Ishtixon tumani
| ||
tuman | ||
---|---|---|
Tarkibida | Samarqand viloyati | |
Maʼmuriy markazi | Ishtixon | |
Asos solingan sanasi | 08.05.1943 | |
Rasmiy tillar | Oʻzbek | |
Aholi | 218431 ming kishi | |
Dinlar tarkibi | musulmonlar | |
Maydoni | 0.72 ming km.kv km² | |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 | |
Telefon kodi | +9986662 | |
Avtomobil raqami kodi | 30...-40 | |
Rasmiy sayti | [1] | |
Xaritada | ||
![]() | ||
39°57′59″N 66°29′10″E / 39.96639°N 66.48611°E |
Ishtixon tumani – Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand viloyatidagi tuman. Samarqand shahridan 68 km. uzoqlikda. Kattaqoʻrgʻon, Payariq, Qoʻshrabot, Pastdargʻom kabi tumanlar bilan chegaradosh. Markazi – Ishtixon shahri. Umumiy 0,72 ming kv.km yer maydoniga ega.
Aholisi 2013-yilda 218,431 ming kishini tashkil qilgan. Shundan 64,447 kishi shahar joylarda, 154,043 kishi qishloq joylarda yashaydi. Aholisi asosan oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, ukrain, koreys, arman, tatar va boshqa millatlar yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km.kv ga 303.3 kishi[2].
Mamuriy tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tumanda 1ta shahar (Ishtixon), bir shaharcha (Mitan), 9 ta qishloq fuqarolari yigʻini (Zarband, Azamat, Fayziobod, Ravot, Xalqobod, Oʻrtaqishloq, Chordara, Haqiqat, Qurli), 12 ta pasyolkalar (Mitan, Damariq, Azamat, Qirqyigit, Baxrin, Odil, Xalqobod, Sugʻot, Shayxislom, Yangirobot, Shayxlar, Yangikent), 62 ta mahalla fuqoralar yigʻini va 169 ta qishloq aholi punktlaridan iborat[3].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ishtixon Zarafshon vodiysidagi qadimgi shahar boʻlib, Oqdaryo va Qoradaryo oraligʻidagi Miyonqol vohasida joylashgan. Barpo boʻlgan yili nomaʼlum. Ilk feodalizm davrida mustaqil hokimlik markazi boʻlgan. Keyinchalik Sugʻdiyona tarkibiga kirgan. Arablar tomonidan Samarqand bosib olingach, Ishtihonni soʻgʻd ixshitlari poytaxt qilgan. Aynan „Ishtixon“ nomi ham "ishxit hon " soʻzidan kelib chiqqan. X asrda shahriston, Ishtixon qaʼla va rabotdan iborat katta shahar boʻlgan. Tarixda savdo-sotiq rivojlangan, atrofi bogʻlar, qishloqlar, dalalar bilan oʻralgan. Zarafshon daryosidan Ishtixonga kanal orqali suv kelgan. Keyinchalik Ishtixon shahri xarobaga aylanib, uning oʻrnida Ishtixon qishlogʻi paydo boʻlgan. Ishtixon tumani 1943-yil 18-mayda Oqdaryo tumanining Boday, Oʻrtaqishloq, Shayxlar, Qatagʻon, Qoradaryo tumaninning Tallizigʻir, Oqtepa, Sarbozor, Sugʻot, Gadoytopmas,Tarvuztavoq qishloq kengashlaridan tashkil etilgan. Oʻsha vaqtda tuman tarkibiga jami 11 ta qishloq kengashi, 42 ta j/x kiritilgan. Ishtixon tumanida tarixiy oʻlkashunoslik muzey 1979-yil 18-mayda ochilgan. Muzey 4 ta zaldan iborat: tarix zali, oʻlkashunoslik zali, mustaqillik zali va etnografik zali boʻlib, muzeyda 1315 ta eksponat saqlanmoqda.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ishtixon qadimiy Miyonqol hududida joylashgan. Shimoliy qismi adirlardan iborat boʻlib, Nurota togʻlarining janubiy tekisliklari bilan tutashgan. Miyonqol, Xatirchi, Qorasuv, Yangikent, Xonming kabi kanallar tuman boʻylab oqib oʻtadi. Yangikent va Xoʻjaariq kanallaridan yerlar sugʻoriladi[3].
Sanoati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tumanda mahalliy xom ashyoni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan korxonalar faoliyat olib boradi. Mitan shaharchasida paxta tozalash zavodi, konserva, gʻisht zavodlari, „Alnosir“ nomli qoʻshma korxona mavjud boʻlib, firma va aksiyadorlik jamiyat, 138 kichik va xususiy korxonalari faoliyat koʻrsatadi. Toshkent – Buxoro avtomobil yoʻli (40 km) tuman hududidan oʻtadi. Ishtixon – Mitan – Oqtepa, Ishtixon – Kattaqoʻrgʻon va boshqalar yoʻnalishlarda avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyilgan.
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman qishloq xoʻjaligida paxtachilik asosiy oʻrin egallaydi. Tuman dehqon-fermer xoʻjaliklari gʻallachilik, shirkat, chorvachilik, pillachilik, polizchilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik bilan ham shugʻullanadi. Tumanda ijara xoʻjaligi, 21 shirkat va fermerlar uyushmasi bor. Tuman shaxsiy xoʻjalik va shirkatlarida qoʻy, qoramol va echki boqiladi. Ishtixonda 100 ga yaqin maktab, 60 dan ortiq kutubxona, bir necha madaniyat uylari, 30 ga yaqin klub, muzey, madaniyat va istirohat bogʻi bor. Ishtixonda tuman markaziy kasalxonasi (570 oʻrin, 305 vrach, Mitan shaharchasida filiali bor), qishloq vrachlik ambulatoriyalari, 24 qishloq vrachlik punkti, poliklinikalar xizmat koʻrsatmoqda. „Mingyongʻoq“ sanatoriysi mavjud. 1934-yildan „Ishtixon ovozi“ tuman gazetasi chiqa boshlaydi (adadi 2300).
Diqqatga sazovor joylari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Polvon ota ziyoratgohi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ishtixon tumani Mitanda joylashgan „Polvon Ota“ jome masjidi ziyoratgoh-qadamjo hisoblanadi. Eski masjidning qachon qurilganligi maʼlum emas. Hozirgi binosi 1989—1990-yillarda hashar yoʼli bilan barpo etilgan. Masjidning shimol tarafida „Polvon Ota“ (Ahmad Zamjiy) maqbarasi joylashgan. Maqbara eskidan mavjud boʼlib, oldingi holati kichik va pastkam ikkita binodan iborat chilla xona va maqbaradan tashkil topgan. Bu imorat ham 2001—2002-yillarda buzib tashlanib, pishiq gʼishtdan yorugʼ va koʼrkam qilib qayta qurilgan. „Polvon Ota“ (Ahmad Zamjiy) kim boʼlgani va qachon, qayerda tugʼilib, vafot etgani nomaʼlum. Mazkur maqbara mahalliy xalq tomonidan eʼzozlanib, ziyorat qilinadi. Masjidning oʼzida „Polvoni Ahmad Zamjiy daftari soniy“ nomli eski oʼzbek yozuvidagi kitob saqlanib, unda asosan jangnoma voqealari bayon etilgan. Ahmad Zamjiy Hazrat Ali (karramallohu vajhah)ning oʼgʼli Muhammad Hanafiyning nabirasi boʼlgan. Abu Muslim Kutayba bilan zamondosh boʼlib, janglarda yelkadosh boʼlgani aytiladi. Qabri Mitandan tashqari Xivada ham borligi, Ahmad Abdol deb atalishi rivoyat qilinadi. Vafotidan soʼng jasadi turli shahar shohlari tomonidan talash boʼlganligi uchun vasiyatiga binoan yetti dona tobut yasatilib yetti tomonga berib yuboriladi va tobut ochilganda hammasida jasadlari borligi maʼlum boʼladi. Xalq tomonidan aytilgan qisqacha maʼlumot shulardan iborat boʼlib, aniq, ilmiy asoslangan maʼlumot mavjud emas[4].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ ishtihon.samarqand.uz
- ↑ „ISHTIXON VATANIM“. ok.ru. ok.ru. Qaraldi: 8-fevral 2025-yil.
- ↑ 3,0 3,1 „ИШТИХОН ТУМАНИ“. qomus.info. qomus.info. Qaraldi: 7-fevral 2025-yil.
- ↑ „Зиёратгоҳлар“. ishtixon.uz. ishtixon.uz. 2023-yil 8-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 7-fevral 2025-yil.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ishtixon tuman hokimligining rasmiy veb sayti
- Ishtixon tumanining rasmiy telegram sahifasi
- Ishtixon tumani haqida
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |