi. Omon Matjon maktabning uchinchi sinfida o'qib yurgan paytlarida she'rlar, ertaklar yozgan. Uning ilk she'ri 1958-yilning 15-martida Yangibozor tuman gazetasida bosilib chiqqan[1]. O'n olti yoshida o'rta maktabni tugatgan.

Omon Matjon oliy maktabni tamomlagach, Toshkentga kelib, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir, boʻlim mudiri (1969–1985), „Yoshlik“ jurnalida bosh muharrir (1985–1991), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida masʼul xodim (1991–1994), Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasida rais oʻrinbosari (1994–1999), „Choʻlpon“ nashriyotida direktor (1999–2001), 2001-yildan „Gulxan“ jurnalida bosh muharriri kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Shoirning sheʼrlari 1965-yildan boshlab eʼlon qilina boshlagan. Shoirning „Karvon qoʻngʻirogʻi“ (1973), „Quyosh soati“ (1974), „Yonayotgan daraxt“ (1977), „Yarador chaqmoq“ (1977), „Seni yaxshi koʻraman“ (1981), „Daraxtlar va giyohlar“ (1984), „Oʻrtamizda birgina olma“ (1990), „Odamning soyasi quyoshga tushdi“ (1991), „Qush yoʻli“ (1993), „Iymon yogʻdusi“ (1994), „Ardaxiva“ (2000), „Xoja Ahror ziyoratlari“ (2002) va boshqa sheʼriy asarlarida voqelikni nozik his etgan holda badiiy ifodalash, muayyan hodisadan favqulodda falsafiy xulosalar chiqarish, oʻzi tugʻilib oʻsgan muhit koloritiga mos ifodalar topish tamoyili ustuvorlik qiladi. Omon Matjon lirik sheʼrlar bilan birga lirik qissa va dramatik doston janrlarida ham ijod qilib, Xorazm xalq afsonalarining oʻziga xos badiiy talqini — „Haqqush qichqirigʻi“ (40 afsona, 1979) sheʼrlar kitobini, istiqlol arafasidagi shoʻrolar mamlakati hayotining ziddiyatli manzaralari va jarohatlari tasviriga bagʻishlangan „Gaplashadigan vaqtlar“ (1986) qissasini, shuningdek, oʻzbek xalqining Xorazmdan chiqqan buyuk siymolari haqidagi dramatik dostonlari („Pahlavon Mahmud“, 1975; „Beruniy“, 1977 va boshqalar) ni yaratgan. „Ming bir yogʻdu“ (1982) asari Alisher Navoiy „Xamsa“si taʼsirida yozilgan. Omon Matjon bu asarlarida oʻtmishda yashab ijod qilgan oʻlmas siymolar hayoti va hozirgi davr muammolarini tasvirlashda liro-epik sheʼriyat imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalangan. Oʻzbek sheʼriyatiga Xorazm shevasiga xos leksik unsurlar va musiqiy ohanglarni olib kirgan, lirik sheʼriyatni epik sheʼriyat unsurlari bilan boyitgan.

  1. 9-sinf Adabiyot darsligi, 229-bet, 2019-yil. 
  2. Jumaboyeva J., Omon Matjon, T., 1993.
  3. „O‘zbek adabiyoti va san'atining marhum fidoyilari mukofotlandi“. kun.uz. Qaraldi: 6-avgust 2024-yil.