Urganch tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Urganch tumani
Ургенчский район
tuman
Tarkibida Xorazm viloyati
Maʼmuriy markazi Qorovul (qishloq)
Rasmiy tillar Oʻzbek
Soat mintaqasi UTC+5

Urganch tumani - Xorazm viloyatidagi tuman. 1926 y. 29 sent.da tashkil etilgan. 1962 y. 24 dek.da Shovot tumaniga qoʻshilgan, 1964 y. 31 dek.da qayta tashkil etilgan. Sharkdan Xonqa, gʻarbdan Qoʻshkoʻpir, Shovot va Yangibozor tumanlari, shim.dan Gurlan tumani va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, jan.dan Xiva, Yantiariq tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,46 ming km². Aholisi 141,1 ming kishi (2004). Tumanda 1 shaharcha (Chalish), 10 qishloq fuqarolar yigʻini (Bekobod, Chakkasholikor, Chandirqiyot, Chatkoʻpir, Yuqoribogʻ, Yuqoridoʻrman, Qoramon, Qorovul, Gʻalaba, Gʻoybu) bor. Tuman markazi — Qorovul qishlogʻi.

Tabiati. Tuman relyefi pasttekislikdan iborat, bal. 100 m. Tuprogʻi qumloq, boʻzallyuvial, Amudaryo oqiziqlaridan tarkib topgan. Daryo boʻyidagi toʻqay va qumliklarda jiyda, turangil, tol, saksovul, yulgʻun, yantoq, qamish, otquloq, olapoʻta, oqbosh, shoʻra, ajriq oʻsadi. Toʻqay va changalzorlarda quyon, chiyaboʻri, qumliklarda yumronqoziq, kaltakesak; qushlardan chumchuq, toʻrgʻay, qargʻa, boyoʻgʻli, kaptar, musicha va boshqa bor.

Iqlimi keskin kontinental. Yanv. oyining oʻrtacha temperaturasi —4°, —5°, eng past tra —25°. Iyul oyining oʻrtacha temperaturasi 26°, 28°. Eng yuqori tra 44°. Yillik yogʻin 80–90 mm. Vegetatsiya davri 200—210 kun. Dehqonchilik sugʻoriladigan yerlarda amalga oshiriladi. Yer osti suvlari yuza, yerlarni teztez shoʻr bosib turadi. Ekin maydonlari Amudaryo va tuman hududi orqali oʻtkazilgan Gʻozovot, Shovot, Qulobod, Qirgʻizyop, Oʻrisyop, Doʻrman va boshqa kanallaridan sugʻoriladi. Gʻozovot— Davdon, Yangibozor kollektorlari bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (92%), shuningdek, qozoq, rus, koreys, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 306,8 kishi. Shahar aholisi 5,6 ming kishi, qishloq aholisi 135,5 ming kishi (2004).

Xoʻjaligi. Tumanda paxta tozalash zavodi, 12 kichik gʻisht zavodi, "Xorazm— Nurtop" ip gazlama korxonasi, sut va uzumni qayta ishlash sexlari, 5 qurilish tashkiloti, parrandachilik f-kasi mavjud.

Qishloq xoʻjaligi, asosan, dehqonchilikka ixtisoslashgan. Tuman yer maydoni 26,8 ming ga ni tashkil etadi. Shundan 25,8 ming ga yer sugoriladi va haydaladi. 11 ming ga yerga paxta, 5,9 ming ga yerga gʻalla, 3,3 ming ga yerga sholi, 835 ga yerga poliz va sabzavot ekinlari ekiladi. Qolgan maydonlarda makkajoʻxori, oq joʻxori va chorva uchun ozuqabop ekinlar yetishtiriladi. 1380 ga yer bogʻ va tokzorlar bilan band. Bogʻlarda oʻrik, olma, anjir, nok, nashvati, shaftoli, uzum, anor, olxoʻri va boshqa mevali daraxtlar oʻstiriladi.

Urganch tumanida 14 jamoa va shirkat xujaliklari, 831 fermer va dehqon xoʻjaliklari mavjud. 3 xoʻjalik fermer uyushmasiga aylantirilgan. Tumandagi jamoa va xususiy xoʻjaliklarda 73,2 ming qoramol, 32,2 ming qoʻy va echki, 240,4 ming parranda boqiladi. Pilla ham yetishtiriladi. Tuman hududidan xalqaro avtomobil yoʻli va Toshkent— Shovot t.y. utgan (uz. 40 km).

2003/04 oʻquv yilidagi 44 umumiy taʼlim maktabida 30 mingga yaqin oʻquvchisi taʼlim oldi. 3 kasbhunar kolleji, musiqa, sport maktablari, 1 markaziy va 39 tarmoq kutubxonasi, 2 stadion, 40 sport maydonchasi, kasalxona (305 oʻrin), 12 qishloq vrachlik punkti, 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 poliklinika, "Jayxun" sanatoriysi ishlab turibdi.

1958 yildan "Urganch haqiqati" tuman gaz. chop etiladi (adadi 1000).