Ulugʻnor tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Ulugʻnor tumani - Andijon viloyati tarkibidagi tuman. 1973 yil 26 dekabrda tashkil etilgan. Tuman shim.dan Baliqchi, jan.sharkdan Boʻz, gʻarb va shim.gʻarbdan Namangan viloyatining Namangan, Mingbuloq tumanlari, jan. dan Fargʻona viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 0,44 ming km². Aholisi 45,2 ming kishi (2004). Ulugʻnor tumani da 4 qishloq fuqarolari yigʻini (Mingbuloq, Mingchinor, Navoiy, Oqoltin) bor. Markazi — Oqoltin qishlogʻi.

Tabiati. Tuman xududi tekislikdan iborat. Koʻchma qum tepalari koʻp. Iklimi keskin kontinental. Yanv.ning oʻrtacha temperaturasi —4°, iyulniki 24—28°. Yiliga oʻrtacha 195–200 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 235 kun. Tuman xoʻjaliklari Katta Andijon kanalidan suv oladi. Tuprogʻi oʻtloqi boʻz, kuchsiz shoʻrlangan tuproq. Oʻsimliklardan shoʻra, shuvoq, momoqaymoq, qamish, mingdevona, yantoq, ajriq, yulgʻun, oqbosh, otquloq, qirqboʻgʻin, gʻumay, qoʻypechak, yalpiz oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan echkemar, toshbaqa, tulki, quyon, ilon, kaltakesak, qushlardan laylak, oʻrdak, chumchuq, soʻfitoʻrgʻay, qargʻa, musicha yashaydi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qirgʻiz, tojik, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km² ga 102,7 kishi toʻgʻri keladi.

Xoʻjaligi. Ulugʻnor tumanida qishloq xoʻjaligi (paxtachilik, chorvachilik, pillachilik, polizchilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik) yetakchi oʻrinda. Eng muhim tarmogʻi — paxtachilik. Tumanda 900 ga yaqin yirik, oʻrta va kichik korxona va tashkilot faoliyat koʻrsatadi. Shulardan avtokorxona, MTP, paxta tozalash zavodi, Buyuk Britaniyaning "Kordese LTD" firmasi bilan xamkorlikdagi "Ulkard" qoʻshma korxonasi (tikuvchilik va toʻqimachilikka ixtisoslashgan), sport anjomlari ishlab chiqarish firmasi, "Universal" bozori, savdo, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud. Tuman hududidan Margʻilon—Soyboʻyi— Ulugʻnor—Mingbuloq, Shtab—Ulugʻnor magistral yoʻllari oʻtgan. Tuman markazi avtomobil yoʻllari orqali Namangan, Margʻilon, Fargʻona, Andijon va boshqa shaharlar bilan bogʻlangan.

Qishloq xoʻjaligida ekinzorlar, maydoni 20,4 ming ga, shu jumladan, 13,5 ming ga yerga paxta, 6 ming ga yerga gʻalla ekiladi. Shuningdek sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka, yemxashak ekinlari ham ekiladi. 204 ga bogʻ, 274 ta tutzor, 1042 ga yaylovlar bilan band. 606 ga yerda oʻrmonzor mavjud. Tumanda 8 shirkat, 80 dehkrn, 416 fermer xoʻjaligi bor.

Ulugʻnor tumani jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 1,6 ming qoramol (shu jumladan, 626 sigir), 2,1 ming qoʻy va echki, 5 ming parranda, 37 yilqi boqiladi. Yaqin temir yoʻl stansiyasi — Margʻilon (tuman markazidan 35 km).

2003/04 oʻquv yilida 24 umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 10,3 mingga yaqin oʻquvchi, internatlitseyda 110 oʻquvchi, 2 kasbhunar kollejida 1,4 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oldi.

3 madaniyat uyi, markaziy kutubxona va uning 10 ta tarmogʻi, muzey, musiqa maktabi, "Ulugʻnor" stadioni, tennis korti, "Ulugʻnor" sport sogʻlomlashtirish klubi, sport maktabi faoliyat koʻrsatadi.

Tumanda markaziy kasalxona (170 oʻrin) va uning bolalar, jarroxlik, ginekologiya, terapiya, tugʻruqxona, tez tibbiy yordam va boshqa boʻlimlari, poliklinika, 5 dorixona aholiga xizmat koʻrsatadi. 1974 yildan tuman "Ulugʻnor" gaz. nashr qilinadi (adadi 1000).