Samarqand tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Samarqand tumani
Mamlakat Oʻzbekiston
Maqomi tuman
Tarkibida Samarqand viloyati
Maʼmuriy markazi Gulobod
Rasmiy tillar Oʻzbekcha
Aholi (2012) 305 854
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 500 km²
Soat mintaqasi UTC+5
Rasmiy sayti

Samarqand tumani — Samarqand viloyatidagi tuman. 1926 y. 29 sent.da Yuqori Dargom nomi bilan tashkil etilgan. Shim.dan Oqdaryo, shim.sharqdan Jomboy, sharqdan Bulungʻur, jan.dan Urgut, gʻarbdan Nurobod, Pastdargʻom tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 500 km². Aholisi 305,9 ming kishi (2012)[1]. Tumanda 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Bogʻibaland, Dashtakibolo, Kattaqoʻrgʻonariq, Kulbapoyon, Oxunboboyev, Ogʻaliq, Ulugʻbek, Qaynama) bor (2004). Markazi — Gulobod qishlogʻi.

Tabiati. Tuman hududi viloyatning jan.sharqiy qismida joylashgan. Zarafshon daryosining chap sohilidagi vodiyda, shim.dan Samarqand shahriga tutash. Tuman asosan, tog oldi relyefiga ega, Ohakli, Mironkoʻl va qisman Sarikoʻl baland tekisliklaridan iborat. Zarafshon daryosi tumanning shim. qismini qoʻshni Oqdaryo tumanidan ajratib turadi. Oʻrtacha bal. 445 m. Adir, qir va qisman qumli yerlardan iborat. Foydali qazilmalardan togʻlarda ohaktosh, marmar, granit, gips, slyuda va volfram bor. Iklimi keskin kontinental. Oʻrtacha yillik tra 13,4°. Yanv.ning oʻrtacha temperaturasi 0,2°, iyulniki 25°. Eng yuqori tra 42°—44°, eng past tra —26°. Yillik yogʻin 321 mm. Vegetatsiya davri 215 kun. Tuproklari och tusli boʻz, oʻtloqi, oʻtloqibotqoq, allyuvial tuproklar. Bu yerlar qadimdan obikor dehqonchilik r-nidir. Tabiiy oʻsimliklardan qamish, savagʻich, qiyoq, bardi, roʻvak, bugʻdoyiq, ajriq, yulgʻun, shuvoq, yantoq va boshqa oʻsadi. Togʻlarda archazorlar, pista, irgʻay, zirk uchraydi, togʻ oʻtloqlari va yaylovlar bor. Yovvoyi hayvonlar kam qolgan: qushlardan kaklik, bulduruq, qirgʻiy, lochin, burgut, kalxat va h.k. bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 612 kishi (2004).

Xoʻjaligi. Tuman xoʻjaligi, asosan, Samarqand sh. aholisini sabzavot va poliz ekinlari, bogʻ, tokzor, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan taʼminlashga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Samarqand tumanida 828 xususiy korxona boʻlib shulardan 88 tasi yirik, 27 tasi oʻrta, 93 tasi kichik va 620 tasi mikrofirmadir. Ular savdo, umumiy ovqatlanish, kiyim tikish, poyabzal, teleradioapparatura, avtomobil va mebellarni taʼmirlash, maishiy xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadi.

Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi—dehqonchilik. Tumanda 9 shirkat va 1 jamoa, 419 fermer, 2 xususiylashtirilgan chorvachilik fermer xoʻjaliklari mavjud. Sugʻoriladigan yerlar 17,8 ming ga, shundan 7,8 ming ga yerga donli ekinlar, 4,9 ming ga yerga paxta, 2 ming ga yerga sabzavot, 2,9 ming ga yerga ozuqa ekinlari ekiladi, shuningdek, kartoshka, poliz ekinlari ham yetishtiriladi. Xoʻjaliklari Chap Qirgʻoq, Magistral, Dargʻom kanallari va Zarafshon daryosidan suv oladi. Tumanda qoramol, qoʻy va echki, parranda boqiladi.

Samarqand tumanida 2002/2003 oʻquv yilida 66 umumiy taʼlim maktabida 55 mingdan ziyod oʻquvchi, 3 oʻrta maxsus oʻquv yurtida 1270 oʻquvchi taʼlim oldi. 78 kutubxona, madaniyat uylari, 73 sport maydoni, Ogʻaliq togʻi soylari atroflarida dam olish maskanlari bor. Tumanda 6 kasalxona, 10 davolash muassasasi, 17 feldsherakusherlik punkti, 15 qishloq vrachlik punkti mavjud boʻlib, ularda 222 vrach ishlamoqda.

1947 yildan tuman "Sharq tongi" gaz. nashr qilinadi (adadi 1000).[2]

Manbalar[tahrir]

  1. Самарқанд тумани
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil