Botqoqlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Braziliyadagi botqoq

Botqoqlik — yerning doimo yoki uzoq vaqt nam, zax boʻlib yotadigan joyi. Botqoqlikda torf qalin (0,2—0,3 m) boʻladi, oʻsimliklarning ildizlari torf ostidagi gruntga yetib bormaydi. Torf qatlami yupqa boʻlsa, botqoqlashgan yerlar deb ataladi. Botqoqlik xalq xoʻjaligida katta ahamiyatga ega. Botqoqlik quritilgandan soʻng torf asosan oʻgʻit, yoqilgʻi va mol tagiga toʻshama sifatida ishlatiladi, undan kimyoviy mahsulotlar olinadi, qurilishda foydalaniladigan plitalar ishlab chikariladi. Botqoqlik koʻpincha oʻrmoni kesilib yoki kuyib ketgan joylarda va oʻgloqlarni uzoq muddat suv bosishi, shuningdek sayoz suv havzalarini ut qoplashi natijasida hosil boʻladi. Oʻsimliklar tarkibi va oʻsimliklarning oziqlanish tartibiga koʻra Botqoqliklar 3 xil boʻladi: pastqam Botqoqlik, doʻng Botqoqlik va oraliq Botqoqlik Pastqam Botqoqlik uchun evtrof oʻsimliklar harakterli. Ular mineral tuzlarga boy grunt suvlari koʻp boʻlgan daryo qayirlarida, vodiylarda, eski koʻllar oʻrnida va suvayirgʻichlarning pastqam joylarida uchraydi. Bunday Botqoqliklarda asosan, qiyoq, qamish, roʻvak, qirqboʻgʻimlar; daraxtlardan olxa (qandagʻoch) va qayin oʻsadi. Pastqam Botqoqlikda suv kalamushlari, dala sichqonlari, qunduz, balchiqchi, botqoqtovugʻi, oʻrdak, gʻoz yashaydi, qobon, qamishzor mushugi, qizil gʻoz, saqoqushlar uchraydi. Doʻng Botqoqlik uchun oligotrof oʻsimliklar harakterli boʻlib, ular suvayirgʻichlarda yoki daryolarning baland terrasalarida uchraydi va yogʻindan tashqari mineral tuzlari kam grunt suvlaridan toʻyinadi. Oʻsimliklari kam. Doʻng Botqoqliklar oʻrmonli va oʻrmonsiz boʻladi. Oraliq Botqoqlik oraliq holatni egallaydi va yogʻindan hamda oʻrtacha minerallashgan grunt suvlaridan tuyinadi. Oraliq Botqoqlik uchun mezotrof oʻsimliklar xos. Qayin, qaragʻay, bardidoshlar, sfagn yoʻsinlari oʻsadi. Botqoqliklarning koʻp qismi Shim. yarim sharda boʻlib, qariyb 350 mln. ga.

Turkiston oʻlkasida Botqoqliklar yirik daryolar (Amudaryo, Sirdaryo, Chu va Ili daryolari) vodiysida, yoyilmalarning tevarakatroflarida va pastqam joylarda uchraydi. Torf qatlami juda yupqa yoki butunlay yoʻq, oʻsimliklardan qoʻgʻa va qamish oʻsadi. Sharqiy Pomirda, Oqsuv, Muzqoʻl daryolari vodiylarida, Zoʻrkoʻl, Qorakoʻl va boshqa koʻllar atrofida ham Botqoqlik koʻp.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil