Mingbuloq tumani
| tuman | |
|---|---|
| Tarkibida | Namangan viloyati |
| Maʼmuriy markazi | Jomashoʻy |
| Yirik shahari | Jomashoʻy |
| Asos solingan sanasi | 1994-yil 23-dekabrda |
| Rasmiy tillar | Oʻzbek |
| Aholi | 121,7 ming kishi (2023-yil) |
| Dinlar tarkibi | musulmonlar, Pravoslav xristianlar(hozirda juda ham oz miqdorda) |
| Maydoni | 0,74 ming km² |
| Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
| Avtomobil raqami kodi | 50 |
| Rasmiy sayti | http://mingbuloq.uz/ |
| Xaritada | |
|
| |
| 40°51′48″N 71°27′35″E / 40.86333°N 71.45972°E | |
Mingbuloq tumani (1994-yilgacha Zadaryo tumani) – Namangan viloyatidagi tuman. Markazi Jomashoʻy shaharchasi. Ushbu tuman 1952-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Sirdaryoning chap sohilida, Markaziy Fargʻonaning qoʻriq va boʻz yerlarida. Shimolidan viloyatning Chust va Toʻraqo'rgʻon, Shimoli-sharqdan Namangan, shimoli-gʻarbdan Pop tumanlari, janubi-sharqdan Andijon viloyatining Ulugʻnor, janubiy va janubi-gʻarbdan Fargʻona viloyati tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,74 ming km². Aholisi 121,7 ming kishi (2023). Tumanda 1 shaharcha (Jomashoʻy), 7 qishloq fuqarolar yigʻini (Boʻston, Gulbogʻ, Goʻrtepa, Dovduq, Oltinkoʻl, Mehnatobod, Momoxon) bor. Tuman markazi Jomashuy shaharchasi.
Ulugʻbek Shuxratillayev tomonidan yozilgan
Mingbuloq ITMA oʻquvchi
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hududi, asosan, pasttekislik, koʻpchilik qismi qoʻriq va boʻz yerlar hamda qum barxanlaridan iborat. Iqlimi quruq. Oʻrtacha harorat iyulda 28°. Yanvarda – 3,5°. Vaqti-vaqti bilan shamol va boʻronlar boʻlib turadi. Yillik yogʻin 150–200 mm. Tuman hududidan Sirdaryo oqib oʻtadi. Qoʻqonkoʻl, Qolgandaryo, Toʻngʻizkoʻl, Tegirmonkoʻl kabi koʻllar bor. Goʻrtepa qishlogʻi yonida mineral buloq ochilgan. Yerlari och tusli boʻz va shoʻrxok botqoq tuproq. Asosiy suv manbai – Sirdaryo, Oxunboboyev nomli kanal (uz. 45 km dan ortiq), bir necha suv oʻtkazish tarmoqlari va inshootlari mavjud. Yovvoyi oʻsimliklardan saksovul, tol, qamish, yulgʻun, gʻoʻmay, shoʻra va boshqa oʻsadi. Hayvonlardan tulki, chiyaboʻri, boʻri, quyon, ilon, kaltakesak, echkemar, yumronqoziq, koʻrsichqon, qushlardan chumchuq, musicha, qirgʻiy, zargʻaldoq, qargʻa, boyoʻgʻli va boshqa bor.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisining aksari qismi oʻzbeklar; rus, qirgʻiz, koreys, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km² ga 123 kishi. Shaharliklar 80,1 ming kishi, qishloq aholisi 11.6 ming kishi (2002-yil).
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman xoʻjaligi, asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Paxtachilik, gʻallachilik, bogdorchilik, sabzavotchilik, polizchilik, chorvachilik bilan shugʻullanadi. Tumanda Gulbogʻ paxta tozalash zavodi, 130 dan ortiq yirik, oʻrta va kichik korxona, 550 ga yaqin kichik firma mavjud (2002). Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi – paxtachilik. Qolaversa Gurtepa qishlogʻining bugungi kundagi 500 dan ziyod yashikchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlari tumanimizni asosiy respublikaga namuna boʻla oladigan tadbirkorlari hisoblanadi.
Ijtimoiy soha
[tahrir | manbasini tahrirlash]2001/2002 oʻquv yilida 51 umumiy taʼlim maktabi, 1 qishloq va suv xoʻjaligi kolleji, 1 iqtidorli bolalar internati boʻlib, ularda 22 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oladi, shuningdek, 1 litsey mavjud. Madaniyat saroyi, 27 ommaviy kutubxona faoliyat koʻrsatadi. Markaziy kasalxona (400 oʻrin), poliklinika, sil kasalliklari dis-panseri (125 urin), yukumli kasalliklar kasalxonasi (65 oʻrin), 4 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 5 qishloq vrachlik punkti, 24 feldsher-akusherlik punkta aholiga xizmat koʻrsatadi (2002). 1953-yildan „Istiqbol sari“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 5100).[1]
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]XV asrning oxiri va XXI asrning boshlarida yashagan temuriyzoda podshoh va ajoyib oʻzbek shoiri, tarixchi va geograf Zahiriddin Muhammad Bobur tumanimizning shimolidan oqib oʻtuvchi Sirdaryo sohilida joylashgan Axsikent shahri toʻgʻrisida yozib, daryoning janub tomonlarini shunday tasvirlagan: „Ovi qushi bisyor yaxshi bulur. Sayxun daryosining Axsi tarafi dashtdur. Andijon tarafi jangaldur Bugʻu-maral, qirgʻovul va tovushqoni koʻp topilur, asru semiz bulur“. Bu ulugʻ zotning bu joylarga qutlugʻ nazari tushganligidan tashqari ov qilish maqsadida oʻtib, muborak qadami ham tekkan boʻlishi mumkin. Tuman hududidagi Goʻrtepa qishlogʻi eng qadimiy aholi punkti boʻlib, Namangan-Fargʻona, Qoʻqon-Andijon yoʻllari ustida joylashgan. Bu shaharlar orqali qoʻshni Afgʻoniston, Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlardan oʻtib keluvchi karvonlarga qoʻnoq vazifasini oʻtagan. Oktabr davlat toʻntarilishigacha ham gurkirab, rivojlangan kichikroq shahar, shaharcha darajasiga yetgan. Bu hududning Qoʻqon xonligining Namangan bekligi, oxirgi paytlarda qoʻrgʻoni Momoxon qishlogʻida joylashgan Toshboy mingboshi, Baland Gurtepa markazida mingboshi Abdusalim amin, Xumor amin, Fayzi aminlar orqali boshqargan. Keyinchalik 1876-yili Qoʻqon xonligi Rossiya qoʻshinlari tomonidan shafqatsizlarcha bosib olingach, Umumrossiya maʼmuriy boshqaruv tizimi joriy qilindi. Yangi tuzilgan Fargʻona viloyati tarkibida uezdlar tashkil etildi. Hozircha Namangan viloyati hududida dastlab Namangan, Chust uezdlari tuzildi. Uezdlar esa oʻz navbatida volistlarga boʻlindi. Koʻp oʻtmay Namangan, Chust uezdlari birlashtirildi. Xuddi shu davrda, yaʼni 1925-yilda Namangan uezdi tarkibida Axsi-Shaxand, Olmos, Asht, Bobodarxon, Varzik, Kosonsoy, Kapa, Qirgʻizqoʻrgʻon, Nanay, Nayskaya, Pishqoʻrgʻon, Tergachi, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi, Xonobod, Chodak, CHhst, Yangiqoʻrgʻon valostlari boʻlgan. Faxriylarimizning xotirasicha, hududning yaqinligi, Sirdaryo orqali tutashib ketganligiga asoslanadigan boʻlsak, Gurtepa-Jomashoʻy qishloqlari atrofidagi aholi punktlari toki Jiydaqishloq, Yakkatolgacha Axsi-Shaxand volosti, Gulbogʻ qishlogʻi atrofidagi aholi punktlari toki Tegirmon, Qoʻgʻalikoʻlgacha Chust velosti tasarufida boʻlganligi oydinlashadi. Rossiyaning mustamlakasiga aylantirilgandan keyin boshlangan talonchilik siyosati 1917-yilgi oktabr davlat toʻntarilishidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar tomonidan ham davom etildi. Oʻlkamiz rus shaharlaridagi sanoat korxonalarini suv tekin xomashyo bilan tahminlash manbaiga aylanib boraverdi. Serquyosh yurtda har qanday yoʻl bilan paxta yetishtirishni koʻpaytirib, markazga tobora koʻproq tola yetkazib berishga harakat qilindi. Shu maqsadda 1921-yilda Qoʻqon gruppa tumanlarida oltita davlat xoʻjaligi (sovxoz) barpo etildi. 1924-yil yanvarda Qoraqalpoq temir yoʻl bekati yaqinida „Tollik Yakkatut“ savxozi ham tashkil etiladi. Sovxozda moskvalik paxtachi Brikin, Buxorolik mahalliy yaxudiy Benyamindan tortib olingan yerlar, vodakachka berkitildi. Savxozning birinchi direktori Visladagi oʻrmonchilik va qishloq xoʻjaligi institutini bitirgan agronom Aleksandr Aleksandovich Voskresenskiy, bosh agronomi N.A.Romanenko boʻladi. Ikkovi Andijondan parga yuradigan „Titan“, „Mogul“ traktorlarini olib kelib, dastlab oʻzlari boshqaradilar. Yangi yerlar oʻzlashtirila boshlandi. Paxta hosildorligi ortib, yalpi hosil koʻpayib boradi. 1929-yili sovxozning oʻzida moʻjaz Jingauz barpo etilib, paxta chigiti ajratib olinadi. 1938-yildan jingauz mustaqil korxona sifatida faoliyat koʻrsata boshlaydi. Paxtachilik sovxozi va paxta tozalash korxonasining vujudga kelishi ishchilar tabaqasining shakllanishiga, tuman hududida ijtimoiy ongning yanada rivojlanishiga ijobiy tahsir koʻrsatganligi shubhasiz. 1926-yildan boshlab boshqaruvning okrug, tuman tuzilmasi joriy etilib, volostlar bir-biriga qoʻshilgan holda tumanlar vujudga keladi. Tumanlarni ham birlashib ketishi, ajralib chiqishi, boʻlinishi jarayonlari roʻy beradi. Natijada, 1936-yilda Pop, Toʻraqoʻrgʻon tumanlari vujudga keladi. Shu taxlitda tumanimiz hududi ham ikkiga boʻlinib, ana shu ikkala tuman tarkibiga kirib qoladi. Xalqimiz poplik, toʻraqoʻrgʻonliklar bilan bahamjihatlikda urush arafasi, Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi tiklanish yillarining mashaqqatlarini birgalikda boshdan kechiradilar. Respublika rahbariyati 1946-yilda Markaziy Fargʻonaning ana shu choʻl mintaqasida Zardaryo kanalini rekonstruktsiya qilish, bosh inshoot qurish, yangi yerlar oʻzlashtirish bilan shugʻullanuvchi 1-qurilish-montaj boshqarmasi (SMU-1)ni tashkil etadi. Boshqarma Jamashoʻy qishlogʻida avval oʻzi uchun mahmuriy, ishlab chiqarish binolari, turar-joylar quradi. Qishloq shaharcha qiyofasini olib, aholining turmush madaniyati osha boshlaydi. Boshqarma tuzilib, muvaffaqiyatli ishlay boshlashi choʻlda yangi tuman barpo etish uchun maddaniy va maʼnaviy asos yaratadi, choʻlni ommaviy ravishda keng miqyosda oʻzlashtirish ishlari boshlab yuboriladi. Nihoyat, 1952-yil 16-aprelda Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi „Oʻzbekiston SSR tarkibida yangi rayonlar tuzish toʻgʻrisida“gi № 173 Farmoni bilan xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi ijroiya komitetining choʻl yerlarda markazi „Gulbogʻ“ sovxozi boʻlgan Zardaryo rayonini tuzish haqidagi iltimosini qondirdi. Shu yili 29-mayda esa Oʻzbekiston SSJ Oliy Soveti Prezidenti tomonidan „Zardaryo rayoni“ning mahmuriy markazi toʻgʻrisida" № 187 Farmoni qabul qilinib, tumanning mahmuriy markazi „Gulbogʻ“ sovxozidan Jomashoʻy qishlogʻiga koʻchirildi. 173-farmonga binoan yangi Zardaryo tumaniga Pop tumanidan Nayman Yakkatut, Mehnatobod qishloq Sovetlari, „Gulbogʻ“ sovxozi, Toʻraqoʻrgʻon tumanidan Momoxon, Gurtepa, Dovduq va Jomashoʻy qishloq Sovetlari olib berildi. 1994-yil 23-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining qarori bilan Zardaryo tumanining nomi Mingbuloq tumani deb oʻzgartirildi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]1. Mingbuloq tumani tarixi[sayt ishlamaydi]