Dengizkoʻl

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

DengizkoʻlBuxoro viloyati Olot tumanidagi koʻl. Oʻrta asrlarda "Borgini farox", yaʼni "Katta koʻl" deb yuri-tilgan. 10-asr yozma manbalarida Dengizkoʻl "Qorakoʻl", "Buxayrayi Somjan" ("Somjan koʻli") nomlari bilan atalgan. 10-asrda arab geografi Ibn Havqal tomonidan chizilgan Oʻrta Osiyo haritasida "Baxr ul-Buxoro" ("Buxoro dengizi") nomi bilan koʻrsatilgan. Muhammad Narshaxiy (10-asr) bu koʻl haqida "kengligi yigirma farsax (140—160 km) boʻlib, Buxoro daryosining ortiq-cha suvi shu koʻlga yigʻilgan, unda suv jonivorlari kup, butun Xurosonda bu yerdagidek miqdorda qush va baliq tutilgan emas", deb yozgan.

Koʻl viloyatning janubiy chekkasidagi (Zarafshon daryosining quyi oqimida) tektonik botikda, dengiz sathidan 181,5 m balandda joylashgan. Dengizkoʻlga bir qancha kollektor-zovurdan keladigan tashlama suv va ekin maydonlarini sugʻorish natijasida hosil boʻlgan sizot suvi kelib quyiladi. Zarafshon daryosining asosiy tarmogʻi — Toyqir ham toʻlinsuv davrida koʻlgacha yetib boradi. Dengizkoʻldan suv oqib chiqmaydi, sarflanish asosan bugʻlanish va qisman shimilish hisobiga kechadi. 60-yillar va 70-yillarning boshlarida Dengizkoʻlning maydoni va chuqurligi tez-tez oʻzgarib turgan: suv koʻp quyilgan davrlarda koʻlning maydon 80–100 km2, chuq. 1,0—1,5 m, yoz oxirida esa tegishlicha - 40–60 km2 va 25-30 sm boʻlgan. 70-80-yillarda Buxoro viloyatining janubida yangi yerlarning oʻzlashtirilishi va oqova suvlar miqdorining ortishi natijasida Dengizkoʻl yildan-yilga kattalasha bordi. 80-yillarning oxiri (1987)da uz. 43,3 km, eng keng joyi — 9 km, eng chuqur joyi 22 m, suv yuzasi maydon 267 km², suv hajmi — 2,7 km³ bulgan. Bu qiymatlar suv sathi tebranishiga mos ravishda yil davomida uzgarib turadi: kuzda bugʻlanish kamaygach, suv muvozanati turgʻunlashadi, soʻng suv sathi yana orta boradi. Dengizkoʻl kollektorzovur suvlari hisobiga toʻyinadi. Yezda bugʻlanish ancha kuchli. Dengizkoʻlda shamol taʼsirida toʻlqinlar kuzatiladi. Suvi juda shoʻr, koʻlning tubi ayrim joylarda 0,5 m gacha qalinlikda osh tuzi bilan qoplangan. Dengizkoʻl suvi shifobaxsh.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. "Dengizkoʻl" OʻzME. D-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil