Koson tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Koson tumani
Касанский район
tuman
Tarkibida Qashqadaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Koson
Rasmiy tillar Oʻzbek
Koson tumani xaritada
Soat mintaqasi UTC+5

Koson tumani - Qashqadaryo viloyatida joylashgan tuman. 1926 yil 29 sentabr da tashqil etilgan. Samarqand viloyati, Muborak, Qarshi, Kasbi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,88 ming km². Aholisi 197,1 ming kishi (2003). Koson tumanida 1 shahar (Koson) va 9 qishloq fuqarolari yigʻini (Boʻlmas, Guvalak, Gulbogʻ, Doʻstlik, Koson, Obidida, Olachabob, Poʻloti, Tinchlik) bor (2003). Markazi — Koson shahri

Tabiati. Koson tumani hududi asosan, pasttekislik, adir va qir-choʻllardan iborat boʻlib, Qashqadaryoning quyi qismida, Qarshi choʻli zonasida, 450–500 m balandlikda joylashgan. Iqlimi kontinental iqlim. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 27—30°, yanvarniki 0 dan 1° gacha. Vegetatsiya davri 210—240 kun. Oʻrtacha yillik yogʻin 190–200 mm, asosan, bahor va qish oylarida toʻshadi. Orografik toʻsiklar yoʻkligi sababli sovuq havo oqimlari, asosan, qish oylarida Shimoli-sharq tomondan kirib keladi. Qashqadaryo Koson tumani bilan Kasbi tumani chegarasidan, Qarshi magistral kanali tuman hududidan oqib oʻtadi. Tuprogʻi och tusli boʻz va boʻz tuproq, shuningdek, taqir, shoʻrxok, qumoq tuproqlar ham mavjud. Bu tuproklar aralash uchraydi. Oʻsimliklardan shoʻra, shuvoq, qora shoʻra, yulgʻun, saksovul, isiriq, oq chitir, qizilmiya, oqbosh oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, quyon, tipratikan, toshbaqa, kaltakesak, echkemar, qum boʻgʻma iloni, chipor ilon bor. Qushlardan burgut, chumchuq, musicha, soʻfitoʻrgʻay, kaptar, mayna uchraydi. Hasharotlardan chayon, biy, qoraqurt bor.

Aholisining aksari qismi oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km² ga oʻrtacha 105 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 58,5 ming kishi (2003).

Xoʻjaligining asosiy tarmoqlari: qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, chorvachilik. Tumanda paxta tozalash zavodi, avtokorxonalar, non kombinati, yog-ekstraksiya zavodi, gʻoʻzapoyadan karton qogʻozi ishlab chiqariladigan oʻzbekxitoy qoʻshma korxonasi, "Istiqlol" savdo-sanoat korxonasi, gʻisht zavodi, qandolatpazlik va kulolchilik sexlari, bosmaxona, Koson, Poʻloti, Alatun dehqon bozorlari bor. 2 qoʻshma korxona, 67 kichik korxona, 2 kooperativ korxona, 9 qishloq xoʻjaligi kooperativi, 14 fermer xoʻjalik uyushmasi, Yerqoʻrgʻon parrandachilik fabrikasi mavjud. Qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerdar 144,9 ming ga, paxta 24,8 ming ga, gʻalla 26,7 ming ga yerga ekiladi. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 45,7 ming qoramol, 196,3 ming qoʻy va echki, 10,9 ming parranda, 1000 ga yaqin ot boqiladi (2003). Tumanda 93 umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 45,5 ming oʻquvchi taʼlim oladi. 5 kasb-hunar maktabi, 36 kutubxona, 12 ta madaniy muassasa mavjud. 865 oʻringa moʻljallangan 8 kasalxonada 274 vrach ishlaydi. Tugʻruqxona, poliklinika, dorixona bor. "Umid yulduzi" tuman gaz. 1998 yildan chiqadi (adadi 8200 dan ziyod).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil