Muhammad Rahimxon II

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Feruz, Muhammad Rahimxon II (1845 – Xiva – 1910) – Xorazm (Xiva) xoni (1864–1910); oʻzbek qoʻngʻirotlar sulolasidan, shoh va shoir, bastakor.

Xiva shahridagi Arab Muhammadxon madrasasida tahsil koʻrgan, davlat, huquq ilmini zamonasining mashhur mudarrisi, shoir va olim, Yusufxoʻja oxun va boshqalardan ilm oʻrgangan. Ogahiy Feruzga ustozlik qilgan, unga sheʼriyat sirlarini oʻrgatgan, tarix, tarjima ilmidan saboq bergan. Otasi Sayid Muhammadxon vafotidan soʻng (1864) Xiva taxtiga oʻtirgan. Bu voqea munosabati bilan Ogahiy Feruzga bagʻishlab qasidalar bitgan. 1873-yil Xiva xonligiga K.P. fon Kaufman boshchiligidagi Rossiya armiyasi hujum qilib, xonlikning asosiy shaharlari va poytaxtni bosib olgan. Gandimiyon shartnomasi (1873-yil 12-avgust)ga koʻra, Xiva xonligi podsho Rossiyasiga qaram boʻlib qolgan. Feruz ana shunday murakkab sharoitda yarim asrga yaqin muddat davomida Xiva xonligini boshqargan. Feruz saroyga adabiyot va sanʼat arboblarini toʻplagan. Ogaqiy, Komil, Tabibiy va boshqalar taʼsirida oʻzi ham Feruz (baxtli, gʻolib) taxallusi bilan sheʼrlar yozgan.

Feruz kitobat ishlariga katta ahamiyat bergan: devon tuzish, tarix yozish, tarjima ishlarini rivojlantirgan. Xorazmda tarjima maktabi yaratgan. Fors va arab adabiyotining eng nodir tarixiy, adabiy, ilmiy asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildirgan. Uning hukmronligi davrida Ogahiy va Bayoʻniylar tomonidan Xorazm tarixiga oid asarlar yozilgan. Komil Xorazmiy mumtoz maqomlar uchun nota yozuvini ixtiro qilgan. Xivada bosmaxona (toshbosma) tashkil ettirgan. Unda Xorazm shoirlari haqidagi „Majmuat ushshuaro“ tazkirasi, Alisher Navoiy asarlari, Xorazm shoirlari devonlari nashr qilingan. Feruz Hindiston, Arabiston, Eron, Turkiya savdogarlari orqali Xorazmga chet ellardan noyob kitoblar keltirtirgan va ularni koʻp nusxalarda koʻchirtirgan, tarix va adabiyotga oid kitoblardan iborat boy kutubxona yaratgan. Feruz meʼmorlik, naqqoshlik, xattotlik kabi sanʼat turlarini ham rivojlantirgan. Bu davrda fotografiya va kino sanʼati vujudga kelgan, obodonchilik ishlari amalga oshirilgan. Feruz 1871-yil Kyxira Ark qarshisida oʻz nomi bilan ataluvchi 2 qavatli Madrasa qurdirgan (qarang Muhammad Rahimxon madrasasi). Feruzning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan 30 dan ortiq Madrasa, masjid, minora, xonaqolar qad rostlagan. Feruz yerlarni suv bilan taʼminlash, bogʻrogʻlar barpo etish ishiga ham alohida ahamiyat bergan. Uning buyrugiga muvofiq, Qoʻngʻirot tumani sarhadida katta ariq bunyod etilgan. Hozirda ushbu ariq „Xon arigi“ deb ataladi.

Feruz mumtoz sheʼriyatning anʼanaviy janrlarida lirik sheʼrlar yaratgan. Sheʼrlari, asosan, ishq-muhabbat mavzuida. Ishq va hayot, sevgi va sadokat Feruz ijodining gʻoyaviy asosini tashkil qiladi. Ular ohangdorligi, tasviriy-ifodaviy boʻyoqlarga boyligi va shaklan rangbarangligi bilan ajralib turadi. Uning koʻpchilik gʻazallari oʻz zamonasida sozandalar va guyandalar tomonidan kuyga solib kuylanib kelingan. Sheʼrlariga „Devoni Feruz“ nomi bilan tartib bergan (1879). Bu devon Muhammad Sharif tomonidan qayta kuchirilgan (1900). Feruzning uzi Paxlavon Mahmudning 350 ruboiysini qoʻlda koʻchirib, kitob holiga keltirgan. Feruz Shashmaqom kuylarini oʻrgangan, saroyda maqom ansamblini tuzgan. „Navo“, „Dugoh“, „Segoh“ maqomlariga bogʻlab kuylar yaratgan. Feruz Sayd Mahruyjon majmuasitsati Sayid Mohi Ruyi Jahon maqbarasida dafn qilingan. Sheʼrlar devoni nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. № 3442, 1119)da saqlanadi.

Shoir sheʼriyatining bosh mavzui – ishq. Uning „Ul oy vasfini vird etsam zabonda“, „Olsa jonim qoshu ko`zing, ikki lab“, „Soldi olam ichra g`avg`o, ey malaksiymo, ko`zing“, „Gulshan ichra sarv yoxud ul qadi mavzunmudur“ kabi ishqiy gʻazallari juda mashhur.

Rasmlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nashr qilingan asarlari:[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Feruz Muhammad Rahimxon. Ne boʻldi, yorim kelmadi. Toshkent, 1991.
  • Feruz Muhammad Rahimxon. Ne boʻldi, yorim kelmadi. Toshkent, 1994.
  • Feruz. Elga shohu ishqqa qul. Toshkent.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Rahim Davlatyor, Matrasul Shoʻxnazar. Feruz. Shoh va shoir qismati. Toshkent, 1993.
  • Avaz Komil. „Garchi erurman toleʼi Feruz“. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi, 1994-yil 30-sentabr.
  • Jumaxoʻja Nusratullo, Adizova Iqboloy. Feruz adabiy muhiti. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi, 1994-yil 1-iyul.