Kontent qismiga oʻtish

Kutubxona

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Zamonaviy kutubxona. Shamberi, Fransiya.

Kutubxona (arabcha: kutub - "kitoblar", forscha: xona - "uy") – axborot yigʻiladigan joy hisoblanadi. Bunda axborot kitob, gazeta, jurnal, video- va audio tasma, optik disk va hokazo shakllarida boʻlishi mumkin. Kutubxonalar tashkilot (jamoat) yoki jismoniy shaxs (shaxsiy kutubxona) tomonidan tashkil etilish huquqiga ega.

Kutubxona — bosma va ayrim qoʻlyozma asarlardan ommaviy foydalanishni taʼminlovchi madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasa; muntazam ravishda bosma asarlar toʻplash, saqlash, targʻib qilish va kitobxonlarga yetkazish, shuningdek, axborot-bibliografiya ishlari bilan shugʻullanadi, ommaning madaniy saviyasini oshirishda faoll xizmat qiladi. Kitobxonlarga xizmat koʻrsatish kutubxonachining asosiy faoliyati boʻlib, qolgan barcha faoliyatlar (kitob fondini buklash va uni tashkil etish, fond mazmunini yoritish, uni kitobxonlarga yetkazish kabilar) asosiy faoliyat uchun xizmat qiladi. Kitobxonlarga xizmat koʻrsatishning asosiy maqsadi ularni axborot va adabiyotga boʻlgan talablarini imkon boricha toʻliq qondirish va adabiyot tanlashlariga yordam berishdan iborat. Har bir kutubxonalar oʻz turiga koʻra kitobxonlarni tabaqalarga boʻlib, alohida kitobxonlar guruhlariga ajratgan holda xizmat koʻrsatishni tashkil qiladi. Adabiyotlar targʻibotining barcha shakl va usullari kitobxonlar talabini imkon qadar toʻliq va tezkorlik bilan qondirishga qaratiladi.

Yozuvning paydo boʻlishi va hujjatli manbalarni, ayniqsa, qoʻlyozma va keyinchalik bosma kitoblarning koʻpayishi kutubxonalarning yuzaga kelishi va rivojlanishiga sharoit yaratdi. Kutubxonalar yozma yodgorliklarni saqlovchi xazina sifatida juda qadimda paydo boʻlgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikda sopol bitiklari saqlangan kutubxonalar boʻlgan. Miloddan avvalgi VII asr oʻrtalarida Sharqdagi koʻp saroylarda, qadimgi Misr va Rim ibodatxonalari qoshida kutubxonalar boʻlgan. Qadimgi davrdagi kutubxonalardan eng mashhuri Aleksandriya (Iskandariya) kutubxonasidir.

Gʻarbiy Yevropada ilk oʻrta asrlarda monastr va ibodatxonalar qoshida kutubxonalar tashkil etilgan. Kitob bosishning ixtiro qilinishi kutubxonalar rivojlanishida yangi davrni boshlab berdi. Sarbonna, Geydelberg universitetlari qoshida, shuningdek, Vatikan kutubxonalari, Parijdagi Qirollik kutubxonalari kabi kutubxonalar paydo boʻla boshladi.

Oʻzbekiston hududida miloddan avvalgi 1-ming yillikning soʻnggi asrlarida dastlabki kutubxonalar paydo boʻlgan. Dastlabki kutubxonalar hukmdorlar saroylarida va ibodatxonalarda tashkil etila boshlangan. Turon xalqlari Misr, Eron, Yunon va ularga qoʻshni boʻlgan xalqlar bilan yaqin aloqalar oʻrnatgan, oʻsha davrlardagi mavjud qoʻlyozmalar bilan ham tanish boʻlgan. Oʻzbekiston xalqlarining qad. yozma yodgorliklari saqlanmagan. Beruniyning xabar berishicha, kitob xazinalari va ularni saqlovchilar turli istilo'lar davri (VII—IX asrlar) da yoʻq qilib yuborilgan. IX—X asrlarda Oʻrta Osiyoda fan va madaniyat rivojlandi. Buxoro, Samarqand, Marv, Urganch va boshqa yirik shaharlar hukmdorlari saroylarida kutubxonalar barpo etildi. Ayniqsa, Buxoroda koʻp kutubxonalar mavjud boʻlgani haqida maʼlumotlar bor. Ulardan eng mashhuri, eng boy va yirigi Somoniylar sulolaviy kutubxonasi edi. Madrasa va masjidlar qoshida ham kutubxonalar boʻlgan. Moʻgʻullar istilosi arafasida Marv shahrida 10 ta yirik kutubxonalar boʻlganligi haqida maʼlumotlar bor. XIII asrda Samarqand, Buxoro, Fargʻona, Balx va boshqa shaharlar madaniyat markazlari, olimlar toʻplanadigan joy boʻlib, ularda yirik kutubxonalar mavjud edi.

XIV asrning 2-yarmidan Oʻrta Osiyoda madaniy hayotning yangidan yuksalishi kutubxonalarning qayta tiklanishida ham namoyon boʻldi. XIV asr oxirida Shayx Muhammad Porso umum uchun ochgan maskan vaqf kutubxonasi tarzida XIX asr 40-yillarigacha faoliyat koʻrsatgan. Buxoro, Samarqand, Qarshi, Xiva va boshqa shaharlardagi katta madrasalarda kutubxonalar boʻlgan, ularning fondlari madrasaning qad. va nufuziga qarab turlicha boʻlgan. Baʼzi tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Beruniy, Ibn Sino, Firdavsiy, Zamaxshariy, Umar Xayyom kabilarning shaxsiy kutubxonalari, Alisher Navoiyning qimmatbaho qoʻlyozmalarga boy yirik kutubxonasi, Abdurahmon Jomiyning shaxsiy kutubxonasi mashhur boʻlgan. XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Buxoroda 3 ta eng boy shaxsiy kutubxona boʻlib, ulardan qozi Muhammad Sharif Sadr Ziyoning kutubxonasi bizgacha toʻliq saqlanib qolgan. XX asr boshlarida mahalliy oʻzbek va rus ziyolilari general Joʻrabek, Dukchi Eshon nomi bilan mashhur Muhammadali xalfa Sobir oʻgʻli, V. L. Vyatkin, vrach G. M. Semenov, Abdurauf Fitrat va boshqalarning shaxsiy kutubxonalari boʻlgan.

XX asr 10—20-yillari Turkiston hududida 2 ta xalq kutubxonasi, bir necha shahar kutubxonalari va boshqa mavjud boʻlgan. Mahalliy aholi vakillari milliy yoʻnalishdagi 2 ta kutubxona va madrasalar huzuridagi kutubxonalardan foydalangan. Shu kutubxonalar oʻz davrida davlat kutubxonasini tashkil etishda asosiy negiz boʻlib xizmat qildi. Hozir ommaviy, ilmiy va maxsus kutubxonalar tizimi shakllangan va faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

OʻzRda kutubxonaning ommaviy, ilmiy va maxsus turlari bor. Ommaviy kutubxonalar adabiyotlarni saralash va keng kitobxonlar ommasiga yetkazish, faoliyatida turli kitobxonlar guruhlariga moʻljallangan kitoblarni targʻib qilish va oʻqishni boshqarishda faol va taʼsirchan usullarni qoʻllaydi. Bu guruhga Oʻzbekiston Madaniyat ishlari vazirligi tizimidagi shahar va qishloq kutubxonalari, kasaba uyushmalarining korxonalardagi kutubxonalari, klublar, madaniyat uylaridagi kutubxonalar kiradi.

Ilmiy va maxsus kutubxonalar fan, iqtisodiyot va madaniyatning turli tarmoqlaridagi olimlar va mutaxassislarga xizmat koʻrsatadi, shuningdek, oliy va maxsus oʻquv yurtlari talabalarining ehtiyojlarini qondiradi. Ilmiy kutubxonalarga yirik davlat, akademiya, universitet va tarmoqlar kutubxonalari; maxsus kutubxonalarga texnika kutubxonalari, muassasalar, ilmiy tadqiqot institutlari, oliy oʻquv yurtlari va hokazodagi kutubxonalar kiradi. Saqlanayotgan adabiyotlar tarkibiga qarab kutubxonani universal, koʻp sohali va soha kutubxonalariga ajratish mumkin. Kutubxonalar oʻz navbatida, faoliyati, mintaqaviy darajasiga, mansubligiga qarab yana turlarga boʻlinadi (milliy kutubxonasi, davlat kutubxonasi, viloyat kutubxonasi, oʻsmirlar kutubxonasi, qishloq xoʻjaligi kutubxonasi va boshqalar). Fan-texnika taraqqiyoti sharoitida alohida kutubxona kitobxonlarning talablarini qondirishga qodir emas. Shuning uchun kutubxonalarni birga faoliyat koʻrsatish jarayoni kuzatilmoqda. Bu kutubxonalar tarmoqlarini markazlashtirishda namoyon boʻlmoqda.

Har qanday kutubxonaning asosiy vazifasi kitob fondini jamlash, joylashtirish hamda kitobxonlarga xizmat qilishdan iborat. Kitob fondini jamlash uchun ushbu kutubxonaga kerakli nashrlar muntazam kuzatib boriladi, aniqlanadi va ularni kutubxonaga olish kutubxona kollektori orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yirik kutubxonalar bosma nashrlarning toʻliq yoki qisman nazorat nusxasini olish huquqiga ega, shuningdek, ular uchun mamlakat ichida va chet mamlakatlardan kitoblar sotib olish imkoni yaratiladi. Kitobxonlarga xizmat koʻrsatish darajasi kutubxonalar fondini toʻliq toʻplashga birmuncha bogʻliq.

Kitob fondini toʻgʻri tashkil qilish (hisobga olish, joylashtirish, saqlash va kitobxonga yetkazish) kitobxonga adabiyotdan foydalanishni, kutubxonachiga esa kitobxonga tez xizmat koʻrsatishni, fondni ijtimoiy mulk sifatida saqlashni taʼminlaydi.

Kitobxonga xizmat koʻrsatishning turli yoʻllari mavjud: kitobxonga abonement, qiroat xona hamda koʻchma kutubxona orqali kitob berish; ayrim kitobxon va korxonalarga kitob tanlashda yordam berish; kutubxona katalogi tizimi orqali kitob fondini yoritish; turli xil axborot-bibliografiya qoʻllanmalari tuzish va hokazo.

Zamonaviy ilmiy texnika taraqqiyoti kutubxonalar ishini murakkablashtirmoqda. Koʻplab bosma asarlarni ishlab chiqarishning beqiyos darajada oʻsishi kutubxonalar oldiga koʻp hajmdagi nashrlarni tanlash, saralash va oqilona saqlash, kompyuterlar vositasida izlab topish va tezda kitobxonga yetkazish masalalarini koʻndalang qoʻyadi.

Kutubxonalar faoliyati sharoitidagi oʻzgarishlar avvalgi sermehnat anʼanaviy kutubxonalar texnikasini mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish bilan almashtirish vazifasini dolzarb qilib qoʻymoqda. 50— 60-yillardan kutubxonalarni texnika bilan taʼminlash birmuncha oʻsdi. Ayrim kutubxonalarning ichki jarayonlari (yirik kutubxonalarda koʻp kitoblarni harakatlantirish) konveyer va koʻtargichlar yordamida amalga oshiriladi, kitob fondlaridan birga foydalanishda zamonaviy uslublarni qoʻllash, eng yangi texnika (jumladan, EHM) dan foydalanish va boshqa qoʻllanilmoqda. Yangi kutubxona anjomlari joylardan unumli foydalanishni, kutubxonachi mehnatining unumdorligini oshirishni taʼminlamoqda, kitobxonlarni adabiyotlar ustida ishlashini yengillashtirishga yordam bermoqda hamda ishlab chiqarish estetikasi talablariga toʻliq javob beradi.

Zamonaviy texnika kutubxonachini qoʻl mehnatidan ozod etib, uni asosiy vazifasi — kitobxonlar bilan madaniy tarbiyaviy ishlar olib borishga koʻproq vaqt ajratishga imkon yaratmoqda. Dunyodagi eng yirik kutubxonalar: AQShning Kongress kutubxonasi (Vashington), Britaniya kutubxonasi (London); Fransiya, Avstriya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning milliy kutubxonalari, Rossiyadagi Rossiya davlat kutubxonasi (Moskva), Rossiya milliy kutubxonasi (Sankt-Peterburg) va boshqa, Oʻzbekistonda Oʻzbekiston milliy kutubxonasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Asosiy kutubxonasi, Oʻzbekiston milliy universitetining Asosiy kutubxonasi, "Turon" kutubxonasi va boshqa

  • Oʻzbekistonda kutubxonachilik ishi, T., 1989; Qosimova O., Oʻzbekistonda kutubxonachilik ishi tarixi, T., 1992; Oxunjo-nov E. O., Turkistonda Oʻrta asr kutubxonachilik va bibliografiya ishlari mada-niyati, T., 1994.

Mirali Maxmudov[1].

Internetdagi elektron kutubxonalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil