Konimex tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Konimex tumani
Канимехский район
tuman
Tarkibida Navoiy viloyati
Maʼmuriy markazi Konimex (shaharcha)
Rasmiy tillar Oʻzbek
Konimex tumani xaritada
Soat mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998436
Avtomobil raqami kodi 85

Konimex tumani — Navoiy viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Konimex tumani viloyatning shimoli-gʻarbida joylashgan. Sharqdan Navbahor, shimoli-sharqdan Nurota, gʻarbdan Tomdi, Uchquduq, janubdan Qiziltepa tumanlari, gʻarbdan Buxoro viloyatining Gʻijduvon, Peshku tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 15,5 ming km2. Aholisi 36,9 ming kishi (2002). Tumanda 1 shaharcha (Konimex), 7 qishloq fuqarolari yigʻini (Boymurot, Sarjal, Uchtepa, Chordara, Yangiobod(Sho'rko'l), Yangiqazgan, Karaqota) bor. Markazi Konimex shaharchasi.

Tabiati[tahrir]

Relyefi, asosan, tekislik, koʻp qismi qumlik. Shimoli-sharqda Qizilqum choʻli, janubi va janubi-gʻarbda Zarafshon vodiysi bilan tutashgan. Tumanning gʻarbida Ovminzatovning sharqiy tarmoqlari joylashgan. Janubiy qismida Qaraqota botigʻi bor. Iqlimi quruq, keskin kontinental. Oʻrtacha temperatura iyulda 32—33°, yanvarda — 0—2°. Yiliga 100–150 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri qisqa. Tumanda oqar daryo yoʻq. Asosan, artezian suvlaridan foydalaniladi. Shoʻrkoʻl suv ombori qurilgan. Undan baliq ovlashda foydalaniladi. Tuprogʻi och tusli boʻz, shoʻrxok. Oʻsimliklardan efemer, efemeroidlar va butasimon oʻsimliklar, rang, qoʻngʻirbosh, astragal, selin, saksovul, quyonsuyak qabilar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyaboʻri, jayron, kemiruvchi va sudraluvchilar yashaydi. Tuman hududidagi Qizilqum qoʻriqxonasida toʻqay va choʻl landshaftlari majmuoti va u yerdagi nodir hayvonlardan buxoro bugʻusi (xongul) muhofazaga olingan.

Aholisi[tahrir]

Aholisi oʻzbek, qozoq, qoraqalpoqlar. Shuningdek, boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 2,4 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 8,4 ming kishi, qishloq aholisi 28,5 ming kishi (2002).

Xoʻjaligi[tahrir]

Tuman qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi — chorvachilik (qorakoʻlchilik). Gʻallachilik bilan ham shugʻullaniladi. Konimex tumanida fosfor kombinati, 100 dan ziyod kichik va xususiy korxona, 20 davlat korxonasi, oʻndan ortiq aksiyadorlik jamiyati mavjud.

Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 5,2 ming gektar, shundan 1,9 gektar yerga gʻalla ekiladi. 9 shirkat xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida qariyb 8,6 ming qoramol, 350 mingga yaqin qoʻy va echki, 2 mingdan ziyod tuya, 2,5 mingga yaqin ot boqiladi.

Tuman hududining asosiy qismini oʻrmon xoʻjaligi egallaydi (maydoni 1660 ming gektar). Daraxtlarning asosiy turi — saksovul, terak.

Tumanning oʻrta qismidan Navoiy — Uchquduq temir yoʻli kesib oʻtgan (uzunligi 212 km). Avtomobil transporti yoʻllari uzunligi qariyb 300 km. Tumanda 40 umumiy taʼlim maktabi (shundan 2 maktab-gimnaziya, 1 litsey-internat), kasb-hunar, sport maktabi, 23 kutubxona, 11 klub, tarix va oʻlkashunoslik muzeyi, bolalar madaniy markazi mavjud. 1 markaziy kasalxona (225 oʻrin) va boshqa tibbiy muassasalarda 90 vrach, 200 ga yaqin oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. „Konimex tongi“ tuman gazetasi 1930-yildan chiqadi (adadi 1500).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil