Ichan qalʼa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ichan qalʼa — Oʻrta Osiyodagi yirik va noyob meʼmoriy yodgorliklardan biri. Xivaning ichki qalʼa (Shahriston) qismi. Ichan qalʼa shaharning Dishan qalʼa (tashqi qalʼa) qismidan kungurador devor bilan ajratilgan. U Xiva rabotidan (Dishan qalʼadan) baland qoʻrgʻontepaga oʻxshab koʻrinadi. Ichan qalʼaga 4 darvozadan (Bogʻcha darvoza, Polvon darvoza, Toshdarvoza, Ota darvozadan) kirilgan.

Xorazm xalq meʼmorligining ajoyib obidalari: madrasa, masjid, saroy va minoralar, asosan, Ichan qalʼada joylashgan. Undagi meʼmoriy yodgorliklarning yaratilish tarixi, asosan, 4 davrga taalluqli: birinchisi Xorazmning qadimgi davridan to moʻgʻullar istilosi davriga qadar, bu davrdan Koʻhna arkning gʻarbiy devori, qalʼa devorining shimoli-sharqiy burchagidagi qadimgi davrga mansub burj va qalʼa devori qoldiqlari saqlanib qolgan. Ikkinchisi Xorazmning 1220-yildagi moʻgʻullar istilosidan keyin tiklanish davri. Bu davrda Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqalar mahobatli binolar qurilgan. Uchinchi davri XVI—XVII asrlarga toʻgʻri keladi. Shu paytda (Abulgʻozixon va Asfandiyorxon hukmronlik davrida) Ichan qalʼada Anushaxon hammomi (1657), peshayvonli Oq masjid (1675), Xoʻjamberdibiy madrasasi (1688) kabilar bunyod etildi, Koʻhna ark istehkomlari mustaqkamlandi, koʻrinishxona (xonning qabulxonasi) qurildi (1686—1688). Buxoro bilan Eron oʻrtasida Xiva xonligi uchun boshlangan urush natijasida (XVIII asrning 1-yarmi) Ichan qalʼa va, umuman, Xiva shahri qattiq shikastlandi (Xiva bir qancha vaqt Eronga tobe viloyat boʻlib turdi).

Toʻrtinchi davri XVIII—XX asrlarni oʻz ichiga oladi. Bu davrda Oʻrta Osiyo mahalliy meʼmorligi anʼanalari asosida masjid, madrasa, tim va toqilar qurildi. Ota darvozadan Polvon darvozagacha katta yoʻl oʻtkazildi. XVIII-asr oxirida Juma masjid qayta qurildi va uning yonida baland minora qad koʻtardi. Ichan qalʼaning haroba devorlari tiklandi, bir qancha imoratlar taʼmir qilindi. 1840—1842-yillarda ikki qavatli Qutlugʻmurod inoq madrasasiga qaratib tim va toqilar qurildi. Muhammad Rahimxon I (1806—1825), Olloqulixon (1825—1842), Muhammad Aminxon (1845—1855) hukmronligi davrida Ichan qalʼada qurilish avj oldi. Muhtasham saroy, madrasa, maqbaralar barpo etildi: Koʻhna arkda saroy qurilishi tugallandi. Yangi va katta Toshhovli saroyi qurildi. Polvon darvozaga yaqin qoʻrgʻon devorining bir qismi buzilib, oʻrniga Olloqulixon karvon saroyi, madrasasi va timi qurildi, xalq ijodining ajoyib namunasi Pahlavon Mahmud maqbarasi qad koʻtardi. Arab Muhammadxon va Musa toʻra madrasasi ham shu davrda yaratildi. Muhammad Aminxon Ichan qalʼaning gʻarbiy qismiga — Koʻhna ark yoniga Kaltaminor nomi bilan mashhur boʻlgan minora qurdirdi. Bu minora garchi bitkazilmay qolgan boʻlsada, Ichan qalʼa mujassamotida katta oʻrin tutadi. Ichan qal'adek obidalarga boy shaharlardan dunyoda ikkitasi bor

Ichan qalʼa qurilishida Xiva meʼmorlari Oʻrta Osiyoda qadimdan qoʻllanib kelgan uslub — inshootlarni roʻparama-roʻpara qurish uslubidan (qoʻshdan) foydalanishgan. Masalan, Olloqulixon madrasasi bilan Qutlugʻ Murod inoq madrasasi, Shergʻozixon madrasasi bilan Pahlavon Mahmud maqbarasi shu uslubda qurilgan. Ichan qalʼa meʼmorligining yana bir oʻziga xos xususiyati binolarning alohida ansambl holida qurilganligi. Masalan, Juma masjid yonidagi ikkita kichik madrasa, Muhammad Amin inoq va Matpanoboy madrasasi hamda Matniyoz devonbegi madrasasi ancha yirik ansambldir. Polvon darvoza oldidagi bir necha masjid va madrasalar, hammom, toqi, karvonsaroy va xon saroyi oʻziga xos ansamblni tashkil etadi. Qutlugʻ Murod inoq bilan Olloqulixon madrasasi, Tosh hovli bilan Oq masjid oʻrtasidagi maydoncha shu ansamblning mujassamot markazidir.

Ichan qalʼa meʼmoriy yodgorliklari yogʻoch oʻymakorligi, sangtaroshlik, ganchkorlik, sirkor sopol va boshqalar rang-barang naqqoshlik bezaklari bilan bezatilgan. Ichan qalʼa ansambli meʼmoriy yodgorlik sifatida muhofazaga olinib, muzeyga aylantirilgan (1961). 1990-yildan Ichan qalʼa UNESCOning Butun jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan.

1997 yilda Xiva shahrining 2500 yilligi munosabati bilan asosiy yoʻnalishlarda joylashgan yodgorliklarni muntazam ravishda taʼmirlash, tiklash ishlari olib borildi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mankovskaya L., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil