Shahar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Chicago shahri.

Shahar nisbatan katta va doimiy aholi punktidir. Koʻp shaharlarga mahalliy qonunchilik alohida maʼmuriy, qonuniy yoki tarixiy mavqeʼ beradi.

Masalan, Oʻzbekistonning Toshkent shahri viloyat va viloyat markazlaridan alohida mavqeʼga ega. Yevropada esa tarixan shahar sifatida oʻz sobori bor har qanday aholi punkti qaralgan.

Shaharlar odatda murakkab sanitariya, yoʻl va koʻcha, turar-joy hamda transport tizimiga ega boʻladi. Aholisi soni milliondan oshadigan shaharlar megapolis, deyiladi; shahar oʻsib, boshqa shaharlarga yetsa va ularni oʻziga qoʻshib olsa, bu shahar megalopolisga aylanadi.

Shahar — aholisi, asosan, sanoat, savdo, shuningdek, xizmat koʻrsatish, boshqaruv, fan va madaniyat sohalarida band boʻlgan yirik aholi manzilgohi. Shahar — bevosita qishloq xoʻjaligi bilan band boʻlmagan aholi toʻplangan markaz. Shahar atrofidagi tumanlar uchun maʼmuriy va madaniy markaz boʻlibgina qolmay, balki ularning joylashishi va oʻsishiga ham katta taʼsir koʻrsatuvchi omil hamdir. Aholi punktlariga Shahar maqomi berilishi uchun aholi soni, bajaradigan funksiyasi: sanoat ishlab chiqarish, tashkiliy-xoʻjalik, madaniy-siyosiy, maʼmuriy va h.k. bosh mezon boʻlib hisoblanadi. Aholi manzilgohlarini Shahar toifasiga oʻtkazish maʼlum qonuniy tartibda amalga oshiriladi va chegarasi belgilanadi. Turli mamlakatlarda Shahar maqomini olish mezoni turlicha, mas, Daniya va Ispaniyada aholi soni 250 kishi, Gruziya va Turkmanistonda 5 ming , Tojikiston va Qirgʻizistonda 10 ming , Rossiyada 5—12 ming , Yaponiyada 25 ming kishi boʻlishi kerak. Oʻzbekistonda 7 mingdan yuqori boʻlishi talab etiladi. Aholi soniga koʻra, Shaharlar kichik (50 minggacha), oʻrta (50—100 ming) va katta (100 mingdan ortiq) boʻladi. Oʻzbekistonda 120 shahar, 113 ta shaharcha bor. Shundan 17 tasi katta shaharlar (Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon, Buxoro, Qoʻqon, Fargʻona, Nukus, Qarshi, Urganch, Olmaliq, Angren, Chirchiq, Navoiy, Margʻilon, Termiz, Jizzax), 16 tasi oʻrta va qolganlari kichik shaharlar. Shaharlar bajaradigan vazifalariga koʻra — poytaxt, sanoat, transport, turizm, rekreatsiya, din, fan va ilmiy tekshirish markazlariga boʻlinadi. Shuningdek, respublikaga boʻysunuvchi, muxtor respublika, viloyat, tumanlarga boʻysunuvchi Shaharlarga ajratiladi.

Shahar aholisi butun jahon aholisining 47,5% dan ortigʻini tashkil etadi. BMTda qabul qilingan terminologiyaga muvofiq, 8 mln. va undan ortiq aholisi boʻlgan Shaharlar — megashahar deb yuritiladi. Bunday Shaharlar Yer yuzida 1950 yilda 2 ta, 1995 yilda 22 ta, hozirgi kunda 25 dan ortiq. Bir yoki ikki Shahar atrofida Shahar va shaharchalarning zich joylashishi Shaharlar aglomeratsiyasi deyiladi. Eng yirik Shahar aglomeratsiyalari: Tokio, Nyu-York, Mumbay, Shanxay, Mexiko, San-Paulo va boshqalar Oʻzbekistonda Toshkent, Fargʻona — Margʻilon, Samarqand, Andijon, Namangan va boshqalar Shahar aglomeratsiyalari shakllanmoqda. Bir necha Shahar aglomeratsiyalari qoʻshilib, megalapolis yoki megapolislarni tashkil qiladi. Hozirgi Bosvash, Tokaydo va boshqalar megapolislar bor. Baʼzan yirik Shaharlar yonida yoʻldosh shaharlar vujudga keladi.

Tarixi[tahrir]

Shaharlar ibtidoiy jamoa davridan sinfiy jamiyatga oʻtishda hunarmandchilik va savdosotiq dehqrnchilikdan ajralib chiqish davrida paydo boʻlgan. Hunarmand va savdogarlar muqim istiqomat qila boshlagan joylar gavjumlashib, Shaharlarga aylana boshlagan. Dastlabki Shaharlar mil. av. 5—3 ming yilliklarda Sharqda — Mesopotamiya, Markaziy Osiyo regionida hamda Hindiston, Xitoy va boshqalar mamlakatlarda vujudga kelgan. Bu yerlarda mavjud quldorlik davlatlarining poytaxt Shaharlari eng taraqqiy qilgan davrda har birida taxminan 100 minglarcha aholi yashagan. Yunonistonda davlat tuzumi aristokratik yoki demokratik respublika boʻlgan shahardavlatlar (polis) ayniqsa rivojlangan. Sharq mamlakatlarida harbiy istehkomlar asosida shaharlar soni orta bordi. 13-asrda moʻgʻul istilochilarining bosqinchiligi natijasida Oʻrta Osiyo, Zakavkazye va boshqalar joylardagi koʻp Shaharlar vayron etildi. Temuriylar davrida esa Movarounnahr va Xurosonda bir qancha Shaharlar, xususan, Samarqand, Buxoro va Hirot ravnaq topdi. Yevropa mamlakatlarida Shaharlar Sharq mamlakatlariga nisbatan kechroq paydo boʻldi. Shaharlarda sanoat ishlab chiqarish markazlashib, Shahar aholisi jadal oʻsa boshladi, rivojlangan mamlakatlarda Shahar aholisi salmogʻi butun mamlakat aholisining 70—80% ni tashkil etdi.

Urushlar, tabiiy ofatlar natijasida juda koʻp Shlar vayron boʻladi. Ayni vaqtda yer osti foydali qazilmalarining ochilishi va uni qayta ishlash korxonalarining qurilishi (Angren, Olmaliq, Yangiobod, Zarafshon, Muborak, Navoiy), yangi yerlarning oʻzlashtirilishi (Yangiyer, Guliston, Koson, Sherobod), yirik suv inshootlari va elektr styalarning qurilishi (Shirin, Katgaqoʻrgon, Taxiatosh) munosabati bilan yangi Shlar tashkil topadi va rivojlanadi (qarang Shaharsozlik).

Shaharni boshqarish[tahrir]

Oʻzbekiston Respublikasida shahrini hokim boshqaradi. Uning vakolat muddati 5 yil. Toshkent Shahari hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi va bu masala tegishli xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Boshqa shahar hokimlari yuqori turuvchi hokim tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Hokimlarning chiqargan hujjatlari shu hududda bajarilishi shart. Hokim faqat oʻzining qarorlarigina emas, oʻzi rahbarlik kilayotgan organlarning karorlari va faoliyati uchun ham shaxsan javobgardir.