Navo
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Navo (forscha: نوا – kuy, ohang) – oʻn ikki maqom tizimi hamda shashmaqom tarkibidagi uchinchi maqom.
Shashmaqomdagi Navoning cholgʻu qismlari Tasnifi Navo, Tarjei Navo, Garduni Navo, Nagʻmai Orazi Navo, Muhammasi Navo, Muhammasi Bayot, Muhammasi Husayniy, Saqili Navo deb ataladi. Ular muayyan kuy mavzulari va doira usullari negizida yaratilgan. Navoning ashula boʻlimi 2 guruh shoʻbalarga boʻlinadi. Birinchi – Saraxbori Navo (2 taronasi bilan), Talqini Bayot (taronasi bilan), Nasri Bayot (2 taronasi bilan), Orazi Navo (3 taronasi bilan), Husayniy Navo deb nomlanuvchi shoʻbalar hamda Ufari Bayot (Suporishi bilan) qismlaridan tashkil topadi. Ular navbatma-n-vbat turkum tarzida turli doira usullarida aytiladi. Ikkinchi guruh shoʻbalar – Savti Navo, Moʻgʻulchai Navo va Mustazodi Navo deb yuritiladi. Ularning har biri Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar kabi shoxobchalardan tuzilgan. Navo shoʻbalar shakli ancha murakkab boʻlib, daromad, miyonxat, dunasr, avj va tushirim tuzilmalaridan tashkil topadi. Navoning shoʻbalarida, asosan, Oraz va Bayet namudlaridan avj sifatida foydalanilgan.
Navo maqomining koʻp ashula (mayo, Bayot shoʻbalari asosida yaratilgan Bayot – 1, 2, 3, 4, 5) va cholgʻu (surnay, tanbur, dutor) yoʻllari mavjud. R. Glier, T. Sodiqov („Layli va Majnun“ operasi), A. Kozlovskiy („Ulugʻbek“ operasi va boshqalar), M. Burhonov („Alisher Navoiyga qasida“), M. Ashrafiy („Dilorom“ operasi), M. Mahmudov („Navo“ simfoniyasi) va boshqa kompozitorlar Navo yoʻllaridan unumli foydalanishgan. Navo atamasi va shu nomli mumtoz musiqa asarlari tojik, turkman, uygʻur, eron, ozarbayjon, arab, turk xalqlari musiqa merosida keng oʻrin olgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |