Arablarning O‘rta Osiyo istilosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Arablarning O‘rta Osiyo istilosi

722-yilda arablarning Samarqandga qilgan harbiy hujumi (Panjikentdagi Devashtich (706-722) saroyidagi devoriy surat)
Sanalar 673-751-yillar
Urush yeri Movarounnahr (Oʻrta Osiyo)
Natija Umaviylar sulolasi gʻalabasi, Oʻrta Osiyoning islomlashuvi.
Qoʻmondonlar
Said ibn Usmon
Ubaydulloh ibn Ziyod
Yazid ibn Ziyod
Qutayba ibn Muslim
Al-Hakam ibn Amr al-Gʻafriy
Al-Muhallab ibn Abu Sufra
Muslim ibn Said
Al-Xarashiy
Junayd ibn Abdurahmon al-Marriy
Sofrat ibn al-Hurr al-Alboniy
Said ibn Amr al-Xarashiy
Asad ibn Abdulloh al-Qasriy
Nasr ibn Sayyor
Al-Yashkuriy
As-Saffoh
Abu Muslim
Ziyod ibn Solih
Gʻurak
Suluk xoqon
Bagʻa tarxon
Horis ibn Surayj
Qapagʻon xoqon
Bilga xoqon
Kultegin
Devashtich
Karzanj
Gao Syanchji (Gav Shanchji)
Kuchlar
Arab xalifaligi (Umaviylar va Abbosiylar sulolalari) Baqtriya
Soʻgʻdiyona
Xorazm
Fargʻona
Turkash xoqonligi
Tan davlati

Oʻrta Osiyoning arablar tomonidan istilo qilinishiArab xalifaligining Oʻrta Osiyoda (VII—VIII asrlar) islom dinini yoyish, Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi (hozirgi Turkmaniston, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston) yerlarni bosib olish maqsadida olib borgan harbiy harakatlari.

VIII asrdagi Oʻrta Osiyo xaritasi

Istilogacha boʻlgan davrdagi voqealar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arablar 642-yilgi Nahavand jangida gʻalabaga erishishi tufayli Seyiston va Xuroson egallanib, Sosoniylar saltanati toʻliq zabt etiladi. Ushbu jangdan qariyb 10 yil oʻtib, arablar Oʻrta Osiyoga yetib kelishdi. Xurosonning markazi Marv shahri 651-yilda Basra hokimi Abdulloh ibn Amir tomonidan egallanadi va natijada xalifalik chegaralari Amudaryo daryosigacha choʻziladi[1][2]. Amudaryo daryosi shimolida joylashgan hududlar arablar tomonidan „Movaro un-nahr“ („daryoning narigi tomoni“)[3] deb atalgan. Hudud arablar oldin bosib olgan yerlardan farq qilardi, Movarounnahr (Xurosondan sharqda Amudaryodan janubda Hindukush togʻlarigacha boʻlgan Tohariston yerlarini hamda Amudaryodan shimoldada joylashgan Shimoliy Tohariston va Sugʻd yerlarini oʻz ichiga olgan) unumdor yerlarga ega boʻlgan vodiylari va vohalari, ularning xilma-xil landshaftlari bilan ajralib turar edi, bu joylarda oʻtroq va koʻchmanchi hayot tarzida turli xalqlar yashagan. Movarounnahrda ma'muriy boshqaruv Forsning markazlashgan boshqaruvi kabi boʻlmagan boʻlib, oʻlka ko'plab kichik mustaqil mahalliy hokimliklarga bo'lingan edi[4].

Movarounnahr geografik, siyosiy va ijtimoiy jihatdan 4 ta hududga boʻlingan: Toxariston (Baqtriya) Amudaryoning yuqori oqimida, shimolda Hisor togʻlari, sharq va janubda Hindukush togʻlari bilan oʻralgan; Soʻgʻd yoki Soʻgʻdiyona, oʻrta Amudaryoning sharqida va Zarafshon daryosi atrofida; Xorazm yoki Xorasmiya, Amudaryoning quyi oqimidan to Orol dengiziga qadar; shimolda Hisor togʻlaridan to Sirdaryo daryosi boʻyigacha, jumladan, Yettisuv va Fargʻona vodiysini oʻz ichiga olgan hududga[5]. Hozirgi kundagidek aholi ikki tilda muloqot qiladigan guruhga mansub edi: VII asrda oʻtroqlashishga moyil boʻlgan eron tillarida soʻzlashuvchi xalqlar va oʻsha davrda asosan koʻchmanchi boʻlgan turkiy xalqlar[3]. Movarounnahr tarixida Markaziy Osiyodan koʻchmanchi xalqlarning bosqinlari tez-tez sodir boʻlgan. Miloddan avvalgi II asrda yuechjilar (toxarlar) Yunon-Baqtriya podsholigini tor-mor etib, Kushon podsholigini tuzdilar, ularning hukmronligida buddaviylik bu hududga kirib keldi. V asr boshlarida kushonlar oʻrniga eftaliylar bilan hokimiyat tepasiga kelishadi, ularning hukmronligi VI asr oʻrtalarigacha, ya'ni Turk xoqonligi vujudga kelganga qadar davom etgan. Xoqonlik ikki qismga boʻlingandan soʻng Gʻarbiy turk xoqonligi Movarounnahrning turli mahalliy hokimliklari ustidan hukmronligini saqlab qolgan, baʼzan hatto Balxgacha bosqinchilik yurishlarini ham olib borishgan[6].

Xitoylik buddaviy rohib Syuan Szan 630-yilda Toxaristonga kelganida Gʻarbiy turk xoqonining toʻngʻich oʻgʻli, Qunduz shahri hokimining boshqaruvi ostida 27 ta dan kam bo'lmagan mahalliy hokimliklar haqida ma'lumot berib oʻtadi. 650-yillarda Gʻarbiy turk xoqonligi qulagandan soʻng Qunduz shahri hokimi xoqonlikka daʼvo qilib, mustaqil hukmdorga aylanadi. Xoqonlar Toxaristonning boshqa hokimliklari ustidan rasman hukmronlikni saqlab qolishgan boʻlsada, biroq kelib chiqishi turkiy boʻlgan koʻpchilik mahalliy hokimlar amalda mustaqil edi[7]. Amudaryodan shimolda, Yuqori Toxaristonda eng muhim hokimliklar Badaxshon, Xuttalon, Qubodiyon va Chagʻoniyon edi. Amudaryoning janubida, Quyi Toxaristonda, markaziy shahar hisoblangan qadimiy Balx shahri joylashgan bo'lib, u Toxaristonning eng muhim aholi manzilgohi va uning diniy markazi hisoblangan, bundan tashqari, Balx shahrida joylashgan Navbahor buddaviylik stupasi juda mashhur boʻlib, koʻplab ziyoratchilarni oʻziga jalb qilgan. Yana Joʻzjon, Bodgʻis, Hirot va Bomiyon ham muhim hokimliklar edi[8][9].

Hisor tizmasidan shimoli-gʻarbda Zarafshon daryosi boʻyida Soʻgʻdiyona oʻlkasi joylashgan. Bu qadimiy oʻlka oʻz madaniyati, tili va an'analariga ega boʻlgan boʻlib, arxeologik topilmalar va yozma manbalar orqali yaxshi oʻrganilgan. Soʻgʻdiyona ham bir qancha mayda hokimliklarga boʻlingan, biroq ikkita asosiy hokimlik – Buxoro va Samarqand qolgan hokimliklar ustidan hukmron edi. Soʻgʻdlar „Buyuk Ipak yoʻli“[10][11] da asosiy savdogarlar hisoblangan. Xitoy yilnomalarida mahalliy hokimlarning aksariyati bir hukmron xonadonga mansubligi, bu xonadon boshligʻi Samarqand hokimi esa turk xoqonlari bilan oilvaiy rishta bogʻlaganligi qayd etilgan. Mahalliy hokimlarning koʻpchiligi forscha shoh unvoniga, ayrimlari esa turkiy unvonlarga ham ega boʻlishgan, Samarqand hokimi ular orasida alohida oʻringa ega boʻlgani uchun ixshid unvoniga sazovor boʻlgan (Fargʻona hokimi ham „ixshid“ deb yuritilgan)[12].

Soʻgʻdiyonaning shimoli-sharqida 160 kmga yaqin hududni egallagan, yer unumdorligi boʻyicha Sirdaryo atrofidagi yerlardan ancha past boʻlgan Mirzachoʻl tekisligi joylashgandi. U shimoli-gʻarbda Shosh (hozirgi Toshkent), sharqda Fargʻona bilan chegaradosh edi[13]. Soʻgʻdiyonaning gʻarbida esa, choʻl markazida Xorazm joylashgan. Unda oʻtroq hayot tarzi kechiruvchi aholi istiqomat qilgan. Ushbu hududning III asr oxiri va arablar istilosining boshlarigacha boʻlgan davr tarixi yetarlicha arxeologik va yozma manbalar yoʻqligi tufayli aniq emas. Hozirgacha olimlar bu hududda buddaviylikning belgilari mavjud emasligi va zardushtiylikning hukmronligi davom etishi tufayli xorazm Kushonlar hukmronligi ostida bor yoki yoʻq ekanligi haqida bahslashib kelmoqdalar. At-Tabariyning ma'lumotiga koʻra, bu hudud Ardashir I (224-242) davrida sosoniylar tomonidan bosib olinib, sosoniylar davlatiga ma'lum darajada qaram qilingan. Qadimgi tangalar oʻrganilishi va XI arsda yashagan olim al-Beruniyning yilnomlari orqali Xorazmni IV asr boshidan Afrigʻiylar sulolasi boshqarganligi aniq[14][15]. Xuddi shuningdek, Xorazmning VI—VII asrlarda turkiylar hukmronligi ostida boʻlgan-boʻlmaganli ham noaniq.

VI—VIII asrlarga oid Xorazmdagi Ayoz qal'a

Tarixchi Hugh N. Kennedy ta'kidlaganidek, Movarounnahr „imkoniyat va katta boylikka ega, oʻz mustaqilligini yuksak qadrlaydigan jangovar xalq tomonidan himoyalangan boy oʻlka edi“ va shu tufayli ilk musulmon istilolarida uning boʻysundirilishi eng shiddatli va uzoq davom etgan boʻlib chiqdi[2].

Istiloning boshlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arab manbalarida Movarounnahrni arablar istilo qilishi 650-yillarda boshlagan, degan taassurot uygʻotsa-da, aslida dastlabki harbiy harakatlar faqat oʻlja olish va oʻlpon undirishga qaratilgan edi. Dastlab arablar Marvdagi kichik harbiy boʻlinma bilan cheklanishgan, Iroqdagi voliylar har yili Movarounnahrdagi mahalliy hokimliklarni talon-taroj qilish uchun qoʻshin joʻnatib turishgan[16]. 652-yilda Axnaf ibn Qays boshchiligidagi birinchi harbiy ekspeditsiyasi Quyi Toxaristonning birlashgan qoʻshinlari tomonidan magʻlubiyatga uchrab, Marvirudga qaytib ketishadi. Ammo al-Aqra ibn Habis boshchiligidagi ikkinchi harbiy ekspeditsiya Joʻzjon hokimini magʻlub etib, Joʻzjon, Foryob, Taliqon va Balxni egallashga muvaffaq boʻladi. Arab qoʻshinlari Xorazmgacha boʻlgan hududlarni talon-taroj qiladilar. 654-yilda Soʻgʻdiyonaning Maymurgʻ shahri arablar bosqiniga uchradi[17]. Biroq oradan koʻp oʻtmay, Karin (ehtimol, Karin-pahlaviylar sulolasi vakili) boshchiligidagi mahalliy aholi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Natijada arablar Xuroson (hozirgi Afgʻonistonning shimoli, Eonning shimoli-sharqiy qismi hamda Janubiy Turkmanistonning Amudaryogacha boʻlgan yerlari)ni tark etishadi. Xitoy manbalariga koʻra, Toxariston hokimlari Yazdigard III ning oʻgʻli Peroʻzni bir muddat rasman Fors shohi etib taxtga oʻtqazadilar. Bunga qarshi arablar hech qanday harakatni amalga oshira olmaydilar, chunki ular Birinchi fitna (656-661) bilan mashgʻul boʻlib qolishgandi. Lekin 655-658-yillarda ham talonchilik yurishlari davom etavergan[18].

Fuqarolar urushi tugagach, Xuroson ustidan xalifalikning hukmronlik nazoratini tiklash vazifasi Abdulloh ibn Amirga yuklatildi. Ibn Amirning bu hududga ilk marotaba harbiy yurishi bilan keyingi yillarda sodir boʻlgan voqealar orasida tarixiy chalkashliklar mavjud, ammo mahalliy yozma manbalar koʻra, bu yillarda aholi arablarga qarshi isyonlar koʻtarishgan. Shuningdek, ibn Amirning oʻrinbosari Qays ibn al-Xattam tomonidan Navbahordagi buddaviylik stupasi (me'moriy inshoot) buzib tashlanadi[19]. Faqatgina Ziyod ibn Abu Sufyon Iroq va xalifalikning sharqiy qismiga voliy etib tayinlangach, arablar Xurosonni egallash uchun toʻlaqonli yurishlarni boshlaydilar. Ziyod ibn Abu Sufyonning Xurosondagi noibi al-Hakam ibn Amr al-Gʻafriy 667-yildan 670-yilgacha, ya'ni vafotiga qadar Toxaristonga bir qator yurishlar uyushtiradi, bu yurishlar davomida arab qoʻshinlari Amudaryodan oʻtib, Chagʻoniyonga kirib boradilar. Peroʻz taxtdan agʻdarilib, Xitoyga qochib ketadi. Al-Hakamning oʻlimidan keyin hududda keng koʻlamli qoʻzgʻolonlar avj olib ketadi, ammo uning vorisi Rabi ibn Ziyod al-Horisiy Balxni egallab, Amudaryoni kechib oʻtib, Chagʻoniyonga bostirib kirishdan avval Koʻhistondagi isyonchilarni magʻlub qiladi. Arab manbalarida shu yillarning oʻzida Xorazmning bosib olinishi, arablarning gʻarb tomonda joylashgan Zam va Amulni muhofaza qilganliklari qayd etilgan[20]. Kelajakda oʻlkada musulmonlarning oʻrni oshirish uchun 671- yilda Ziyod ibn Abu Sufyon Basra va Kufada 50 ming jangchini oilalari bilan Marvga joylashtiradi. Bu harakati tufayli Xurosondagi musulmonlarning rolini mustahkamlabgina qolmay, balki kelajakda Movarounnahrga yurish qilish uchun zarur boʻlgan kuchlarni ta'minlashga zamin yaratadi[21][22].

Ziyod vafot etgach, uning ishini oʻgʻli Ubaydulloh ibn Ziyod davom ettirdi, u Xuroson noibi etib tayinlanadi va 673-yil kuzida Marvga keladi. Keyingi yil bahorida Ubaydulloh Amudaryodan kechib oʻtib, Buxoro muzofotiga kiradi, bu paytda shahzoda goʻdakligi tufayli uning nomidan onasi Buxoro malikasi Xotun (turkiycha aslzoda ayol) hukmdorlik qilayotgandi. Arablar Buxoroni egallashdan avval Poykand va Romitanni bosib oladilar. Mahalliy yozma manbalarda arablarning Buxoroni qamal qilgani, turklar esa yordamga kelganligi qayd etilsada, bu arab manbalarida uchramaydi, akisncha, ularda arablar buxoroliklar ustidan katta gʻalaba qozongani keltiriladi. Oʻlja sifatida Ubaydulloh oʻziga shaxsiy qoʻriqchisi sifatida barchasi „mohir kamonchilar“ boʻlgan 2000 nafar asirni qoʻlga kiritadi. Harbiy yurishdan soʻng Buxoroning keyingi taqdiri noaniqligicha qolgan, ammo xalifalikning markaziy hokimiyatini tan olib, unga oʻlpon toʻlovchi boʻlgani aniq[23].

VII—VIII asrlarga oid Toxaristondan topilgan erkak kishi haykali

Ubaydullohning muvaffaqiyatlarini uning davomchilari Aslam ibn Zura va Abdurahmon ibn Ziyodlar takrorlay olmadilar. Faqat 676-yilda Said ibn Usmonning qisqa hukmronligi davrida arablar Soʻgʻdiyonaga katta harbiy yurish qiladilar. Al-Balozuriy va Narshaxiyning yozishicha, Said Kesh, Nasaf, Buxoro va turkiylarning shaharlaridan tuzilgan mahalliy harbiy ittifoq kuchlarini tor-mor etib, Buxoroni xalifalikka boʻysunishiga Xotunni majbur qiladi va shundan keyin Samarqandni qamal qiladi. Shaharni egallab, 50 nafar yosh aslzodalarni garovga oladi, keyinchalik ularni Madinada qatl ettiradi. Yoʻl-yoʻlakay Termiz egallab, Xuttalon hokimini ham taslim qiladi[24].

Arablarning Shosh va Xorazmga Amudaryo orqali dastlabki hujumlari Ikkinchi fitna (683-692) davrida Xurosonda boshlangan oʻzaro qabilaviy urushlar sababli toʻxtab qoladi. Keyingi Xuroson noiblari, jumladan al-Muhallab ibn Abu Sufra Movarounnahrni egallab olishga urinadi, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchraydi[25]. Mahalliy hokimlar oʻz navbatida arablar oʻrtasidagi ixtilofdan foydalanib, 689-yilda Termizni egallab olgan arab qochqini Muso ibn Abdulloh ibn Xozim yordamida arablarni oʻlkadan quvib chiqarishga erishadilar[26]. Biroq Movarounnahrdagi mahalliy hokimlar arablar istilosiga qarshi kurashda toʻliq birlasha olmadilar, bundan esa 705-yildan soʻng Qutayba ibn Muslim oʻrinli foydalanadi[27].

Umaviylar va Turkashlar oʻrtasidagi urushlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iroqga voliy al-Hajjoj boʻlgan paytdan, ya'ni 705-yildan boshlab, har yili Qutayba ibn Muslim sharqqa bosqinchilik yurishlarini amalga oshirilib, yangi hududlarni xalifalikka qoʻshib olish bilan yakunlaydi. 705-yilda Qutayba Xuroson bilan chegaradosh Bodgʻisni oʻziga boʻysundiradi, 706-yilda Poykand xalifalikka qoʻshib olinadi, 707-yilda Buxoro vohasini zabt etish boshlandi, uni egallash keyingi yilda nihoyasiga yetadi. Buxoro shahrining oʻzi yana bir yil 709-yilgacha uch-toʻrtta hujumga bardosh berib turdi. Arablarning oʻlkada hokimiyati mustahkamlangan soʻng, sharqqa yurish davom ettiriladi. 711-yilda Qutayba qoʻshinlari Seyistonni boʻysundirib, Sind hududiga kirishdi.

Shunday qilib, 705-711-yillarda toʻrtta davlat vassal sifatida xalifalik tarkibiga kiradi, ikkitasi yoʻq qilinadi. Bosib olingan hududlarning maydoni 600 kvadrat kilometrga yaqin, aholisi esa 1 million kishiga yaqin edi. 712-713-yillarda Qutaybaning Fargʻona va Shosh hududlariga yurishi al-Hajjojning oʻlimi tufayli oʻz nihoyasiga yetmay qoladi, natijada xalifalikning harbiy istilosi olgʻa siljishi toʻxtaydi.

713-714-yillarda Qutayba tomonidan amalga oshirilgan oʻlka aholisini islomlashtirishga urinish oxirigacha amalga oshmadi. 715-yilda xalifa Volid I vafot etgach, Qutayba isyon koʻtarib, xalifalikdan ajralib chiqishga harakat qiladi. Bu urinish Qutayba tarafdorlari tomonidan toʻliqligicha qoʻllab-quvvatlanmadi, oʻsha yili Marv yaqinida arablar oʻrtasida oʻzaro harbiy toʻqnashuv boʻlib oʻtdi, unda xalifaga sodiq harbiylar gʻalaba qozonib, Qutayba qatl qilindi. Arablar tomonidan bosib olingan hududlar esa umaviylar hukmronligi ostida uzoq qolmadi.

Xalifa Sulaymon hukmronligida xalifalikning sharqiy hududlarida ta'siri juda past edi, 717-yilda hokimiyat tepasiga Umar ibn Abdulaziz keldi. Xalifa Umar ibn Abdulazizning paygʻambar va dastlabki ikki xalifalar tomonidan oʻrnatilgan ilk islom qoidalariga qaytish siyosati hatto Arabistonda ham jiddiy qiyinchiliklarga uchradi va oʻn yil oldin xalifalik tarkibiga zoʻrgʻa kiritilgan oʻlkada bunday siyosatni amalga oshirish yanada murakkab edi. Ayniqsa, cholgʻu asboblarini chalish (jumladan, toʻylarda), marhumlar uchun yigʻlash kabi taqiqlar aholi tomonidan keskin norozilik bilan qabul qilindi[28]. Kelajakda Somoniylar davlatining asosini tashkil etgan xalifalikning sharqiy hududlari keyingi yillari xalifalarga (ham umaviylar, ham abbosiylar) qarshi boʻlib, markaziy hokimiyatga qarshi tashkil qilingan barcha qoʻzgʻolonlarni qoʻllab-quvvatladilar.

Markaziy hokimiyatga Movarounnahrning tub aholisi boʻlgan turkiylar va forslarning sodiqligi haqiqiy emasligini, 719-yilda ular tomonidan ochiqchasiga xitoyliklar va turkashliklardan xalifalikka qarshi harbiy yordam soʻrab yuborgan nomasidan bilsa boʻladi[29].

Sharqiy hududlardagi inqiroz 720-yilda keskin kuchaydi, bunga bir vaqtning oʻzida sodir boʻlgan holatlar sabab boʻldi.

Birinchidan, shu yilning aprel oyida Iroqda Yazid ibn al-Muhallab qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtadi va bu qoʻzgʻolon sharqiy hududlarga yetarlicha ta'sir qiladi, garchi al-Muhallabning da'vatlari toʻgʻridan-toʻgʻri Xurosonga yetib bormagan boʻlsa ham[30]. Ikkinchidan, Iroq voliysi Maslama ibn Abdul-Malik noiblar tayinlashda xato qarorlar qabul qilib, ukasi Said ibn Abdulazizni Xurosonga noib etib tayinladi. Bu qarorning xatoligi shundaki ediki, Said maishatparast boʻlib, ustiga yostiqlar qoʻyilgan ikki oʻrkachli tuyada kelgani bilan xurosonliklarni oʻziga qarshi qilib qoʻygan edi[31]. Noib hukmronligini birinchi kunlaridanoq mahalliy zodagonlar uchun ayolsifat boʻlib koʻringan. Yangi noib haqida uning qabulida boʻlgan Abrogʻ (Samarqand janubidagi kichik hokimlik) hokimidan soʻrashganida, u „xuzayna“ („xonim“) deb javob bergan. Tarixda bu noib haligacha Said Xuzayna nomi bilan ataladi. Uchinchidan, 720-yilda soʻgʻdlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan turkiylar Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi yerlarga bostirib kirib, Buxorodan Samarqandgacha joylashgan qalʼalarni oʻz nazoratiga oladilar. So'g'diyona aholisining katta qismi islomdan chiqib, zardushtiylikka qaytadi. Bu esa Islomdagi eng dahshatli jinoyat edi. Oʻz navbatida Said javob harakatlarini boshlashga shoshilmadi, arablar noibni qoʻshin toʻplash va yurish qilishga majbur qilishdi. Noibning kofirlarga nisbatan yumshoq munosabati ham norozilik uygʻotdi: u qoʻzgʻolonchilar yerlarini vayron qilishga (ularning xalifaga tegishli ekanligini bildirgan holda), ularning oilalarini kaltaklash va qul qilishlariga yoʻl qoʻymadi, hattoki bu ishlarni qilgan arablarni jazoladi ham. Said ibn Abdulaziz olib borgan siyosatning eng yomoni shunda ediki, uning qilgan yurish yorqin gʻalabalarga ega emasdi[32]. 721-yilda turkashlar shahzodasi Kursul boshchiligidagi qoʻshin Samarqand yaqinida Said ibn Abdulaziz qoʻmondonligidagi xalifalik qoʻshinini magʻlub etadi. Xalifa noibni lavozimidan chetlatishga majbur boʻldi. Uning oʻrniga 721-yilda Said ibn Amr al-Xarashiy Xurosonga noib qilib tayinlanadi. U Iroqda al-Muhallab qoʻzgʻolonini bostirishda shafqatsizligi bilan tanilgan edi. 720-yil oxiridan boshlab xalifalikning sharqiy hududlarida uzluksiz qoʻzgʻolonlar boshlanib ketdi va 30 yil davomida, ya'ni umaviylar sulolasi barham topgunicha toʻxtamadi.

Vaziyatning tubdan oʻzgarganidan xabar topgan rustoqlar boshliqlari yordam soʻrab Fargʻona vodiysi hukmdorlariga murojaat qiladilar, qoʻzgʻolon magʻlubiyatga uchragan taqdirda Xitoydagi Tan davlatiga qochib ketish rejasini ishlab chiqadilar. Soʻgʻdlar oʻzlari bilan birga oʻnlab arab ayollari va bolalarini asirga olib, sharqqa qarab ketishadi. Xarashiy 722-yil 15-25-iyul kunlari qoʻzgʻolonchilarni ta'qib qilish davomida Xoʻjandni qamal qiladi, ammo asirlar borligi sababli toʻgʻridan-toʻgʻri hujum qilishga jur'at etmaydi. Muzokaralar olib borilayotganda asirlarning biri noma'lim ravishda vafot etgani ma'lum boʻladi. Musulmonlar buni qotillikka yoʻyishadi, oʻz navbatida soʻgʻdliklar esa bu ayblovni har tomonlama rad etishadi. Fay rustoqi boshligʻi Korzanchning uzoq qamalga dosh bera olmay, Fargʻonaga chekinishi tufayli Xoʻjand shahri arablar tomonidan egallanadi. Sulh tuzilgach, katta mablagʻ evaziga omon qolgan 400 savdogardan tashqari, deyarli barcha qoʻzgʻolonchilar xiyonatkorona qirib tashlanadi[33]. Shu yilning yozida Xarashiy Panjikent hokimi Devashtichga qarshi yurish qiladi. Jangda qoʻzgʻolonchilar yengiladi. Omon qolganlar Zarafshonning yuqorisida joylashgan Obigar qal'asiga chekinishadi. Omon qoldirish sharti bilan qoʻlga olingan Devashtich Arbinjonda qatl etilib, boshi Iroq voliysiga joʻnatiladi, tanasi esa zardushtiylik xilxonasi — novus devoriga qoqib qoʻyiladi[34][35]. Xalifadan ruxsat olmay qilgan bu harakati xalifaning Xarashiydan shubhalanishga olib keladi. Uning sadoqatini tekshirish maqsadida xalifa tomonidan zaharlangan qovunni Xarashiy iste'mol qilishi, Xarashiyga qimmatga tushadi (umrining oxirigacha qorin ogʻrigʻi bilan davolanib yuradi). Natija xalifa Umar ibn Abdulaziz noibi Xarashiyni huzuriga chaqirib oladi, oʻrtniga 723-yilda noib etib Muslim ibn Said tayinlaydi[36].

Mugʻ qal'asidan topilgan arab amirining Devashtichga yuborgan nomasi
Boy arab kishisi (Devashtich saroyi, Panjikent devoriy suratlari)

724-yilda xoqon Suluk bilan toʻqnash kelgan Muslim magʻlubiyatga uchraydi va kam sonli askarlari bilan Samarqandga zoʻrgʻa yetib keldi. Bu jang tarixga „Chanqoq kuni“ nomi bilan kirdi. 728-yilda Buxoroni egallab olgan Suluk tomonidan xalifa Hishomning keyingi tayinlangan noiblari ham magʻlubiyatga uchrashadi, bundan tashqari Taxtaqoracha dovonidagi jangda ham arablar magʻlubiyatga uchraydilar.

Qadimgi turk harbiylari hukmdor Varxuman saroyida. (Afrosiyob devoriy (648-651-yillar) suratlari)

732-yilga kelib Samarqandga qilingan arablarning ikkita yirik yurishi katta yoʻqotishlar evaziga bu hududni xalifalik tarkibga qaytarishga erishildi. Suluk Samarqandga boʻlgan da'vosidan voz kechib, Buxoroni tark etadi va shimolga yoʻl oldi.

Umuman olganda, xalifa Hishom ibn Abdulmalik hukmronligi davrida, ya'ni 723-yildan 740-yilgacha Movarounnahr deyarli qoʻzgʻolon va urushlar girdobida qolgan boʻlib, mavjud vaziyatni Turkash xoqonligining bosqini ancha murakkablashtirgan. Harbiy harakatlar jarayonida hatto xalifalikka sodiq boʻlgan insonlar ham qoʻzgʻolonchilar tomoniga oʻtib ketadilar. Masalan, 734-yilda boʻlgan al-Horis ibn Surayj boshchiligidagi xorijiylar qoʻzgʻoloni.

737-yilning qishida Suluk xoqon ittifoqchilari al-Horis, Gʻurak (turk-soʻgʻdlar yetakchisi) hamda Usturshona, Toshkent va Xuttalon aholisi bilan birgalikda arablarga qarshi soʻnggi hujumni amalga oshiradi. Suluk xoqon Joʻzjonga bostirib kiradi, ammo Xoriston jangida Xuroson noibi Asad ibn Abdulloh al-Qasriy tomonidan magʻlubiyatga uchraydi. Keyingi yili Suluk xoqon Xitoy yordamida oʻz harbiy sarkardasi tomonidan oʻldiriladi. 739-yilda harbiy sarkardaning oʻzi ham xitoyliklar tomonidan oʻldiriladi. Natijada Movarounnahrda Xitoy hokimiyati qayta tiklanadi.

Oʻlkada urush shu darajaga yetdiki, 737-739-yillarda nafaqat rustoqlar boshliqlari, balki mahalliy aholining salmoqli qismi qoʻshni (to Xitoydagi Tan mamlakatigacha) davlatlarga qochib ketishadi. Faqatgina 740-yilga kelib harbiy harakatlar toʻxtatiladi va qochib ketgan aholi oʻz yurtlariga qaytib kelishadi. Ammo xalifalikning oliy harbiy sarkardalari sharqiy hududlarning hokimlari bilan tuzilgan tinchlik shartnomasini ma’qullamadilar, chunki ular turkashlar bilan oʻrnatilgan munosabatlarni hamkorlik deb emas, balki dindoshlariga qarshi tuzilgan ittifoq va murtadlik deb hisoblashgan. Biroq, endi ular biron-bir aniq harakatlarni amalga oshira olmasdilar, chunki 743-yilda Volid II ning hokimiyatiga qarshi butun mamlakat boʻylab qoʻzgʻolonlarning avj olishi sababli sharqiy hududlaridagi ahvol endi ular uchun ahamiyatsiz boʻlib qoldi.

Umaviylar va Tan davlati orasidagi nizolar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arab manbalarida Qutayba ibn Muslim Xitoydan qisqa muddatga Qashqarni tortib olgani va uni kelishuv asosida qaytarib bergani qayd etiladi[37], ammo hozirgi zamon tarixchilar bu ma'lumotni butunlay rad etadilar[38][39][40].

715-yilda xalifalik Xitoy bilan chegaradosh Fargʻona vodiysi ixshidini taxtdan agʻdarib, taxtga Alutarni oʻtqazadilar. Taxtdan agʻdarilgan ixshid Kuchar (Sharqiy Turkiston)ga qochib, Xitoydan yordam soʻradi. Xitoyliklar Fargʻonaga Chjan Syaosun boshchiligida 10 minglik qoʻshin yubordilar. Xitoy sarkardasi Namanganda Alutar va arablarning birlashgan qoʻshini yengib, ixshidni qayta taxtga oʻtqazadi[41].

717-yilda Oqsuv jangida[42] Tan davlati harbiy qoʻmondoni Szyaxuey xitoyliklarni arab va tibetliklarning navbatdagi harbiy yurishini toʻxtatishga da'vat etadi. Oqsuv shahriga qiligan harbiy yurishda arablarga turkashlar xoqoni Suluk ham qoʻshiladi[43][44]. 717-yil 15-avgustda Uchturfon va Oqsuvga turkash, arab va tibetliklarning birlashgan qoʻshinlari hujum qiladi. Tan davlati harbiy qoʻmondoni Szyaxuey xizmatida boʻlgan Gʻarbiy turk xoqoni Arslonxon (xitoycha Arsila Xian) boshchiligidagi qarluqlar arablar sarkardasi Al-Yashkuriy yetakchiligidagi qoʻshinni magʻlubiyatga uchratadi. Magʻlub boʻlgan arablar Toshkentga chekinadi[45][46].

Samarqanddagi Varxuman saroyiga ipak va pilla olib kelgan Tan davlati elchilari (Afrosiyob devoriy (658-651-yillar) suratlari)

Oxirgi janglar[tahrir | manbasini tahrirlash]

740-yillarning boshlariga kelib, xalifalikdagi fuqarolar urushi umaviylar bosh mulki Suriyada boʻlib oʻtdi, xususan sharqiy hududlar ham asosiy diqqat markazida edi. Ana shunday vaziyatda ikkinchi fitna davridan beri tinmay kelayotgan banu Qalb va banu Qays oʻrtasidagi toʻqnashuvlar kuchayib ketadi. 744-yilda shaxsiy mojaro sifatida boshlangan (Nasr ibn Sayyor va Judi al-Kermoniy oʻrtasidagi) bu toʻqnashuv tezda ommaviy tus oladi, 730-yillarda turkashlar bilan hamkorlikda musulmonlarga qarshi kurashgan va markaziy hokimiyat tomonidan toʻliq afv etilmagan al-Horis ibn Surayjning xorijiylari tezda unga qoʻshilishadi. 745-yilda xorijiylarning boshqa guruhlari ham toʻqnashuvga qoʻshildi, 747-yildan esa Marvda abbosiylar tarafdorlar faollasha boshladi. Uchinchi fitna deb nomlanuvchi koʻp tomonlama urush paytida xalifalikda umaviylar sulolasining hokimiyati agʻdarildi va Abbosiylar sulolasi hukmronligi oʻrnatildi, ammo bu sulola ham chekka hududlarda tinchlik oʻrnata olmadilar. Buning asosiy sababi shunda ediki, xalifalik bosh siyosati doimiy tashqi harbiy yurishlarga asoslanganligida edi, yurishlarning sharqiy yoʻnalishi esa xalifa Volid I davrida toʻxtab qolgan edi. 751-yil iyul oyida bo'lib oʻtgan Talas jangida xalifalikning sharqqa yurishi nihoyat toʻxtadi, bu esa davlat yaxlitligiga putur yetkazdi. Tibet imperiyasi arablarning Xitoydagi Tan davlatiga qarshi bu jangida yaqin ittifoqchisi boʻlgan[47][48]. Arablar Shinjonga daʼvo qilmaganliklari sababli ushbu jang muhim strategik ahamiyatga ega emasdi[49][50].

Istilo natijalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Istilo qilingan hududlarda arab va mahalliy xalqlar (fors, turkiy, soʻgʻd va boshqalar) madaniyatlarining oʻzaro aralashuvi sodir boʻldi.

Arablar tomonidan bosib olingan xalqlar uchun islom (mahalliy e'tiqodlar qoʻshiluvi bilan) asosiy hukmron dinga aylandi. Islom dini targʻibotini shayxlar, darveshlar, soʻfiylar olib borishdi. Mahalliy aholi orasidan diniy vakillar (mullalar, imomlar, eshonlar, qozilar) paydo boʻldi. Shahar aholisi orasida dindorlar soni ortib, namoz va boshqa diniy marosimlar uchun moʻljallangan masjid va xonaqohlar barpo etila boshlandi. Keyinchalik masjidlar qoshida madrasalar ochilib, ularda arabcha savod oʻrgatilgan. Muqaddas kitob „Qur’on“ni oʻqishning oʻrgatilishi turkiy xalqlarning birligini mustahkamladi. Markaziy Osiyoning islomlashuvi turkiy xalqlar jamiyati, iqtisodiyoti, siyosati va madaniyatining jadal rivojlanishining bosh omili boʻldi.

Oʻrta Osiyo xalqlarining moddiy-madaniy hayotida katta oʻzgarishlar roʻy berdi: shaharlar yanada rivojlandi, Buyuk Ipak yoʻli boʻylab Sharq va Gʻarbning koʻplab mamlakatlari bilan savdo-sotiq rivojlandi. VIII asrdan Oʻrta Osiyo va Janubiy Qozogʻistonda istehkomlar – rabotlar qurildi, ularning koʻpchiligi keyinchalik shaharlarga aylandi.

Pahlaviy tili bir asrdan kamroq vaqt ichida fors tiliga aylandi. Fors va turkiy lugʻatga koʻplab arabcha soʻzlar kirib keldi. Adabiyot rivojlandi. Islomiy taqvim qabul qilindi. Diniy bayramlar kundalik hayotda paydo boʻldi. Dafn marosimlari musulmon urf-odatlari asosida amalga oshirila boshlandi. Sharq adbiyotining mumtoz asarlari, diniy rivoyatlar va islom aqidalarini targʻib qiluvchi sheʼrlar (Qur'oni Karim qissalari, „Salsal“, „Zarkum“, „Yusuf va Zulayho“, „Ming bir kecha“ va boshqalar).

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Litvinsky 1996, s. 453-456
  2. 2,0 2,1 Kennedy 2007, s. 225
  3. 3,0 3,1 Kennedy 2007, s. 228
  4. Kennedy 2007, s. 225, 228
  5. Kennedy 2007, s. 228-232
  6. Gibb 1923, s. 1-4
  7. Gibb 1923, s. 8
  8. Gibb 1923, s. 8–9
  9. Kennedy 2007, s. 229
  10. Kennedy 2007, s. 230–232
  11. Gibb 1923, s. 5
  12. Gibb 1923, s. 5–6
  13. Kennedy 2007, s. 232
  14. Kennedy 2007, s. 229–230
  15. Nerazik, Bulgakov 1996, s. 207-222
  16. Kennedy 2007, s. 236-237
  17. Gibb 1923, s. 15
  18. Gibb 1923, s. 15-16
  19. Gibb 1923, s. 16
  20. Gibb 1923, s. 116-17
  21. Gibb 1923, s. 17
  22. Kennedy 2007, s. 237
  23. Gibb 1923, s. 17-19
  24. Gibb 1923, s. 19-21
  25. Kennedy 2007, s. 236-243
  26. Kennedy 2007, s. 243-254
  27. Litvinsky 1996, s. 453-456-457
  28. Большаков 2010, s. 142
  29. Blankinship 1994, s. 109–110
  30. Большаков 2010, s. 151
  31. Большаков 2010, s. 155
  32. at-Tabariy. Tarixi Tabariy (rus tilida), Toshkent, 1987 — 180-182 bet. 
  33. at-Tabariy. Tarixi Tabariy (rus tilida), Toshkent, 1987 — 186-189 bet. 
  34. at-Tabariy. Tarixi Tabariy (rus tilida), Toshkent, 1987 — 189 bet. 
  35. at-Tabariy. Tarixi Tabariy (rus tilida), Toshkent, 1987 — 190 bet. 
  36. at-Tabariy. Tarixi Tabariy (rus tilida), Toshkent, 1987 — 190-193 bet. 
  37. Muhamad S. Olimat. China and Central Asia in the Post-Soviet Era: A Bilateral Approach (ingliz tilida). Rowman & Littlefield, 2015. ISBN 978-1-4985-1805-5. 
  38. Litvinsky et al. 1996, s. 449—472
  39. C. E. Bosworth. Ḳutayba b. Muslim — 541–542 bet. 
  40. Gibb 1923, s. 48–51
  41. Bai, Shouyi et al. (2003). A History of Chinese Muslim (Vol.2). Beijing: Zhonghua Book Company. ISBN 7-101-02890-X, pages=235—236
  42. Insight Guides Silk Road (ingliz tilida). APA, 2017. ISBN 978-1-78671-699-6. 
  43. René Grousset. The Empire of the Steppes: A History of Central Asia (ingliz tilida), 1970. ISBN 978-0-8135-1304-1. 
  44. Jonathan Karam Skaff. Sui-Tang China and Its Turko-Mongol Neighbors: Culture, Power, and Connections, 580-800 (ingliz tilida), 2012. ISBN 978-0-19-999627-8. 
  45. Christopher I. Beckwith. The Tibetan Empire in Central Asia: A History of the Struggle for Great Power Among Tibetans, Turks, Arabs, and Chinese During the Early Middle Ages (ingliz tilida). Princeton University Press, 1993 — 88—89 bet. ISBN 0-691-02469-3. 
  46. Marvin C. Whiting. Imperial Chinese Military History: 8000 BC-1912 AD (ingliz tilida). iUniverse, 2002. ISBN 978-0-595-22134-9. 
  47. Bulliet 2010, s. 286
  48. Wink 1997, s. 68
  49. ed. Starr 2004, s. 39.
  50. Millward 2007, s. 36.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]