Xonqa — Xorazm viloyati Xonqa shaharchasi (1981-yildan), tuman markazi. Amudaryodan 68 km gʻarbda, viloyat markazi (Urganch sh.)dan 12 km sharqda joylashgan. Transport yoʻli stansiyasi. Aholisi 185,5 ming kishi (2020). Shaharcha tarixiy adabiyotlarda Safardiz nomi bilan tilga olinadi. 13-asrda moʻgʻullar tomonidan vayron etilganidan soʻng bu yerda masjidning birgina xonakohi saklanib qolgan. Ya. Gʻulomovning taʼrificha, X.ning nomi (Xonakoh— Xonaqo —Xonqa) shundan kelib chiqqan. X.da 1890-yilda rus savdogarlari tomonidan paxta tozalash zavodi qurilgan. X.da haftada 2 marta bozor boʻlgan.
Shaharchada paxta tozalash zavodi, "Xonqa guruch", "Don mahsulotlari", Oʻzbekiston — Italiya "Meva" konservalash qoʻshma korxonasi va boshqa bor. Savdo tijorat doʻkonlari, dehqon bozori, 40 maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi ishlab turibdi. 15 umumiy taʼlim maktabi, 4 kasb-hunar kolleji, 3 madaniyat uyi, 8 kutubxona, madaniyat va istirohat bogʻi aholiga xizmat koʻrsatadi. Stadion, 40 sport maydonchasi, sport zali va boshqa sport inshootlari, markaziy kasalxona, poliklinika, dorixona va boshqa tibbiy muassasalar mavjud. X.dan Urganch, Toʻrtkoʻl, Bogʻot, Hazorasp va boshqa shahar va shaharchalarga avtobuslar qatnaydi, Urganch—Toshkent poyezdi oʻtadi.
Meʼmoriy yodgorliklardan Sayd ota jome masjidi (1766, 1912, 1989-yillarda taʼmirlangan) va maqbarasi saklangan. 17—19-asrlarda X.dan Dilovarxoʻja, Andalib, Islomxoʻja, Ibrohimxoʻja, Hoji Muhammad Aminaddin oʻgʻli kabi mashhur kishilar yetishib chiqqan.