Nayman

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Nayman — oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, qirgʻiz, noʻgʻoy va oltoy xalqlari tarkibiga kirgan qabila uyushmasi.

Rus etnografi A. D. Grebenkinning 1870-yillarida bergan maʼlumotiga koʻra, oʻzbek naymanlari Zarafshon vodiysi (63 ta qishlogʻida), Fargʻona vodiysi, Xorazm vohasi, Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo va Surxondaryoning Termiz tumanida qoʻngʻirotlar bilan birga yashab kelishgan. Keyinchalik dastlab Afgʻonistonning Balx viloyatiga, soʻngra Zarafshon vodiysiga koʻchib ketishgan.

Oʻzbek naymanlari XIX asr oxirida 3 ta yirik uruqqa boʻlingan: qoʻshtamgʻali, sadirbegi, uvaxtamgʻali. Bulardan tashqari, naymanlarda bir qancha urugʻ boʻlimlari ham mavjud boʻlgan: agran, ayronchi, badir, biya, bogʻanali, boltali, bukalay, burunsov, jagalboyli, jostovon, jilonli (ilonli), jumaloq bosh, olti ota, olti oʻgʻil, oq tunli, segiz uruv (sakkiz urugʻ, sarinayman, turtul (toʻrt oʻgʻil), toʻrttamgʻali, urguch, ukrash, changali, choʻmichli, gʻozoyoqli, qoragadoy, qorasirak, qargʻali, qiltamgʻali, kultamgʻali va boshqalar. Narpay tumanidagi naymanlar: poʻlatchi, ulus, zarman, kichkildik, osnayman, achchili nayman, kattaki, nayman, toʻrgʻoq nayman, uyshun naymanlarga qam boʻlingan.

Oʻzbek nayman avlodlarini boshqa qavmlar tarkibidan ham uchratish mumkin. Masalan, oʻzbek saroylarining eng yirik toʻrt urugʻidan biri naymansaroy deb nomlangan. Shuningdek, qipchoqsaroyda chorkusa nayman, qoʻshtamgʻali saroy va qoʻngʻirot saroyda ham nayman tarmogʻi bor. Hattoki oʻzbek kenagaslari va juzlari tarkibida ham nayman shoxobchasi uchraydi. Bu holat oʻzbek qavmlarining etnogenezi mushtarakligidan, oʻzaro etnogenetik va etnomadaniy aloqalardan dalolat beradi.

Naymanlar Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Boshqirdiston, Tatariston va Moʻgʻuliston hududlarida ham yashaganlar.

Naymanlarning kelib chiqishi munozarali. Bir guruh olimlar (I. N. Berezin, V. V. Bartold, B. Y. Vladimirsov va boshqalar) naymanlarning etnogenezini moʻgʻullar bilan bogʻlaydilar. Ular "nayman" soʻzining etimologiyasini (moʻgʻulcha "sakkiz", "sakkiz qabila") oʻz fikrlariga dalil qilib koʻrsatadilar. Ikkinchi bir guruh esa (N. A. Aristov, X. Xovorst, S. A. Amanjolov va boshqalar) esa naymanlarni turk deb hisoblaydilar. Qadimgi Sharq qoʻlyozmalarida hamda Oʻrxun yozuvlarida "sakkiz oʻgʻuz" qabilasi ittifoqi tilga olinadi. Ular yashagan yerlarni X asr oʻrtalarida kidanlar ishgʻol etganlar. Sakkiz oʻgʻuzlar kidanlar tomonidan tobe etiladi, kidanlar ularni nayman deb atay boshlaganlar. Demak, naymanlar aslida turkiy xalqlardan boʻlganlar. Naymanlar VIII asr oʻrtalarida Baykal koʻlining janubida yashaganlar. IX asr oʻrtalarida ular Oʻrxun daryosining yuqori qismidan to Tarim va Qora Irtishgacha boʻlgan yerlarni egallaydilar. Keyinchalik naymanlar egallab turgan yerlarning chegarasi Xonboy va Oltoy togʻlarigacha yetgan. Ular sharqda, kerayitlar, shimolda qirgʻizlar, gʻarbda qangʻlilar, janubda esa uygʻurlar bilan chegaradosh boʻlganlar. XII asrning oʻrtalarida naymanlar kuchayib, Markaziy Osiyoda oʻz hukmronliklarini oʻrnatdilar. Naymanlar davlati XIII asr boshigacha, yaʼni moʻgʻullar istilosiga qadar mavjud boʻlgan. Naymanlarning oxirgi xoni — Tayanxonning poytaxti Jarshiznaur degan (Qoraqurumga yaqin) joyda joylashgan.

1204-yilda naymanlsrning katta bir qismi moʻgʻullarga tobe boʻladi. Moʻgʻullarga itoat etmagan naymanlar esa Balxash koʻlining gʻarbidagi choʻllarda, janubda Olakoʻl boʻylarigacha boʻlgan yerlarda, Sirdaryo boʻylarida, Ulugʻtogʻ hamda Ishim daryosi boʻylarida yashaganlar. Sirdaryo boʻylaridagi naymanlarning katta qismi keyinchalik Xorazmga va Movarounnahrga koʻchib kelib oʻrnashganlar. Ular asta-sekin oʻtroqlashib, yerlik xalqlarga aralashib ketganlar.

Dashti Qipchoqda koʻchib yurgan naymanlarning bir qismi Shayboniyxonning Movarounnahrga qilgan yurishlarida faol qatnashgan. XV asrning oxiri — XVI asrning boshlarida ular hozirgi Oʻzbekiston hududlariga koʻchib oʻrnashgan. Naymanlarning Dashti Qipchoqda qolgan qismi esa qozoq, qoraqalpoq va noʻgʻaylar tarkibiga kirgan. Naymanlarning deyarli koʻpchiligi XIII asr boshlarigacha xristian dinida boʻlgan. Ularning bir qismi esa qora kidanlar taʼsirida budda dinini ham qabul qilganlar. Ammo naymanlar eʼtiqodida ibtidoiy dinlarning, xususan shamanizm qoldiqlari kuchli boʻlgan. XIII—XIV-asrlar davomida naymanlar islom dinini qaʼbul qilganlar.

Oʻzbek naymanlarining koʻpchilik qismi Zarafshon vodiysida (Pastdargʻom va Narpay tumanlarida) oʻtroq holda yashab, koʻpincha dehqonchilik bilan mashgʻul edi. Ular tomli (paxsa, choʻpkori) uylarda yashaganlar. Oʻtroq naymanlarning boylari chorvachilik bilan ham shugʻullanganlar. Jom choʻli, Oʻrtachoʻl, Zirabuloq togʻida yashovchi naymanlarning asosiy mashgʻuloti chorvachilik hisoblangan. Bular koʻpincha qorakoʻl qoʻylari, togʻ va togʻ bagʻirlarida yashaganlari esa jaydari qoʻylar, qoramol, tuya va ot saqlaganlar. Chorvador naymanlar oʻtovlarda yashaganlar. XIX asrning oxiri — XX asrning boshlarida oʻzbek naymanlari ham boshqa qabilalar kabi oʻtroq oʻzbeklar tarkibiga singib, mazkur xalqning shakllanishida faol qatnashganlar.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar[tahrir]

  • Rashidaddin., Sbornik letopisey, t. 1., vip. 1., M. -L., 1962;
  • Norboyev N., Oʻzbek elining qabila va urugʻlari haqida, T., 1997.