Olot tumani
Olot tumani Алатский район | |
---|---|
29°24′54″N 63°48′12″E / 29.41500°N 63.80333°E | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hukumat | |
Nargiza Nematova[1] | |
Asos solingan | 1943 |
Maydon | 3,230 km2 (1,250 kv mi) |
Rasmiy til(lar)i | Oʻzbek |
Aholisi | 101 300 |
Vaqt mintaqasi | UTCUTC+5 |
Pochta indeks(lar)i | 200201 |
Avtomobil kodi | 80 |
|
Olot tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatidagi tuman. 1943-yil 14-fevralda tashkil etilgan. 1960-yil Qorakoʻl tumaniga qoʻshilgan. 1973-yil 26-dekabrda qayta tashkil etilgan. 1983-yildan yana Qorakoʻl tuman i tarkibida. 1989-yildan Olot tumani yana alohida tuman maqo-miga ega boʻldi. Buxoro viloyatining janubi-gʻarbida joylashgan. Jan., janubi-sharqdan Qashqadaryo viloyati, janubi-gʻarbdan eng katta masofada (75 km) Turkmanistonning Lebap viloyati (Amudaryo orqali), shimoli-gʻarb va Shimoli-sharqtomondan Buxoro viloyatining Jondor, Qorakoʻl, Buxoro, Qorovulbozor tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 3,22 ming km². Aholisi 77,9 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Olot), 8 shaharcha (Ganchi Chandir, Kesakli, Qirtay, Sola qorovul, Jayxunobod, Oʻzbekiston, Chovdur, Boʻribek Chandir) va 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Bahoriston, Guliston, Denov, Jumabozor, Kirlishon, Paxtakor, Soyinqorovul, Tolqonsayot, Chandir, Boʻston, Chorbogʻ) bor. Markazi — Olot shahri
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman hududi Zarafshon daryosining eng quyi qismida, Qorakoʻl deltasidagi tekislikda joylashgan. Relyefida keskinlik kam. Faqat Dengizkoʻl rayonida Dengizkoʻl botigʻi (160 m) va Dengizkoʻl platosi oʻrtasidagi balandliklar farqlanadi (Jilliqoya — 302 m, Somontepa — 280 m). Tumanning 10 % ga yaqin maydoni oʻzlashtirilgan vohadan iborat, qolgan qismi qumli, gipsli, gilli, shoʻrxok choʻllardir, 100 ga yaqin qoldiq koʻl bor. Ulardan eng kattalari — Dengizkoʻl, Somonkoʻl, Qorongʻikoʻl, Shoʻrkoʻl, Xoʻjamsayod, Qaragʻanjida va 6. Qorakoʻl daryosining quyi oqimi va sobiq Moxondaryo oʻzani, asosan, tekislikdan iborat. Tuproqlari oʻtloqi boʻz, qum-loq boʻz, taqir boʻz tuproklardir, janubida shoʻrxoklar katta maydonni egallaydi. Yer osti sizot suvlari ancha yaqin. Tuman hududida 132 qudukdan foydalanilmoqda. Yirik gidrotexnika in-shootlari va nasos stansiyalari mavjud. Tuman hududi orqali Amu-Buxoro, Amu-Qorakoʻl kanallari oʻtadi. Foydali qazilmalardan Oʻrtabuloq va Olotda tabiiy gaz, qoldiq koʻllarda tuz, qurilish materiallari zaxirasi katta. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi — 0,4°, eng past temperatura —24°, iyulning oʻrtacha temperaturasi 29,3°, eng yuqori temperatura 46°. Vegetatsiya davri 205 kun. Yillik yogʻin 120-125 mm. Yovvoyi oʻsimliklardan boyalich, kovrak, yantoq, shuvoq, singren, saksovul, qandim, bahorda rang, qoʻngʻirbosh, yaltirbosh va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan taroq barmokli qoʻshoyoq, ingichka barmokli yumronqoziq, malla yumronqoziq, sugʻur, sassiqkoʻzan, qumsichqon, qum boʻgʻma iloni, charx ilon, choʻl mushugi, qushlardan tuvaloq, qorabovur, olabovur, qirgʻovullar va boshqa bor. Qumli choʻllarning tipik tabiiy komplekslarini qoʻriqlash va boyitish maqsadida tuman hududida 1971-yilda Qorakoʻl qoʻriqxonasi tashkil etildi. Qoʻriqxonada 200 ga yaqin oʻsimlik turi (shundan 30 ga yaqin daraxt va butalar) bor. Qoʻriqxonadagi suv havzalari (kanallar, koʻllar)da 30 ga yaqin baliq turi yashaydi. Sudraluvchilarning 30 xili, qushlarning 170 turi, sut emizuvchilarning 30 ga yaqin turi bor. Jumladan, qoʻriqxonada zarafshon qirgʻovuli, qum quyoni, qobon va boshqa koʻpaytirilmokda.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, turkman, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km² ga 24,2 kishi (2003). Shahar aholisi 11,5 ming kishi, qishloq aholisi 66,4 ming kishi. Oʻzbekiston Respublikasining Buxoro viloyatiga qarashli boʻlgan Olot tumani viloyat hududining janubiy gʻarb qismiga joylashgan boʻlib, shimol tomondan Qorakoʻl tumani, sharq tomondan Qashqadaryo viloyatining Bahoriston tumani, janub tomondan Turkmaniston Respublikasining Farap tumani va gʻarb tomondan esa Qorakoʻl tumani bilan chegaralangan. Buxoro viloyati markazidan tuman markazigacha boʻlgan masofa 72 km.ni tashkil qiladi. Olot tumani markazi Olot shahri boʻlib, 5 ta mahalla fuqarolar yigʻini (Eski Olot, Akkali, Bunyodkor, Xalifa va Nonimas mahalla fuqarolar yigʻinlari), 29 ta koʻchalardan iborat tarkibda tuzilgan. Tuman markazida yirik tashkilotlardan tuman hokimligi, Amu-Buxoro mashina kanali boshqarmasi, Neft va gaz qidiruv ekpeditsiyasi, Telekommunikatsiyalar bogʻlanmasi, pochta aloqa xizmatlari idorasi, Olot pedagogika va sport kasb-hunar kolleji, Dehqon bozori masʼuliyati cheklangan jamiyati, Suvoqava ishlab chiqarish boshqarmasi va savdo, maishiy xizmat hamda umumiy ovqatlanish shaxobchalari mavjud. Olot shahrida 14,9 foiz aholi istiqomat qiladi. Tumanda M-37 xalqaro avtotrassa mavjud boʻlib, Qorakoʻl tumanidan Olot Bojxona nazoratidan oʻtish kompleksiga qadar 35 km.ni tashkil etadi.
Olot tumani aholisi soni 2013-yil 1-yanvar holatida 95,06 ming kishini tashkil qiladi. Shundan shahar aholisi 14,1 ming kishi, qishloq aholisi 80.96 ming kishini tashkil qiladi. Umumiy aholi sonidan erkaklar 46,5 ming kishi, ayollar esa 48,56 ming kishini tashkil qiladi. Tuman aholisining 92.4 ming kishini oʻzbeklar tashkil qiladi. Shuningdek, ruslar 0,3 ming kishi, ukrainlar 0,1 ming kishi, qozoqlr 0,5 ming kishi, tojiklar 0,3 ming kishi, tatarlar 0,3 ming kishi, ozarbayjonlar 0,2 ming kishi, beloruslar 0,2 ming kishi, turkmanlar 0,4 ming kishi va boshqa millat vakillari 0,3 ming kishini tashkil qiladi.
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman qishloq xoʻjaligi asosan, paxtachilik, gʻallachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Pillachilik, sabzavotchilik, polizchilik ham rivojlanmoqda. Sugoriladigan yerlar 19,5 ming ga. Tumanda 8 yirik sanoat korxonasi mavjud. Shulardan Oʻzbekiston — Shveysariya—Germaniya qoʻshma korxonasida paxta xom ashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmokda. Hunarmandchilik tarmoklari bor. 2 ta avtoxoʻjalik ishlab turibdi. Oʻrmon xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi. Tumanda 14 shirkat xoʻjaligi, 800 dan ortiq fer-merlar xoʻjaligi mavjud. „Olot“ shirkat xoʻjaligi qoʻychilikka ixtisoslashtirilgan. Tuman shaxsiy va jamoa xoʻjaliklarida 36,9 ming qoramol, 87,9 ming qoʻy va echki, 36,2 ming parranda boqiladi (2003).
Tuman markazi Oʻrta Osiyo temir yoʻl tarmoklari bilan bogʻlangan. Buxoro—Olot yoʻnalishida poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Avtoyoʻllarning uz. 251 km.
2002-2003 oʻquv yilida 35 ta umumiy taʼlim maktabida 19,7 ming oʻquvchi taʼlim oldi. Olot qishloq xoʻjaligi kolleji (653 talaba), muzey, 38 kutubxona, 19 klub, madaniyat va istirohat bogʻi bor.
Tumanda markaziy kasalxona, bir necha feldsher-akusherlik punktlari ishlab turibdi. Ularda 205 malakali tibbiy xodim xizmat qiladi. 1998-yildan „Olot hayoti“ gaz. chop etilmoqda (adadi 1000).[2]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Buxoro viloyati Olot tumani hokimligi
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |