Bayoniy
Bayoniy (taxallusi; asl ismi Muhammad Yusufbek Bobojonbek ugʻli) (1858— Xiva — 1923) — Oʻzbek shoiri, tarixchi, musiqashunos, xattot va tarjimon.
Xivadagi Shergʻozixon madrasasida tahsil koʻrgan. Suls, kufiy, rayhoniy, shikasta xatlarini yaxshi bilgan, tanbur chertish va gʻijjak chalishda mohir boʻlgan. B.ning bir devoni, Xorazm tarixiga oid ikki asari va tarjimalari saqlangan. U mumtoz sheʼriyatning deyarli hamma janrlarida ijod qilib, Navoiy, Munis, Ogahiy anʼanalarini davom ettirgan. Avaz Oʻtar bilan ijodiy hamkorlikda boʻlgan. "Devoni Bayoniy" sheʼrlar toʻplamini tuzgan. Unga kirgan sheʼrlarida dunyoviy sevgini ulugʻlagan, tabiat goʻzalliklarini sodda va ravon ifodalagan, mazlumlar, ilm-fan ahlining achchiq taqdiriga achingan. "Shajarai Xorazmshohiy" tarixiy-memuar asari bilan Munis va Ogahiy boshlagan ishni davom ettirgan. Bunda Yofasdan Qoʻngʻirot urugʻigacha, Abulgʻoziy Bahodirxondan Asfandiyorxongacha oʻtgan xonlar hukmronligi davri tarixi yoritilgan. "Xorazm tarixi" asari "Shajarayi Xorazmshohiy"dagi voqealarni toʻldirgan. Asarning avvalgi boblari maʼno jihatdan "Shajarai Xorazmshohiy"ga oʻxshab ketadi. Lekin yozilish uslubi bilan undan farq qiladi. Asarda, asosan Asfandiyorxon hukmronligi davri va undan keyin roʻy bergan voqealar tasvirlangan. 16 bobdan iborat bu asarning 8 bobigina bizgacha yetib kelgan.
B.ning har ikki tarixiy asarida ijtimoiy-iqtisodiy hayotga oid juda koʻp qimmatli materiallar bor. Jumladan, Xiva xonligining Buxoro va Qoʻqon xonligi va xonlikka qoʻshni boʻlgan boshqa mamlakatlar bilan savdo va diplomatik munosabatlari, mehnatkashlardan olinadigan har xil soliqlar, Xorazmda yashagan olim va shoirlar, shaharlar hayoti, dehqonchilik ishlari toʻgʻrisida boy maʼlumotlar yozilgan.
B. arabchadan Darvesh Ahmad ("Sahoyif ul-axbor", 1901), forschadan Kamoliddin Binoiy ("Shayboniynoma", 1915), Tabariy ("Tarixi Tabariy") asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. "Majmuai shuaroi forsiy" toʻplami (1900) va boshqalarni husnixatda koʻchirgan.
"Shajarai Xorazmshohiy" (inv. № 9596), "Xorazm tarixi" (inv. № 7421), "Devoni Bayoniy" (inv. №№ 1120, 7106, 6666) asarlarining qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.
Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |