Qamashi tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Qamashi tumani
Камашинский район
tuman
Tarkibida Qashqadaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Qamashi
Rasmiy tillar Oʻzbek
Qamashi tumani xaritada
Soat mintaqasi UTC+5

Qamashi tumani — Qashqadaryo viloyatidagi tuman, 1937 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Qarshi tumaniga qoʻshilgan. 1964 yil 31 dekabrda yana qaytadan tashkil etilgan. Shimoliy dan Chiroqchi, Yakkabog, Shahrisabz tumanlari, gʻarbdan Koson tumani, janubiy dan Gʻuzor, Dehqonobod tumanlari, sharqdan Surxondaryo viloyatining Boysun tumani bilan chegaradosh. Maydoni 2,66 ming km2. Aholisi 191,4 ming kishi (2005). Tumanda 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Yortepa, Jonbuzsoy, Koʻkbuloq, Laylaksoy, Oqravot, Toʻqboy, Chim, Qamay, Qiziltepa, Korabogʻ, Qoratepa), 41 ta mahalla fuqarolar yigʻini bor. Markazi — Qamashi shahri.[1]

Tabiati. Tuman hududi gʻarbdan sharqqa 150 km, shimolidan janubiy ga 40–45 km ga choʻzilgan. Hududining gʻarbiy qismi relyefi, asosan, tekislikdan iborat. Umumiy maydonining ‘/4qismini Qarshi dashti egallagan. Tuman relyefi sharqqa tomon koʻtarila boradi, tekisliklar, qiradirlar, soʻngra past va balandroq togʻlar almashinib keladi. Hisor tizmasining janubi-gʻarbiy tarmoqdaridan boʻlgan Chaqchar togʻi viloyatdagi eng baland togʻ boʻlib (Katta Xuroson, asli Katta Xarsang choʻqqisi, 3749 m), Qashqadaryo havzasini Surxondaryo havzasidan ajratib turadi. Tumanda qazilma boyliklardan — turli xil qurilish materiallari mavjud. Qashqadaryo (tumanning eng gʻarbiy tekislik qismida 30 km masofada oqib oʻtadi) va uning irmogʻi Langar asosiy suv manbalaridir. Qashqadaryo havzasiga kiruvchi Yakkabogʻdaryo va Gʻuzordaryoning yuqori qismlari (Qizildaryo, Tirnasoy, Katta Uradaryo) ham tuman hududidan suv oladi. Qashqadaryo viloyatidagi eng yirik Chimqoʻrtn suv ombori tuman hududida joylashgan. Xoʻjaliklarni suv bilan taʼminlovchi ariq va kanallar (Chim, Janbuz, Tayoqli, Sagʻanak kabilar) shu suv omboridan boshlanadi. Iqlimi kontinental. Oʻrtacha yillik temperatura 7,2°. Yanvar oyining oʻrtacha temperaturasi —4,6°, iyulniki 20,1°. Vegetatsiya davri tekislik qismida 240 kun, togʻli qismlarida 200 kun. Yillik yogʻin 327 mm dan (tekislikda) 612 mm gacha (togʻlik qismida). Tuproqlari ham tekislikdan togʻlarga tomon oʻzgarib boradi: tipik boʻz tuproq, qoʻngʻir boʻz tuproq, qumoq boʻz tuproq; daryo vodiylarida oʻtloqi tuproqlar tarqalgan.

Turli xil efemeroidlar — qoʻngʻirbosh, yaltirbosh, noʻxatak, lolaqizgʻaldoq, shuningdek, kovrak, bugʻdoyiq, oqquray, qoramurch, yantoq, qizilmiya, yulgʻun, tol, archa, zarang, pista, bodom, doʻlana, itburun, qatrangʻi, yovvoyi olcha, yongʻoq va boshqalar oʻsadi. Tulki, quyon, qobon, togʻ ayigʻi, kiyik, boʻrsiq, jayra, kalamush, sichqon, turli xil zaharli ilonlar, echkemar, kaltakesak; parrandalardan kaklik, kaptar, chil, soʻfitoʻrgʻay, zargʻaldoq, chumchuq, chugʻurchiq, bedana, lochin, burgut, qirgʻovul va boshqalar bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km. kv.ga 72 kishi. Shahar aholisi 33,6 ming kishi, qishloq aholisi 157,8 ming kishi (2005).

Xoʻjaligi. Tumanda 3,5 mingga yaqin korxona, jumladan sanoat, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat koʻrsatish va h.k. faoliyat koʻrsatmoqda. Paxta tozalash, gʻisht zavodlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxonalar, kichik, oʻrta biznes va yirik korxonalar, mikrofirmalar bor. 3 ta qoʻshma korxona ishlab turibdi. Qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan. Togʻli hududlarda bahorikor gʻallachilik (bugʻdoy, arpa) rivojlangan. Pillachilik bilan ham shugʻullaniladi. Chorvachilikning muhim sohasi qoramolchilik (asosan, sugʻoriladigan zonada), qoʻychilik (togʻ zonasida) hisoblanadi. Tumanda dehqon, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalari bor. Ekin maydonlarining 9,8 ming ga yeriga paxta, 25,6 ming ga yeriga gʻalla, shuningdek, sabzavot va kartoshka, yem-xashak ekinlari ekiladi. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 61,4 mingga yaqin qoramol, 110,3 mingdan ziyod qoʻy va echki, 130,2 mingdan ziyod parranda, 3,4 mingga yaqin yilqi boqiladi.

85 umumiy taʼlim maktabi (52,5 ming oʻquvchi), 1ta ixtisoslashgan maktab, bolalar musiqa maktablari, mehribonlik uyi, 12 kasb-hunar kolleji (3,2 ming talaba), markaziy kutubxona, 12 klub muassasalari, madaniyat uylari bor. „Egachim“ folklor etnografik, „Qizgʻaldoq“ bolalar etnografik, „Mingbarg“, „Boʻyrachi“, „Boʻston“, „Mahallada duv-duv gap“ ashula va raqs ansambllari faoliyat koʻrsatadi. Tuman markaziy kasalxonasi, tugʻruqxona, poliklinika, ambulatoriya, 12 qishloq vrachlik punkti, 35 feldsher-akusherlik punktida 257 vrach, 1637 oʻrta tibbiy xodim aholiga xizmat koʻrsatadi. Tuman hududidan Qarshi — Kitob temir yoʻli, Katta Oʻzbekiston trakti oʻtadi. Qamashi shahridan Qarshi shahri va boshqalar tumanlar markazlariga avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. 1941 yil 16 iyundan „Qamashi haqiqati“ gaz. chop etiladi. Tuman hokimi — Muxammadiev Rashid Oʻroqovich.

Qiziqarli ma'lumotlar[tahrir]

  • Tuman hududidan „Katta Langar Qur'oni“ deb nomlanuvchi Qur'oni Karimning eng qadimgi nusxalaridan biri topilgan.[2] Qurʼonning bu nusxasi sufiylarning „Ishqiya“ deb atalmish tariqati vakillariga tegishli boʻlgan.[3]

Manbalar[tahrir]