Kontent qismiga oʻtish

Jaloliddin Rumiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jalolidiin Muhammad Balxi Rumiy
Asl ismi جلال‌الدین محمد بلخی
Tavalludi
Muhammad ibn Muhammad ibn Xusayn Xusayni Xatibi Bakri Balxi

30-sentyabr 1207-yil
Balx, (hozirgi Afgʻoniston) Xorazmshohlar davlati
Vafoti 17-dekabr 1273-yil(1273-12-17)
(66 yoshda)
Konya, (hozirgi Turkiya) Koʻniya sultonligi
Taxallusi Jaloliddin, Xodavandgar, Mavlono, Xomush
Ijod qilgan tillari fors,arab
Faoliyat turi shoir, faylasuf
Janr so`fiyona, falsafiy
Rumiy qabri (Mavlono muzeyi). Ko`niya, Turkiya.

Jaloliddin Rumiy yoki Mavlono Jaloliddin Rumiy (30-sentyabr 1207, Balx, Afgʻoniston – 17-dekabr 1273, Koʻniya, Turkiya) – shoir va mutafakkir. Tasavvufdagi mavlaviya tariqatining asoschisi. Arab, fors va turkiy tillarida ijod qilgan. Otasi Bahouddin Valad sufiylar va fiqh donishmandi boʻlgan. Shu bois ham sulton Muhammad Xorazmshoh (1199—1220) saroyga taklif etgan. Lekin Valad uning taklifini rad etib, maktabdorlik hamda ilmiyi-ijodiy ish bilan mashgʻul boʻlgan. Xorazmshoh bilan kelisholmagan Valad haj safari bahonasida oilasi bilan Balx shahrini tark etgan. Rumiy Makka yoʻlida Farididdin Attor bilan uchrashgan. 1220-yil Rum sultoni Alouddin Kayqubod I ning daʼvati bilan Koʻnya (Kichik Osiyo) ga kelgan. Rumiy Halab, Damashq va Bagʻdod madrasalarida oʻqigan, mudarrislik qilgan.

Rumiy shaxsiyati kamolotida shoir va shayx Shams Tabriziyning oʻrni katta. U 3 yil Rumiyga dars beradi: falsafa, xususan, soʻfiylik taʼlimotini oʻrgatadi. Shoirning oʻzi ham bir baytida „Agar Attor menga ruh baxsh etgan boʻlsa, Shamsi Tabriziy tilsim kalitini tutqazdi“, degan. 1244-yil Rumiy ustozini nihoyatda hurmat qilgani uchun oʻz gʻazallarida „Shamsi Tabriziy“, „Shamsi“ taxalluslarini qoʻllay boshlagan. Shoir gʻazallarining „Shamsi Tabriziy devoni“ nomi bilan shuhrat qozonishining boisi ham shunda [42 ming baytli „Devoni Kabir“ („Ulugʻ devon“)ning ikkinchi nomi „Devoni Shamsi Tabriziy“].

Rumiy ijodi usmonli turk adabiyotining sarchashmasi hisoblanadi.

Rumiydan sheʼrlar devoni, „Makotib“, „Ichindagi ichindadir“ („Fihi mo fihi“) hamda „Masnaviyi maʼnaviy“ kitoblari meros boʻlib qolgan. „Ichindagi ichindadir“ nasriy asar boʻlib, olimning turli majlis va suhbatlardagi falsafiy nutqlarining majmuasidir. „Makotib“ esa, muallifning zamondoshlari va ustozlari bilan boʻlgan turli yozishmalari – maktublaridan iborat. Har 2 asarda muallifning ijtimoiyfalsafiy, axloqiytaʼlimiy mushohadalari, tasavvufga doir nazariy qarashlari oʻz ifodasini topgan. Shoir devoni turli janrlardan iborat 25 ming baytdan ziyod sheʼrlarni oʻz ichiga olgan.

Rumiy sheʼriyati, asosan, ilohiy ishq bilan bogʻlangan. U oʻzining barcha asarlarida yer-u koʻkning sohibi boʻlmish Alloh va uning zamindagi xalifasi hazrati insonni ulugʻlaydi. R.ning mashhur asari „Masnaviyi maʼnaviy“dir. Asarda Qurʼoni karim va Hadisi sharif maʼnolarini oʻziga singdirgan, inson hayoti bilan bogʻliq barcha masalalar badiiy yoʻsinda bayon etilgan. 6 jild (daftar)dan iborat asarning dastlabki qismlarini adibning shogirdi Hisomiddin Chalabiy ustozi ogʻzidan yozib olib, tahlildan oʻtkazgan. Chalabiy vafotidan soʻng muallif asarning davomini 10 yilda yozib tugatadi. Qurʼoni karim oyatlarining 70 foizi mohiyatini oʻzida mujassamlashtirgan, 270 dan ziyod hikoyalarni, yuzlab pand-u hikmatlarni oʻz ichiga olgan bu kitob oʻz vaqtida va keyinchalik ham yozuvchi nomining dunyoga keng tarqalishiga sabab boʻlgan. Chunki Rumiy masnaviyda oʻzigacha boʻlgan Sharq-u Gʻarb donishmandlarining falsafiy qarashlarini, islomiy farzlarni sodda bir uslubda, sheʼriy yoʻl bilan badiiy ifodalagan. Agar Rumiy „Har ertalab bemorlar shifo tilab Iso alayhissalom eshigiga borishgani“, „Lochinning oʻrdaklarni sahroga chiqargani“, „Zarvon ahli qissasi“, „Majnun Layli koʻyida yurgan itni oʻpib, erkalagani“, „Boʻyoqchining xumiga tushgan shaqalning tovuslik daʼvo etgani“, „Xorut va Morut qissasi“ singari qissa va hikoyalarida paygʻambarlar hayotidan turli mo‘jizalar keltirib, islomiy tasavvufiy gʻoyalarni targʻib etgan boʻlsa, boshqa turkum hikoyalarida bevosita insonning kundalik turmushi, ilm-ma’rifat kasb etishi, hunar oʻrganish yoʻlidagi riyozatlarini badiiy tasvirlab, chuqur falsafiy xulosa chiqarishga undagan.

Rumiy ijodi yuksak badiiyati bilangina emas, balki mantiq kuchi, falsafiy fikrlarga boyligi bilan ham katta taʼsir kuchiga ega. Uning tabiat va jamiyat hodisalarining doimiy oʻsish, oʻzgarishda ekani, eskining yoʻqolib, yangining paydo boʻlishi – „dunyoning ziddiyatlar birligidagi ziddiyatlar jangi“dan iboratligi toʻgʻrisidagi qarashlari, nemis faylasufi Gegelning eʼtiroficha, uning dialektik metodni yaratishiga yordam bergan.

Rumiy asarlari ko‘pchilik forsigo‘y va turkigo‘y shoirlar ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan, masnaviyxonlik xalqimiz o‘rtasida keng tarqalgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Rumiyning „Masnaviyi ma’naviy“ asari saqlanadi. Istiqlol yillarida Rumiy hayoti va ijodiga qiziqish yanada kuchaydi. Sh. Shomuhammadov, A. Mahkam va boshqa shoirning turli janrdagi she’rlaridan namunalarni o‘zbek tiliga tarjima qilishdi. Shoir Jamol Kamol „Masnaviyi ma’naviy“ tarjimasini nihoyasiga yetkazdi, 6 kitobdan iborat bu yirik asarning 4 jildi bosilib chiqdi (2002, 2003). „Ichindagi ichindadir“ asari ham o‘zbek o‘quvchilarining ma’naviy mulkiga aylangan.

  • Fish Rumiy, Jaloliddin Rumiy, T., 1986;
  • Jumayev Rumiy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, T., 2003.
  • Uchmoqqa qanot yoʻq vale uchgayman [rivoyatlar va ruboiylar], T., 1994;
  • Injular ummoni, T., 1988;
  • Ichindagi ichindadir, T., 1997-yil;
  • Ishq daftari [ruboiylar], T., 2000;
  • Masnaviyi maʼnaviy [6 j.li], 1—4j.lar, T., 2002-2003.