Kontent qismiga oʻtish

Kitob

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Kitob

Kitob – axborotlarni gʻoya, obraz va bilimlarni saqlash hamda tarqatish, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, estetik qarashlarni shakllantirish vositasi; bilimlar targʻiboti va tarbiya quroli; badiiy, ilmiy asar, ijtimoiy adabiyot. Xalqaro statistikada YUNESKO tavsiyasiga koʻra, hajmi 48 sahifadan kam boʻlmagan, taboqlab tikilgan nodavriy nashrni, shartli ravishda, Kitob deyish qabul qilingan.

Kitob ishi kitobni yaratish, tayyorlash, uni tarqatish, saqlash, tavsiflash va oʻrganish bilan bogʻliq katta jarayonni oʻz ichiga oladi. Fan, adabiyot, sanʼat asarlaridan matbaada koʻpaytirish va tarqatish uchun tanlash, ularga ilmiy va badiiy nuqtai nazardan yondashish, tahrir qilish, badiiy bezash, matbaa ijrosini belgilash va nashrga tayyorlash noshirlikning vazifasi. Kitobni koʻplab chiqarish – kitob bosish ishi poligrafiya sanoatida olib boriladi. Kitoblarni toʻplash, saqlash, oʻquvchilar oʻrtasida tashviqot qilish, ulardan kitobxonlar foydalanishlari uchun qulay sharoit yaratish kutubxona ishiga qaraydi (qarang: Kutubxona, Kutubxonashunoslik). Kitob va boshqa bosma asarlar haqida muayyan maqsad bilan oʻquvchilarga maʼlumot berish va ularni tashviqot qilish bibliografiya vazifasidir va hakozalar.

Kitobning paydo boʻlish tarixi yozuvning yaratilishi va shakllanishi jarayoni bilan uzviy bogʻliq. Yozuvning toʻzilish xususiyatlari (belgilar tizimi, ularning joylashish tartibi), yozuv materiali va qurolining oʻziga xos tomoni va boshqa maʼlum darajada kitob tuzilishini ham belgilab berdi. Qad Misr, Rim, Yunoniston va Oʻrta Osiyoda kishilar tosh, palma daraxti barglari, sopol va boshqa materiallarga yozib fikr almashganlar. Har bir kitob oʻnlab shunday materiallardan tayyorlangan plitalardan iborat boʻlib, ogʻirligi bir necha kilogramm boʻlgan. Yozuv materiali sifatida papirus oʻsimligi ishlatilishi (miloddan avvalgi 4—3 ming yilliklarda) bilan oʻrama kitoblarlar paydo boʻldi. Bunday kitoblarning oʻzunligi oʻrtacha 10 metr atrofida boʻlib, ingichka, yumaloq tayoqlarga oʻralgan va maxsus charm yoki yogʻoch gʻiloflarda saqlangan. Sharq mamlakatlari, Qadimgi Rim va Yunonistondagi koʻpgina nodir asarlar papirusga bitilgan. Miloddan avvalgi II asrga kelib kitob materiali sifatida pergament (teri)dan foydalanish keng tarqaldi. Dastlab bunday kitob oʻrama holda saqlangan. Ayrim maʼlumotlarga Qaraganda, Oʻrta Osiyoda, xususan, Xorazmda miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmida vujudga kelgan zardoʻshtiylik dinining muqaddas kitoblaridan Avestoning qad. nusxasi ham 12 ming qora mol terisiga bitilgan. Arablarning Oʻrta Osiyodagi istilosiga qadar (VIII—X asrlar) u yerda koʻp nodir kitoblar saqlangan kutubxonalar boʻlgan. Lekin ularning koʻpi bosqinchilik urushlari natijasida yoʻqotib yuborilgan. II—IV asrlardan boshlab Qad. Rimda xuddi hozirgi kitoblarning varaqalari singari buklab, tikib tayyorlangan va bir-biriga biriktirilgan, muqovali kitoblar – kodeks paydo boʻldi. Ular dastlab papirus, soʻng pergamentga yozilgan. Bunday kitoblar ogʻir va besunaqay edi. VI asrdan boshlab kodeks shakli asosida hozirgi koʻrinishdagi kitoblar paydo boʻldi. Teriga ishlangan noyob kitoblardan biri – Mus-hafi Usmon Kurʼonidir. Qurʼoni karimning bu nusxasi 644—656 yillarda xalifa Usmon koʻrsatmasi bilan Muhammad (sav)ning kotiblari Zayd ibn Sobit, Amir ibn alOʻs va Hishom ibn Hakimlar tomonidan kufiy xatida yozilgan. Mazkur qoʻlyozma kitob Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan. Jami 353 varaq, hajmi 68x53x22 sm. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanadi.

Qogʻozning kashf qilinishi kitob tarixida yangi davr ochdi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, 650 yillardayoq Samarqandda qogʻozli kitoblar boʻlgan. XIII asrdan Yevropada qogʻoz asosiy yozuv materiali boʻlib qoldi. Qogʻoz kitobning koʻpayishiga va tarqalishiga yangi imkoniyat ochdi. Kitob bezashga alohida ahamiyat berildi. Uning sahifalariga turli miniatyuralar, hoshiyalariga bezaklar ishlana boshladi. Asta-sekin xattotlik (kalligrafiya), muqovasozlik kabi kasblar ajralib chiqdi. Ayniqsa, Oʻrta Osiyoda oʻrta asrlarda xattotlik sanʼati keng rivojlandi. Mashhur xattotlarning koʻp avlodlari kitob tayyorlash usulini – materiallar, siyoh, xat koʻchirish texnikasini takomillashtirib bordilar.

X—XII asrlarda Movarounnahrda muayyan soha sifatida shakllangan kitobat sanʼati XIV—XV asrlarda yangi taraqqiyot bosqichiga kutarildi. Har bir kitob qogʻozidan tortib muqovasigacha, siyoxdan to buyoqlari-yu zarhaligacha maʼlum meʼyordagi modda, reja va qoida asosida tayyorlanadi, hatto kitobdan xushboʻy hid anqib turishi uchun baʼzan siyohga gulob yoki anbar qoʻshilardi. Qoʻlyozmalar nafis husnixat, zarafshon (tilla suvi sochish), suvli buyoqlar bilan hoshiyaga nafis naqshlar ishlab badiiy bezatildi. XV—XVI asrlarda bir qancha isteʼdodli xattot, musavvir, lavvoh va saxdoflar (Abdurahmon Xorazmiy, Sultonali Mashqadiy, Sultonali Xandon, Mirali qilqalam va boshqalar) yetishdi. Hirot xattotlariga ustozlik qilib, kitobat sanʼati ravnaqiga ulkan hissasini qoʻshgan xushnavis xattotlardan Sultonali Mashhadiy edi. U Nizomiy, Hofiz, Saʼdiy, Navoiy, Husayn Boyqaro va boshqalarning asarlarini koʻchirib shuhrat qozondi. Sultonali tomonidan koʻchirilgan 50 dan ziyod kitob bizning davrimizgacha yetib kelgan. Temuriy hukmdorlar devonxonalari qoshida, xususan, Samarqand, Hirotda maxsus saroy kutubxonalari tashkil etilgan. Bunday kutubxonalar oʻrta asrning oʻziga xos hunarmandchilik korxonasi boʻlib, ularda qoʻlyozma kitoblarni toʻplash va saqlash bilan birga kitob sozlik bilan bogʻliq boʻlgan bir qancha amaliy ishlar bajarildi. Bunday saroy kutubxonalarining boshliklari „kutubxona dorugasi“ yoki „kitobdor“ deb atalgan. Ularning qoʻl ostidagi koʻplab xushnavis xattot, naqqosh-musavvirlar, lavvoh, sahhoflar kitob yaratishga doir turli vazifalarni bajarishgan. Mas, XV asrning 1-yarmida Hirotda Ulugʻbekning ukasi Boysunqur kutubxonasida 40 xattot va bir qancha naqqosh qoʻlyozma asarlardan nusxalar koʻchirish va ularni bezash bilan band boʻlgan. Har bir qoʻlyozma kitob bir necha mutaxassis qoʻlidan oʻtardi. 1425—29 yillarda Jaʼfar Boy-sunquriy tomonidan Abulqosim Firdavsiyning mashhur „Shohnoma“ asari koʻchirilib, 20 ta turli mazmundagi rangdor miniatyuralar bilan bezatilgan. Noyob sanʼat asari sifatida bu kitob Tehron muzeyida saqlanadi. Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy saroy kutubxonasi ham oʻz davrida mashhur boʻlgan. Navoiy badiiy qoʻlyozma sanʼatini rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi. Uning bevosita koʻmagi bilan Behzod, Sultonali Mashhadiy, Shoh Muzaffar kabi oʻnlab kitobsoz ustalar yetishib chiqdi. Bu ustalarning uslub va anʼanalari keyingi yillardagi kalligrafiya sanʼatining asosini tashkil etdi. Turkistonda xattotlik yoʻli bilan kitob tayyorlash oʻzoq vaqt davom etdi. Hatto kitob bosish kashf qilingandan keyin ham, dastlabki vaqtlarda kitoblar qoʻlyozma yoʻli bilan koʻpaytirilar edi.

Kitob nusxalarini ommaviy koʻpaytirish yoʻlidagi izlanishlar natijasida ksilografiya paydo boʻldi. XV asrning 40-yillarida Germaniyada Iogann Gutenberg tomonidan kitob bosish ixtiro qilinishi kitob taraqqiyotida yangi davr ochdi. Kitob bosish texnikasi asta-sekin takomillashib, boshqa mamlakatlarda ham tarqala boshladi (qarang Kitob bosish, Bosmaxona).

Turkistonda bosma usuli bilan kitob chiqarish Oʻrta Osiyo Rossiyaga qoʻshib olingandan keyin tarqaldi. 1868-yil Toshkentda Turkiston harbiy okrugi shtabining bosmaxonasi tashkil etildi. Shu bosmaxonada nashr etilgan rus olimi va sayyohi N. A. Seversovning „Chu va Norin tizmalari etagidagi togʻli oʻlka toʻgʻrisida lavhalar“ (rus tilida) kitobi Turkistondagi ilk bosma kitobdir. Oʻzbek tilidagi birinchi bosma kitob Shohimardon Ibrohimovning 1871-yil Xivada bosilgan „Kalendar“idir. Birin-ketin Turkistonning boshqa shaharlarida ham xususiy litografiyalar tashkil etildi. Boʻlardan Otajon Abdalov (Xivada), Semyon Laxtin (Toshkentda), Gʻulom Hasan Orifjonov (Toshkentda) litografiyalari mashhur. Bu bosmaxonalarda adabiy, falsafiy, diniy, tarixiy asarlar va darsliklar chiqarildi.

Oktabr toʻntarishidan soʻng sovet tuzumi davrida kitob bosish ishi birmuncha rivojlanib, ommaviy kitoblar yaratish ishiga katta ahamiyat berildi. Lekin kitobga, boshqa ommaviy axborot vositalari kabi, KPSS va Sovet hukumatining qudratli mafkuraviy quroli sifatida qaraldi. Shu maqsadda juda koʻp nomda va nusxada marksizm-leninizm asarlari, ijtimoiy siyosiy, badiiy, ilmiy kitoblar nashr etildi. Ayni vaqtda, 20—30-yillarda, Oʻzbekistonda asrlar mobaynida saqlanib kelingan qoʻlyozmalar, ayniqsa diniy, tarixiy mazmundagi kitoblar, keyinroq katagʻonga uchragan oʻzbek yozuvchilarining asarlari yoʻq qilina boshlandi: oʻtda kuydirildi, suvga tashlandi.

Istiqloldan keyingi yillarda kitob mahsulotlari mavzu-mundarijasida keskin oʻzgarish boʻldi. Tarixiy, diniy, milliy qadriyatlarga taalluqli kitoblar nashriga alohida ahamiyat berildi. Qurʼoni karimning oʻzbek tilidagi tarjimasi ikki bor nashr etildi (1991-yil, „Choʻlpon“ nashriyotida; 2001-yil, Toshkent Islom universiteti nashriyotida). Imom Buxoriyning 4 jildli „Hadis“lari (1991—96 yillar, Komuslar Bosh tahririyati), Amir Temur mavzui bilan bogʻliq oʻnlab kitoblar chiqarildi. Alisher Navoiyning 20 jildli toʻla asarlari (1998 – 2002, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi „Fan“ nashriyoti) chop etildi. Turli nashriyotlarda Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Najmiddin Kubro, Mahmud az-Zamaxshariy, Ulugʻbek, Yassaviy, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Munavvarqori, Fitrat, Usmon Nosir va boshqalarning asarlari, 33 jildli „Xotira“ kitobi chiqarildi. „Oʻzbekiston“ nashriyotida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom. Abduganiyrvich. Karimovning 10 jildli Asarlari nashr qilindi (1997—2002). Mavjud nashriyotlar ommaning talabehtiyojlaridan kelib chiqib badiiy, ilmiy, ommabop, darslik va boshqa tur kitoblar nashr etmoqdalar. Kitoblarning badiiy va matbaa ijrosi ham jahon andozalari talablariga javob beradigan darajada yuksalib bormokda (yana qarang Noshirlik).

Kitoblarning toʻzilishi va turlari. Hozirgi kitoblar oʻquvchilar talabi va estetik didiga koʻra muayyan shaklga ega. Kitob sahifalarga ajratilib, oʻrtasidan tikiladi va muqovalanadi. Muqovaning kitob sahifalari bilan biriktirilgan qismi forzats deyiladi. Ayrim hollarda muqovani saqlash va bezak sifatida muqovaga jild (superoblojka) kiygiziladi. Kitobning bosh qismida sarvaraq (titul list) boʻladi. Unda muallif ismsharifi, kitobning nomi, nashr etilayotgan joyi, yili, nashriyot nomi va boshqa yoziladi. Sarvaraq qoʻsh sahifada boʻlishi mumkin; bu holda u kitobning 2-(muqobil sarvaraq) va 3-betlarini egallaydi. Sarvaraq maʼlumotlarining ayrimlari kitobning l-sahifasi – peshvarak, (avantitul)da ham yozilishi mumkin. Sarvaraqning orqa sahifasiga kitob belgisi qoʻyiladi. Baʼzi hollarda sarvaraq oʻrnida sarrasm (frontispis) boʻladi. Matnning mazmuniga karab, kitobda turli usulda sarlavhalar qoʻyiladi. Ayrim hollarda yirik sarlavhalar alohida sahifada beriladi. Bunday sahifa zarvaraq (shmutstitul) deyiladi. Kitobning ruknsarlavha (kolontitul) va ruknraqam (kolonsifr)lari undan foydalanish ishini osonlashtiradi. Shuningdek, kitobda mundarija, muqaddima, xotima, annotatsiya, ilova, izoh, turli koʻrsatkichlar, bibliografik roʻyxatlar ham boʻlishi mumkin. Kitob sahifasining hajmi uning nashr bichimi bilan belgilanadi (qarang 7a-bok).

Kitoblar qanday oʻquvchilar ommasiga moʻljallanganligi, maqsadi va mavzuiga qarab turlarga ajratiladi. Oʻquvchilarga koʻra, Kitoblar ommaviy, mutaxassislar uchun va bolalar kitobi boʻlishi mumkin. Maqsadiga koʻra, rasmiy, ilmiy, ilmiyommabop, oʻquv, adabiy-badiiy, maʼlumotnoma va boshqa xil kitoblarga boʻlinadi. Ilmiy kitoblar ichida monografiya keng tarqalgan. Oʻquv kitoblari darslik, oʻquv qoʻllanmasi, oʻquv metodik qoʻllanma va boshqa turlarga ajratiladi. Maʼlumotnomalar esa lugʻat, ensiklopediya, kalendar, yoʻl koʻrsatkichlar qabilarga boʻlinadi[1].

  • 48-maktab
  1. ↑ Murodjon Aminov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil