Sergeli tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Sergeli tumani — shahardagi maʼmuriy-hududiy birlik. 1967 yilda tashkil etilgan. T. shahrining janubiy gʻarbiy qismida. Sergeli tumani hududi markaziy temir yoʻl trassasidan Chirchiq daryosi qayirlarigacha boʻlgan yerlarni, janubi-gʻarbda Choshtepa, Noʻgʻayqoʻrgʻon, Toshkent aeroporti atrofi, Qoʻyliq 5—7, Sergeli 1 — 8, Sputnik (Yoʻldosh), Doʻstlik, Quruvchilar mavzelari, Eski Sergeli, Sanoat zonasini qamrab oladi. Shimoliy gʻarbdan Toshkent viloyatining Zangiota, janubi-sharqdan Yangiyoʻl tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 5,19 ming ga, shu jumladan, koʻkalamzor yerlar 0,347 ming ga. Aholisi 154,4 ming kishi (2004). Mahallalar va uyjoy shirkatlari soni 33 ta boʻlib, 14 ta mavze va Yoʻldosh (Sputnik) shaharchasidagi (1966 yilda tashkil etilgan) 17 ta kichik mavzedan iborat. Koʻchalar soni 147 ta. Asosiy magistrallari: Toshkent avtomobil halqa yoʻlining janubiy qismi, Yangi Sergeli, Choshtepa, S. Tolipov, Qipchoq koʻchasi; Toshkent— Angren temir yoʻl ham tuman hududidan oʻtadi.

Sergeli tumanida 1101 korxona boʻlib, shulardan 167 tasi yirik, 252 tasi kichik va boshqa korxonalardir. 330 ta sanoat korxonasida: mebel, ikkilamchi qora va rangli metall, porshen, gidroskopik paxta, asfalt, rezina va plastmassa buyumlari, yogʻochni qayta ishlash, charm va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. "Fayz" xolding kompaniyasi, "Mebel" korxonasi, aviatsiya taʼmirlash zavodi, "Novator" (traktor porshenlari), "BarakatAlfa" (gidroskopik paxta), "Green world" (bolalar oziq-ovqati, meva sharbatlari), Toshkent temir yoʻl masofasi (konteynerlar joʻnatadi) korxonalari, Quyoshdan himoyalash buyumlari zavodi (plastmassa romlar va boshqalar), "Toshkent" xalqaro aeroporti, Sergeli aviaotryadlari, 3 avtokombinat, "RAF" avtokorxonasi (yoʻlovchilarga kichik avtobusda xizmat koʻrsatiladi), 4, 12avtobus saroylari mavjud. Shuningdek, 973 ta tadbirkor faoliyat koʻrsatadi. Tumanda 27 umumiy taʼlim maktabi, 5 ta maktabdan tashqari taʼlim markazi, 6 kasb-hunar kolleji, 2 bolalar sport maktabi bor. Sogʻliqni saqlash sistemasida 491 oʻrinli 3 ta shahar kasalxonasi, 5 poliklinika, tugʻruqxona, teri tanosil kasalliklari dispanseri, 33 dorixona aholiga xizmat koʻrsatadi. St.da Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiyot milliy banki, Sanoat qurilish banki, "Asakabank", Uy-joy jamgʻarma banki, Xalq banki boʻlimlari mavjud. Shahardagi eng yirik savdo majmualaridan Sergeli dehqon bozori, "Avtomakon" bozori, Poytaxt Sergeli savdo markazi ishlab turibdi. 8 kutubxona, 3 madaniyat uyi, Usmon Nosir va Yangi Sergeli madaniyat va istirohat bogʻlari, musiqa maktabi bor. 106 sport inshooti, shu jumladan, stadion, 5 suzish havzasi, 43 sport zali, 51 sport maydonchasi, 4 sogʻlomlashtirish sport majmuasi mavjud.

Tumanda qurilish ishlari, asosan, Toshkent zilzilasi (1966 y.)dan keyin boshlangan boʻlib, 1 va 2 qavatli yogʻoch uylar qurilgan. Sergeli turar joy dahasidagi 4 va 9 qavatli binolar 1980— 90 yillarda qad koʻtargan. St. turar joy fondining umumiy foydali maydoni 2718,5 ming m2 (2004).

Tumanning asosiy yoʻnalishi — umumshahar markazi bilan bogʻlaydigan Yangi Sergeli koʻchasi. Tuman hududida Choshtepa va Noʻgʻayqoʻrgʻon arxeol. yodgorliklari bor.