Doston
Doston, poema — liro-epik janr; shu janrdagi badiiy asar. Oʻzbek xalq, ogʻzaki ijodi va oʻzbek mumtoz adabiyotida keng tarqalgan. Dostonda muayyan voqea liro-epik tasvir vositalari yordamida hikoya qilinadi. Unda hayot, voqelik keng koʻlamda qamrab olinadi, bir yoki ikkita bosh qahramon ishtirok etadi, personajlar esa koʻp boʻladi. Syujeti sertarmoq, rang-barang. Xalq ogʻzaki ijodidagi Dostonlar nazm va nasrav., yozma adabiyotdagi Dostonlar nazmda boʻladi, bunda nasr voqealarni bogʻlovchi vazifasini oʻtaydi. Yozma adabiyotdagi Dostonlarda lirizm kuchliroq, ayniqsa, hozirgi zamon Dostonlarida lirik asos yanada salmoqliroqdir. Jahon mumtoz adabiyotidagi Dostonlar keng qamrovligi va hajmining kattaligi, koʻtarib chiqqan ijtimoiy, siyosiy, axloqiy muammolari, syujetining sertarmokligi va dramatizmining oʻtkirligi, personajlarining koʻpligi bilan ajraladi. Bunday asarlar markazida jamiyat va xalq takdiri turadi, jamiyat, xalq va qahramon yaxlit, bir butunlikda tasvirlanadi, ular oʻrtasida ziddiyat boʻlmaydi, balki shu xalq, shu qahramon bilan tashki dushmanlar oʻrtasidagi kurash, yaxshilik bilan yomonlik oʻrtasidagi ziddiyat tasvirlanadi. Ularda vatanparvarlik, qahramonlik, insonparvarlik, mehr-muhabbat, doʻstlik va sadoqat, mehnatsevarlik gʻoyalari ilgari suriladi. Ilk dostonlar Yunonistonda paydo boʻldi. Ularda afsonaviy qahramonlarning jasorati, xudolarning karomati haqida kuylangan. Gomerning "Iliada" va "Odisseya", Dantening "Ilohiy komediya", Firdavsiyning "Shohnoma" asarlari Doston janrining kad. namunalaridir. Dostonlar, oʻz mohiyatiga koʻra, qahramonlik ("Alpomish", "Farhod va Shirin"), sarguzasht-detektiv ("Sabbai sayyor"), ishqiy-romantik ("Tohir va Zuhra", "Layli va Majnun"), jangnoma ("Yusuf va Ahmad", "Saddi Iskandariy"), tarixiy-memuar ("Shayboniynoma", "Jizzax qoʻzgʻoloni"), falsafiy ("Hayrat ul-abror"), fantastik-allegorik ("Lison uttayr"), didaktik ("Qutadgʻu bilig") turga boʻlinadi. Qahramonlik Dostonlarida xalq, jamiyat takdiri tasvirlansa, ishqiy-romantik Dostonlarda oshiq-maʼshuklarning sarguzashti bosh oʻrinda turadi. Tarixiy-memuar yoxud tarixiy-biografik Dostonlarda biror tarixiy shaxslar ramziylashtirilib, boʻrttirib tasvirlanadi. Umuman, Dostonlarda ideallashtirish, mubolagʻali tasvir ustun boʻladi, ularda turli afsonalar, asotirlar, hikoyatlar, dev, parilar, xizr, ajdar, ajabtovur otlar ("Alpomish"dagi Boychibor), sehr-jodu koʻp ishtirok etadi. Xalq Dostonlari baxshi, dostonchi va xalq shoirlari tomonidan dutor, doʻmbira va xalq cholgʻu asboblari joʻrligida ijro etiladi. Folklordagi Dostonlar bilan yozma adabiyotdagi Dostonlar shaklshamoyili jihatidan bir xil koʻrinishda boʻlsada, yozma adabiyotdagi Dostonlar yozuvchining dunyoni oʻziga xos tarzda idrok etishi, baholashi va oʻz fikr-gʻoyalari, orzuarmonlarini ifodalash tarzi, usulida farqlanadi. Garchand, Navoiyning aksar Dostonlari, jumladan, "Layli va Majnun", "Saddi Iskandariy" asarlari asosida folklor mavzui turgan boʻlsada, shoir ularni oʻz estetik qarashlari va badiiy niyatidan kelib chiqib tubdan qayta yaratgan.
Oʻzbek Dostonchiligi asrlar davomida oʻsib, kamol topib, shakli rang-baranglashib bordi. Oʻrxun-Yenisey yozuvida, Avestoyaa, "Devonu lugʻotit turk" dagi qadimgi Doston parchalarida, turkiy xalqlar mulki boʻlmish "Kitobi dodam Qoʻrqut"da va ayniqsa "Alpomish", "Goʻroʻgʻli" turkum Dostonlarida oʻzbek Dostonchiligining taraqqiyot yullari, davrlarini kurish mumkin. Navoiy "Hamsa"si oʻzbek Dostonchiligi tarixida yuksak choʻqqi boʻldi. "Hamsa"da, Gegel iborasi bilan aytganda, "dunyoning qahramonlik holati"ni tasvirlash kuchli, uning falsafiy-axloqiy mazmuni chuqur, unda shaxs barkamolligi, fozil in-son va adolatli jamiyat targʻib etiladi, yaxshilik va yomonlik ildizlari qidiriladi. 20-asrga kelganda, oʻzbek Dostonlari hajman toraydi, lirizm kuchaydi. Dunyoni, voqelikni va inson ru-hiy olamini, ruhiy kechinmalarini idrok etish va haqqoniy tasvirlash bosh fazilat boʻlib qoldi (Mirtemirning "Surat" dostoni). Hozirgi Dostonlarga afsona, asotirlar ham faol kirib keldi. E. Vohidovnit "Ruxlar isyoni", A. Oripovning "Jannatga yoʻl" Dostonlarida ana shu yangiliklar yaqqol kurinadi. Hozirgi zamon oʻzbek Dostonlarida drama janri belgilari (konflikt, dialog), ayniqsa epik tasvir unsurlari faollashdi. (E. Vohidov, "Istanbul fojiasi", O. Matjon, "Paxlavon Mahmud" va boshqalar).
Bundan tashqari, shoirning his-tuygʻulari, taassurotlari, oʻymushohadalari, kechinmalaridan iborat boʻlgan lirik Dostonlar ham yaratilmoqda. 20-asr oʻzbek adabiyotida Dostonlar kamayishini roman janri rivoji bilan izohlash mumkin. Voqelikni afsona, asotirlar va ertaklar asosida bayon etib, bolalarga moʻljallangan yirik sheʼriy asarlar yozishda ham Doston janridan foydalaniladi.[1]
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |