Oʻrta Chirchiq tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻrta Chirchiq tumani
ruscha: Уртачирчикский район
tuman
Tarkibida Toshkent viloyati
Maʼmuriy markazi Nurafshon
Rasmiy tillar Oʻzbek
Oʻrta Chirchiq tumani xaritada
Soat mintaqasi UTC+5
Rasmiy sayti https://t.me/urta_chirchiq_hokimligi
Koordinatalari: 41°2′34.4″N 69°21′26.6″E / 41.042889°N 69.357389°E / 41.042889; 69.357389 G O

Oʻrta chirchiq tumani — Toshkent viloyatidagi tuman. Hududining koʻp qismi Chirchiq daryosi bilan Toshkent kanali oraligʻida joylashgan. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Shim.sharqda Yuqori Chirchiq, sharqda Ohangaron tumanlari, shimolida Toshkent shahri, Zangiota tumani, gʻarbda Quyi Chirchiq, jan. da Oqqoʻrgʻon va Piskent tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,51 ming km2. Aholisi 163,4 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Nurafshon), 2 shaharcha (Tuyaboʻgʻiz, Yangihayot), 13 qishloq fuqarolari yigʻini (Angor, Doʻstlik, Istiqlol, Navoiy, Oxunboboyev, Oqota, Uyshun, Paxtakor, Paxtaobod, Yunuchqala, Yangiturmush, Oʻrtasaroy, Qorasuv) bor. Tuman markazi — Nurafshon shahri.

Tuman hokimi-Ixtiyor Qosimov[1]

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman hududi Chirchiq daryosining chap sohilidagi tekislikda joylashgan. Iqlimi kontinental. Qishi sovuq, yozi issiq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0—4°C, eng past temperatura 19 °C, —20°C. Iyulniki 28—30°C, eng yuqori temperatura 41—42°C. Oʻrtacha yillik yogʻin 450-460 mm. Vegetatsiya davri 300 kun. Tuman hududidan Polvonov nomidagi Toshkent, Qorasuv kanallari, shim.gʻarbidan Chirchiq daryosi oqib oʻtadi. Bir necha kollektor bor. Tuman janubida Tuyaboʻgʻiz suv ombori („Toshkent dengizi“) joylashgan. Tuproqlari boʻz tuproq. Yovvoyi oʻsimliklardan shoʻra, qamish, yulgʻun va boshqalar oʻsadi. Hayvonlardan chiyaboʻri, tulki, yumronqoziq, suvilonlar uchraydi.

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qozoq, tatar, rus, koreys va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 320,3 kishi (2004). Shahar aholisi 38,7 ming kishi, qishloq aholisi 124,7 ming kishi.

Sanoati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumanda yirik, oʻrta biznes, 125 kichik korxona va 1143 mikrofirmalar faoliyat koʻrsatadi. Oʻzbekiston — Koreya „Kabul — Toʻytepa LTD“ ip yigiruv — toʻquv (qarang "Kabul tekstaylz"), Oʻzbekiston — Germaniya „Xakipet“, „Xusayn Mirzo“, qoʻshma korxonalari ishlab turibdi. Oʻrta Chirchiq tumani birlashmalari, metallkonstruksiyalari, temirbeton, asfaltbeton, 2 paxta tozalash zd, MTP, tikuvchilik fabrikasi, don qabul qilish korxonasi bor. 13 jamoa xoʻjaligi, oʻquv tajriba korxonasi faoliyat koʻrsatadi.

Qishloq xoʻjaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan. Oʻrta Chirchiq tumani da jami sugʻoriladigan 28,6 ming ga yerga paxta, 11,5 ming ga yerga don, shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz, ozuqa ekinlari, beda ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarda 32 ming qoramol, shuningdek, 321,7 ming qoʻy va echki, 205,2 ming parranda, 21,7 ming yilqi boqiladi (2005).

Taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Chirchiq tumanida Respublika sholikorlik ilmiy tadqiqot instituti, 74 umumiy taʼlim, bolalar sanʼat, sport maktablari, akademik litsey, gimnaziya, 2 kasb-hunar kolleji faoliyat koʻrsatadi. Tuman markaziy kutubxonasi, markaziy madaniyat uyi, 2 madaniyat va istirohat bogʻi, 8 klub muassasasi bor. 3 stadion, sport zallari, otish tirlari, futbol, voleybol, basketbol, qoʻl toʻpi maydonchalari mavjud. 72- va 3-maktablar maʼlum fanlarga ixtisoslashtirilgan.[2]

Sogʻliqni saqlash tizimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman markaziy kasalxonasi, 3 poliklinika, tugʻruqxona, dorixona, 20 qishloq vrachlik punktlari, 21 feldsherakusherlik punktlari aholiga xizmat koʻrsatadi.

Transport yoʻllari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Chirchiq tumani avtomobil yoʻllari orqali Toshkent shahri va boshqalar shaharlar bilan bogʻlangan. Tuman hududidan Toshkent — Angren temir yoʻl oʻtadi. 1932-yildan „Mashʼal“ tuman gaz. chop etiladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „O‘rta Chirchiq tumaniga yangi hokim tayinlandi“ (oʻzbekcha). Kun.uz. Kun.uz (9-aprel 2022-yil). Qaraldi: 14183.
  2. „Oʻrta Chirchiq tumanida ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi“ (oʻzbekcha). https://yuz.uz/uz/ 1. Yangi O'zbekiston (16 noyabr 2020). Qaraldi: 6-avgust 2022-yil.