Dangʻara tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Dangʻara tumani
Дангаринский район
tuman
Tarkibida Fargʻona viloyati
Maʼmuriy markazi Dangʻara
Rahbari Saidmurod Aminjonov
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi (2016) 160.9
Zichligi 374 kishi./km²
Millatlar tarkibi o'zbek, tojik, rus va boshqalar
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 430 km²
Soat mintaqasi UTC+5
Avtomobil raqami kodi 40

Dangʻara tumani — Fargʻona viloyatidagi tuman. 1939 yil 10 fevralda tashkil etilgan (1962 yil 24 dek.da Pop tumani bilan birlashtirilgan. 1970 yil 7 dekabrda qayta tuzilgan). Dangʻara tumani viloyatning Buvayda, Uchkoʻprik, Oʻzbekistan, Furqat tumanlari, Qoʻqon sh., Namangan viloyatining Pop tumani, Tojikiston Respublikasining Asht tumani bilan chegaradosh. Mayd. 0,45 ming km2. Aholisi 160,9 ming kishi (2016). Dangʻara tumanida 1 shaharcha (Dangʻara), 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Mulkobod, Naymancha, Oqjar, Sanam, Taypoq, Chinobod, Qiyali, Gʻalaba) bor. Markazi — Dangʻara shaharchasi.[1]

Tabiati[tahrir]

Dangʻara tumani relyefi asosan tekislik. Uning jan.-gʻarbiy qismi Soʻx yoyilmasining shim.-gʻarbiy chekkasida, shimoli-gʻarbiy qismi esa Sirdaryoning birinchi va ikkinchi terrasalarida joylashgan. Toʻrtlamchi davrning gil, qumoq va qumlari tarqalgan. Tumanning shim.-gʻarbida barxan, doʻng qumlar bor. Iqlimi kontinental iqlim. Yozi issiq, qishi birmuncha yumshoq. Iyulning oʻrtacha tempaturasi 26,8°, yanvarniki —2,2°. Vegetatsiya davri 220 kun. Yiliga oʻrtacha 110 mm yogʻin tushadi. Bahor va kuzda kuchli "Qoʻqon shamoli" esadi. Dangʻara tumanida Naymansoy, Oqtepasoy, Urganji ariqlari bor. Tuman hududidan Sirdaryo oqib oʻtadi. Sirdaryo suvi Abdusamat va Olhamak nasos stansiyalari orqali chiqariladi. Artezian va drenaj quduqlari yordamida yer osti suvlaridan ham foydalaniladi. Tuproqlari asosan sugʻoriladigan oʻtloq, qumli oʻtloq va shoʻrxoklardan iborat. Yovvoyi oʻsimliklardan qumliklarda saksovul, qandim, yulgʻun, pastqamliklarda yantoq, shuvoq, oqbosh, shoʻrxoklarda qorabaroq, baliqkoʻz, toʻrgʻayoʻt, Sirdaryo sohillarida turangʻil, tol, chingʻil va b. oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, tulki, boʻri, toʻqay mushugi, kemiruvchilar, qushlardan chumchuq, hind maynasi, toʻrgʻay, oʻrdak, qashqaldoq, qirgʻovul va b. yashaydi.

Aholisi[tahrir]

Aholi soni 160.9 ming kishi(2016). Aholisi, asosan oʻzbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 374a kishi toʻgʻri keladi. Aholining 76% dan koʻprogʻi qishloqlarda istiqomat qiladi.

Iqtisodiyoti[tahrir]

Xoʻjaligi, asosan paxta yetishtirishga ixtisoslashgan. Pillachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik rivojlangan. Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlar mayd. 32,5 ming ga. Dangʻara tumanidagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarda 13 ming qoramol, 16 ming qoʻy-echki, 15 ming parranda boqiladi. 6 sanoat korxonasi, 10 qurilish-taʼmirlash tashkiloti, 2 avtokorxona, 9 savdo va tayyorlov shoxobchasi, boʻrdoqichilik bazalari, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaliklari mavjud. 1997 yilda Soyshildir tikuvchilik fabrikasi, Dangʻara konserva zavodi ishga tushirildi. 330 dan ortiq kichik korxonada turli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Dangʻara tumanida 1 jamoa xoʻjaligi, 5 shirkat mavjud.

Dangʻara tumanidan Toshkent—Oʻsh—Qashqar, Qoʻqon—Xoʻjand, Qoʻqon —Namangan, Qoʻqon—Jomashuy avtomobil yoʻllari oʻtgan. 40 ga yaqin umumiy taʼlim maktabi, 2 kollej bor. Dangʻara tumanida 6 madaniyat saroyi, 53 kutubxona, 67 sogʻliqni saqlash muassasasi, 6 kasalxona mavjud. 1941 yildan "Gʻalaba" tuman gazeta chiqadi (adadi 5496).

Manbalar[tahrir]

  1. "Dangʻara tumani" OʻzME. D-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil