Kogon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kogon (1935 y.gacha Yangi Buxoro deb atalgan) — Buxoro viloyatidagi shahar (1929 y.dan); Kogon tumanining maʼmuriy markazi. Temir yoʻl tuguni. Kanpir devor qoldiqlari ichkarisidagi obod yerda. Viloyat markazi Buxorodan 12 km jan.-sharkda, Buxoro—Qarshi avtomobil yoʻli yoqasida. Shahar 220 m balandlikdagi tekis yerda joylashgan. Yanv.ning oʻrtacha t-rasi —0,6°, iyulniki 29,6°. Yillik yogʻin 125 mm. Hargush kanalidan suv oladi. Mayd. 14,7 km2. Aholisi 53,3 ming kishi (2002), asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholisining aksari qismi t.y. transportida ishlaydi.

Oʻtgan asrlarda K. oʻrnida shu nomda qishloq va yirik somon bozori boʻlgan. Shahar nomining kelib chiqishi ham shu somon bozori bilan bogʻliq degan taxminlar mavjud. Shundan kelib chiqib "kohkon" (koh fors. — somon), yaʼni somon koni atamasi haqiqatga yaqinroq. Keyinchalik bu nom oʻzgarib Kogonga aylangan boʻlishi mumkin. K. etimologiyasining boshqa, ishonchsiz variantlari ham bor. Shahar sanoat tarmoqlarining shakllanishi Buxoro amirligi davrida mahalliy aholi kuchi bilan qurilgan (1888) Zakaspiy (Krasnovodsk — Toshkent) t.y.ning Yangi Buxoro orqali oʻtishi bilan bogʻliq. 1920-y.

largacha K.da yogʻ zavodi qurilgan, toshbosma (unda Narshaxiyning "Buxoro tarixi" va b. asarlar bosilgan), t.y. idorasi qoshida maktablar, paxta firmalari, turli savdo banklarining boʻlimlari ochilgan. Keyingi davrda yangi sanoat korxonalari va madaniy obʼyektlar qurildi. Gazli —Kogon gaz quvuri oʻtkazildi, 1959 y.da gaz kompressor st-yasi barpo qilindi.

K.da 20 dan ortiq yirik korxona faoliyat koʻrsatadi. Paxta tozalash, yogʻ, gipsohak zavodlari, 2 avtokorxona, lokomotiv va vagon depolari va b. mavjud. K. avtomobil yoʻllari orqali viloyat markazi va b. shaharlar bilan bogʻlangan. Shaharda 10 umumiy taʼlim maktabi, litsey, kasbhunar maktabi, 2 madaniyat va istirohat bogʻi, 2 klub, 3 madaniyat uyi, 9 jamoat kutubxonasi, stadion, 20 dan ortiq sport inshootlari bor. 2 kasalxona (har 10 ming aholiga 33,6 vrach, 88,1 tibbiy hamshira) mavjud.

K.da tarixiy-meʼmoriy yodgorliklardan Shohmasjid, Shohinajib (Zirobod) masjidlari, Buxoro amiri Abdulahadxoniint 1894—1903 y. larda Yevropa va Sharq uslublarini uygʻunlashtirib qurdirgan hashamatli saroyi (1947 y.dan shahar temiryoʻlchilari madaniyat saroyi) saqlanib qolgan. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil