Dehqonobod tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Dehqonobod tumani
Дехканабадский район
tuman
Tarkibida Qashqadaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Karashina
Dehqonobod tumani xaritada
Soat mintaqasi UTC+5

Dehqonobod tumani – Qashqadaryo viloyatida joylashgan boʻlib, 1926 yil 29 sentabr da tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Gʻuzor tumani bilan birlashtirilgan. 1971 yil 31 avgustda qayta tuzildi). Dehqonobod tumani viloyatning janubi-sharqida joylashgan. Shim.-gʻarbda Gʻuzor tumani, shimoli-sharqda Qamashi tumani, janubi-sharqda Surxondaryo viloyati, gʻarbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 4,0 ming km2. Aholisi 100,3 ming kishi (2000). Dehqonobod tumanida 1 ta shaharcha (Qarashina), 14 qishloq fuqarolari yigʻini (Beshqoʻton, Bibiqorasoch, Bozortepa, Boshchorboq, Duob, Qarashina, Obiravon, Oqirtma, Oqrabot, Oqtosh, Oqqishloq, Qizilcha, Qirqquloch, Qoʻrgʻontosh) bor. Markazi – Qarashina shaharchasi.[1]

Tabiati. Relyefi oʻrtacha balandlikdagi togʻlar (Hisor tizmasining gʻarbiy tarmoqlari – Bobosurxon, Qorasirt), past togʻlar (Oqtosh, Sayfi, Kesik, Usmontov, Tepaqoʻrgʻon) va togʻ oldi qiya tekisliklaridan iborat. Tumanda neft, gaz, osh tuzi (Boybichakon, Govxona), kaliy tuzi (Odamtosh, Tepaqoʻton) va qurilish materi-allari (ohaktosh, shagʻal, gips) mavjud. Iqlimi kontinental iqlim. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi – 0,6°, iyulniki 28,4°. Yiliga oʻrtacha 277 mm yogʻin tushadi. Tuman hududidan Gʻuzor daryosining irmoqlari: Katta Oʻradaryo va Kichik Oʻradaryo oqib oʻtadi. Tumanning janubi-gʻarbiy qismida yozda qurib qoladigan Qizilcha va Gajaksoy kabi soylar bor. Pachkamar, Dehqonobod suv omborlari qurilgan. Dehqonobod tumanining togʻli qismida yupqa togʻ-qoʻngʻir tuproq, togʻ oldi va tekislik qismida och boʻz tuproq (baʼzan shoʻrxok va qumoq tuproqlar) uchraydi. Tuman hududida archa, zarang, uchqat oʻsadi. Past togʻ etaklarida pistazorlar bor. Shuvoq, shoʻra, yantoq, efemerlar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tuman togʻli qismida qoplon, ayiq, qobon, togʻ echkisi, boʻri, tulki, jayra, sugʻur va b. uchraydi. Kemiruvchilardan kala-mush, sichqon, qushlardan kaklik va b. yashaydi.

Aholisi, asosan oʻzbek va tojiklardan iborat. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 24,4 kishi. Shaharliklar 7,4 ming kishi.

Xoʻjaligining asosini chorvachilik va dehqonchilik tashkil qiladi. Ekin maydon 47,4 ming ga, koʻp yillik daraxtzorlar 2,1 ming ga, yaylovlar 237,4 ming ga. Yaylovlarda qorakoʻl qoʻylari, hisori qoʻylar, angor zotli echkilar, qoramol, yilqi boqiladi. Dehqonobod tosh kesish karyeri, junni qayta ishlash zdi, konserva tay-yorlash sexi mavjud. Tuman hududidan Katta Oʻzbekiston trakti, Gʻuzor – Kumqoʻrgʻon temir yoʻl oʻtgan.

2000/01 oʻquv yilida 88 umumiy taʼlim maktabi, kasb-hunar kolleji, internat litseyi faoliyat koʻrsatdi. Tumanda "Togʻ goʻzali" ashula va raqs ansambli, "Koʻngʻirot" folklor et-nografik ansambli, 27 kutubxona, 11 qishloq klubi bor. Markaziy kasalxona, 6 qishloq uchastka shifoxonasi, 56 qishloq feldsher-akusherlik shoxobchasi, 7 qishloq vrachlik punkti, 7 dorixona mavjud boʻlib, 650 ga yaqin oliy va oʻrta maʼlumotli tib-biy xodim ishlaydi. 1972 yildan "Dehqonobod ovozi" tuman gaz. chiqadi (adadi 2000).

Manbalar[tahrir]

  1. "Dehqonobod tumani" OʻzME. D-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil