Qorovulbozor tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qorovulbozor tumani
Караулбазарский район
Mamlakat Oʻzbekiston
Maqomi tuman
Tarkibida Buxoro viloyati
Maʼmuriy markazi Qorovulbozor
Asos solingan sanasi 1993
Rasmiy tillar Oʻzbek
Qorovulbozor tumani xaritada
Soat mintaqasi UTC+5

Qorovulbozor tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. 1993 yil 12 yanvarda tashkil etilgan. Jan.dan Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani, gʻarbdan Olot, shim.dan Buxoro tumani, sharqdan Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani bilan chegaradosh. Transport yoʻli stansiyasi. Maydoni 2,2 ming km2. Aholisi 13,9 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Qorovulbozor), 3 qishloq fuqarolari yigʻini (Boʻzachi, Jarqoq, Navbahor) bor. Tuman markazi — Qorovulbozor shahri

Tabiati. Qorovulbozor tumani relyefi, asosan, tekislik boʻlib, adir, qir va qumli choʻl, barxanlar, taqir, shoʻrxoklardan iborat. Tuproqlari oʻtloqi boʻz, qumoq boʻz, choʻl qumli, sur-qoʻngʻir, taqir boʻz tuproqlar. Jan.da shoʻrxoklar katta maydonni egallaydi. Jarqoq, Saritosh, Setalantepa platolari hududida och boʻz tuproqlar tarqalgan. Yer osti sizot suvlari yer yuzasiga ancha yaqin. Qorovulbozor tumani hududida tashlama suvlardan Devxona, Xadicha koʻllari hosil boʻlgan. Tumandagi Saritosh, Jarqoq, Setalantepa kabi tektonik kichik burmalarda gaz va neft zaxiralari, qurilish materiallari (gips, ohaktosh va boshqalar) bor. Iqlimi subtropik belgilarga xos choʻl ikdimi. Yanv. ning oʻrtacha temperaturasi 0,2°, eng past temperatura —22, —24°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 29,3°. eng yuqori temperatura 45, 46°. Vegetatsiya davri 208 kun. Yillik yogʻin 150–155 mm. Yovvoyi oʻsimliklardan boyalich, isiriq, kovrak, yantoq, shuvoq, singren, saksovul, qandim, rang , qoʻngʻirbosh, yaltirbosh va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan taroq barmoqli koʻshoyoq, qar-soq tulki, ingichka barmoqli yumron-qoziq, tolay quyon, boʻri, dasht tosh-baqasi, malla yumronqoziq, sugʻur, sassiqkoʻzan, qumsichqon, qum boʻgʻma iloni, charx ilon, choʻl mushugi; qushlardan tuvaloq, qorabovur, olabovur, qirgʻovullar va boshqa bor. Tumandagi xoʻjaliklar yerlari Amu — Buxoro mashina kanalidan suv oladigan Doʻstlik va Qorovulbozor magistral kanallaridan sugʻoriladi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qozoq, rus, turkman, tatar, ozarbayjon, arman, belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 6,3 kishi. shahar aholisi 9,5 ming kishi, qishloq aholisi 4,4 ming kishi (2005).

Xoʻjaligi. Tuman sanoatining rivojlanishi Setalantepa, Saritosh, Oʻrtabuloq, Koʻkdumaloq kabi gaz va neft konlarining ochilishi bilan bogʻliq. Tumanda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, texnik jihozlarni yigʻish va butlash boshqarmasi, 2 avtokorxona, qurilish korxonalari, bir qancha aksiyadorlik jamiyatlari, MTP, neft quyish tarmogʻi, dehqon bozori, novvoyxonalar bor. 7 shirkat, 2 ijara xoʻjaligi, 44 fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi. 6,4 ming gektarda "Qorovulbozor" oʻrmon xoʻjaligi mavjud. Bu yerda 20 xilga yaqin mevali, manazarali va yogʻochbop daraxtlar oʻstiriladi. Tumanda jami 14,3 ming ga yer sugʻoriladi, shu jumladan, 6 ming ga yerga paxta, 6,5 ming ga yerga don, shuningdek, sabzavot, poliz ekinlari ekiladi. 10 ga yer bogʻlar bilan band. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 4,2 ming qoramol (shu jumladan, 1,4 ming sigir), 6,8 ming qoʻy va echki, 7,2 ming parranda boqiladi. Qorakoʻl terisi tayyorlanadi.

7 umumiy taʼlim maktabi (3,2 ming oʻquvchi), bolalar musiqa, sport maktablari, biznes maktabi, kasb-hunar kolleji, madaniyat saroyi, madaniyat uyi, 2 klub muassasasi, 4 kutubxona, madaniyat va istirohat bogʻi, yoshlar markazi majmui bor. Ashula va raqs, folklor-etnografik dastalari mavjud. "Goʻzal" sport sogʻlomlashtirish majmui, markaziy stadion, tennis korti, "Delfin" suzish havzasi va boshqa sport inshootlari ishlab turibdi. tuman markaziy kasalxonasi, markazii poliklinika, 3 qishloq vrachlik pun-kti, 2 feldsher-akusherlik punkti, tez tibbiy yordam punkti, 15 sogʻlomlashtirish punkti, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 43 vrach, 180 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. "Lola" bolalar sanatoriysi bor.

Tuman hududidan oʻtgan temir yoʻl 1916 yil da qurilgan. Bu yerdan Kogon, Qarshi, Kitob, Gʻuzor, Termiz yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashuvchi poyezdlar oʻtadi. Tumandagi avtomobil yoʻllar uz. 88 km, shu jumladan, xalqaro ahamiyatdagisi 53 km. Buxoro — Qarshi avtomobil magistrali oʻtgan. Meʼmoriy yodgorliklardan Qorovulbozor va Boʻzachidagi qad. sardobalar (16-asr) saqlangan. 1993 yildan "Qorovulbozor tongi" tuman gaz. nashr etiladi.

Isroil Nazarov, Umar Rashidov.