Gandbol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gandbol (nem. hand - qoʻl, ball -toʻp), qoʻl toʻpi — sport oʻyini. 19-asr oxirida Yevropada paydo boʻlgan. Daniyalik Xalger Nilson ixtiro etgan (1898). G. uchun kattaligi 40x20 m li maydon kerak; ogʻirligi 325—475 g , aylanasi 54—58 sm boʻlgan charm toʻp bilan oʻynaladi. Maydonning ikki tomonida eni 3 m, balandligi 2 m boʻlgan darvozalar oʻrnatiladi. Har bir jamoada 7 yoki 11 oʻyinchi qatnashadi. Oʻyinchi toʻp bilan faqat 3 qadam qoʻyishi va uni qoʻlida 3 sek.gacha tutib turishi mumkin. Oʻyin 2 boʻlimdan iborat boʻlib, erkaklar musobaqasi 1 soat, ayollar musobaqasi 50 min. davom etadi. Xalqaro G. federatsiyasiga (IHF; 1946 yil asos solingan) 106 mamlakat aʼzo. 1972 yildan erkaklar, 1976 yildan ayollar G.i Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan. 1938 yildan erkaklar oʻrtasida, 1956 yildan ayollar oʻrtasida jahon birinchiligi oʻtkaziladi. Oʻzbekistonda G. 1923—24 yillarda paydo boʻlib, birinchi musobaqa 1926 yilda Toshkentda oʻtkazilgan. 1991 yil Oʻzbekiston Respublikasi G. federatsiyasi tuzildi. Respublikaning barcha viloyatlarida G. boʻyicha bolalar sport maktablari, erkaklar, ayollar va bolalar jamoalari bor. 1991 yildan Oʻzbekistan chempionata muntazam oʻtkaziladi. Oʻzbekiston G.chilari terma jamoasi (ayollar) Osiyo chempionatida 4-oʻrinni egalladi va Germaniyada oʻtkazilgan jahon birinchiligi musobaqalarida qatnashdi (1997). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozlari F. Abdurahmonov, V. Kaplinskiy, xizmat koʻrsatgan sport ustasi, Olimpiya oʻyinlari va jahon chempioni M. Vasilyev, xalqaro miqyosdagi sport ustasi, jahon chempioni S. Zemlyanova, sport ustalari A. Abzalova, Olga Abdulla va boshqalarning G. rivojlanishida katta hissasi bor.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil