Qorakoʻl tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Buxoro viloyati |
Maʼmuriy markazi | Qorakoʻl (shahar) |
Asos solingan sanasi | 1926 |
Hokimi | Sherali Salomov Husenovich[1] |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
![]() | |
Koordinatalari: 39°30′36″N 63°50′46″E / 39.51000°N 63.84611°E G O |
Qorakoʻl tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatidagi tuman. Shimoliy va Shimoli-sharqdan Jondor tumani, janubi-sharqdan Olot tumani, janubiy va gʻarbdan Turkmanistonning Lebap viloyati, shimoli-gʻarbdan Romitan tumani bilan chegaradosh. Maydoni 9,84 ming km². Aholisi 145,3 ming kishi (2013). Tumanda 8 ta shaharcha (shahar tipidagi pasolka), 42 ta qishloq fuqarolar yigʻini (Sayot, Shoʻrobod, Qulonchi, Qorakoʻl, Qozon, Dargʻali, Quyi Yangibozor, Quvvacha, Chandirobod, Jigʻachi, Qoraxoji, Qoraun, Chovli, Mallaishayx, Ziyorat, Bandboshi), 50 ta mahalla fuqarolar yigʻini bor. Markazi — Qorakoʻl shahri.[2]
Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Qorakoʻlni tarixiyda Paykent, Baykand va Qorakoʻl deb ham atashgan. Bir necha ming yillik „Zamon bobo“ madanyati ham Paykentda joylashgan. Paykent Islom dini kirib kelishidan oldin Turk xoqonliklari davrida saltanat markazlaridan boʻlgan. Arab tilida „p“ harfi mavjud boʻlmagani uchun uni Arab manbalarida „Baykand“ deb atashga boshlashgan. An-Narshaxiy (X asr) da yashab ijod qilgan tarixnavis olim Paykent haqida quyidagicha yozadi: Baykant (Paykant) — buni shaharlar jumlasidan deb hisoblaydilar. Baykant aholisi biron kishini Baykantni qishloq deb atashiga rozi boʻlgan emas. Baykandda katta Masjidi-Jomeʼ va oliy imoratlar boʻlgan. 240 hijriy(milodiy 854-855) yilgacha Baykant darvozasi oldida koʻp rabotlar boʻlgan. Baykant aholisini hammasi savdogarlar boʻlgan. Ular Xitoy bilan va dengiz bilan boradigan mamlakatlar bilan savdo qilishgan, juda boy boʻlishgan. Qutayba ibn Muslim Baykand juda mustahkam boʻlgani uchun olishga juda qiynaldi. Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon oʻz davrida Baykantdni qayta qurishga buyirda, koʻplab oliy imoratlar va Xoqon (Arslonxon) uchun juda hashamatli saroy qurildi. Baykandda juda koʻplab qamishzorlar va suv xaqoblari tutashgani uchun uni „Keng havz“ deganlar, Qorakoʻl ham deb atashgan. Qorakoʻldagi koʻplab tarixiy obidalar mustabid Qizil imperiya davrida vayron qilindi. 1926-yil 29 — sentabrda Buxoro viloyati tarkibidagi tuman sifatida Qorakoʻl tumani qayta tashkil qilindi.
Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]
Tuman hududi Zarafshon daryosining quyi qismida, viloyatning janubidagi Qorakoʻl vohasida joylashgan. Sharqiy qismi 200-300 m dan baland boʻlmagan qirlar, shimoliy va shimoli-gʻarbiy qismi Qizilqum choʻli, Qorakoʻl va Mohonkoʻl vohalari bilan band. Tuproqlari, asosan, boʻz tuproqlar. Qorakoʻl va Mohondaryoning quruq oʻzani oʻtloqi boʻz, qumoq boʻz tuproqlar, allyuvial yotqiziqlardan iborat. Botiqlarda shoʻrxoklar, tuzli massivlar (Zamontov) bor, gʻarbiy qismini taqir, qum dyunalari va barxanlar egallagan. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 1,8°, eng past temperatura —33°, iyulning oʻrtacha temperaturasi 28,5°, eng yuqori temperatura 45,3°. Vegetatsiya davri 213 kun. Yillik yogʻin 150-200 mm, koʻp qismi bahor va qishda yogʻadi. Yovvoyi oʻsimliklardan efemer va efemeroidlar, boyalich, kovrak, shoʻra, shuvoq, isiriq, qandim, yaltirbosh, rang, sak-sovul va yulgʻun oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan yumronqoziq, echkemar, qobon, tulki, qoʻshoyoq, toshbaqa, qum boʻgʻma iloni, charxilon va boshqa yashaydi. Qushlardan qargʻa, toʻrgʻay, tuvaloq, hakka, musicha, chugʻurchiq, bulbul uchraydi. Yovvoyi hayvonlar muhofaza qilinadigan qoʻriqxona bor. Ekin maydonlari Amu-Qorakoʻl mashina nasos stansiyasidan sugʻoriladi. Zarafshon daryosining quyi oqimi — Qoraqoʻddaryo, asosan, yer osti suvlarini oqizuvchi kollektor vazifasini bajaradi. Foydali qazilmalardan gil, qumtosh, shagʻal, tuz, neft va gaz bor.
Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, turkman, tatar, rus, qozoq oʻzbeklashgan arab va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 14,8 kishi. Shahar aholisi 20,9 ming kishi, qishloq aholisi 104,1 ming kishi (2005).
Xoʻjaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Tumanda paxta tozalash, gʻisht zavodlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, neft bazasi, don mahsulotlari aksiyadorlik jamiyati, dehqon bozori ishlab turibdi. Kichik, oʻrta va yirik biznes korxonalari, mikrofirmalar, „Qorakoʻl teks“ qoʻshma korxonasi faoliyat koʻrsatadi.
Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, polizchilik. Pillachilik ham rivojlangan. Shirkat, dehqon, fermer xoʻjaliklari mavjud. Sugʻoriladigan maydonlarga paxta, gʻalla, kartoshka, sabzavot va poliz, yem-xashak ekinlari ekiladi. Mevazor, tokzor, tutzorlar bor. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, parranda, shuningdek, tuya boqiladi.
Maorifi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Q.tla 49 umumiy taʼlim maktabi, bolalar musiqa maktabi, kasb-hunar kollejlari, bitta akademik litsey, tuman markaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari, klub muassasalari, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bogʻi bor. Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, tugʻruqxona, qishloq vrachlik, felsher-akusherlik punktlari, ambulatoriyalar, dorixonalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Qorakoʻl tumani orqali xalqaro temir yoʻl va avtomobil yoʻllari oʻtgan. Shu bilan birga bitta mahalliy ayroport bor. Tuman markazi bilan qishloqlar orasida hamda Buxoro va Qorakoʻl shaharlari oʻrtasida avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.
Matbuoti[tahrir | manbasini tahrirlash]
1931-yildan „Qorakoʻl sadosi“ tuman gaz. chop etiladi (adadi 1125).
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- ↑ Buxoro viloyati Qorako`l tumani hokimligi
- ↑ Isroil Nazarov, Umar Rashidov. „Qorakoʻl tumani“ OʻzME. Q-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
|
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |